هُوَ ٱلَّذِى خَلَقَكُم مِّن تُرَابٍ ثُمَّ مِن نُّطْفَةٍ ثُمَّ مِنْ عَلَقَةٍ ثُمَّ يُخْرِجُكُمْ طِفْلًا ثُمَّ لِتَبْلُغُوٓا۟ أَشُدَّكُمْ ثُمَّ لِتَكُونُوا۟ شُيُوخًا ۚ وَمِنكُم مَّن يُتَوَفَّىٰ مِن قَبْلُ ۖ وَلِتَبْلُغُوٓا۟ أَجَلًا مُّسَمًّى وَلَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U sizni tuproqdan, so`ngra nutfadan, so`ngra (yopishqoq) laxta qondan yaratgan Zotdir. So`ngra U sizni buvak holingizda chiqarur. So`ngra kamolga yetishingiz uchun, so`ngra qari bo`lishingiz uchun (ulg`aytirur). Sizning ichingizda undan oldin vafot etadiganlar ham bo`lur. (Bular) belgilangan ajalga yetishingiz uchundir. Shoyadki, aql yuritsangiz.У сизни тупроқдан, сўнгра нутфадан, сўнгра (ёпишқоқ) лахта қондан яратган Зотдир. Сўнгра У сизни бувак ҳолингизда чиқарур. Сўнгра камолга етишингиз учун, сўнгра қари бўлишингиз учун (улғайтирур). Сизнинг ичингизда ундан олдин вафот этадиганлар ҳам бўлур. (Булар) белгиланган ажалга етишингиз учундир. Шоядки, ақл юритсангиз.Alauddin Mansour: U sizlarni(ng otangiz Odamni) tuproqdan, soʻngra (uning barcha avlodlarini) nutfadan, soʻngra laxta qondan yaratgan Zotdir. Soʻngra U sizlarning (onalaringiz qornidan) chaqaloq holingizda, (yorugʻ dunyoga) chiqarur, soʻngra (U zot) sizlarni voyaga yetishlaringizga, soʻngra qarib-qartayishingizga (qoʻyib berur). Sizlarning orangizda (voyaga yetishdan, yoki keksalik yoshidan) ilgari vafot topadigan kishilar ham boʻlur. (U zot) sizlarni belgilangan ajalga yetishlaringizga (qoʻyib berur). Shoyadki, aql yurgizsangizlar.У сизларни(нг отангиз Одамни) тупроқдан, сўнгра (унинг барча авлодларини) нутфадан, сўнгра лахта қондан яратган Зотдир. Сўнгра У сизларнинг (оналарингиз қорнидан) чақалоқ ҳолингизда, (ёруғ дунёга) чиқарур, сўнгра (У зот) сизларни вояга етишларингизга, сўнгра қариб-қартайишингизга (қўйиб берур). Сизларнинг орангизда (вояга етишдан, ёки кексалик ёшидан) илгари вафот топадиган кишилар ҳам бўлур. (У зот) сизларни белгиланган ажалга етишларингизга (қўйиб берур). Шоядки, ақл юргизсангизлар.
Bu oyatda kibrga ketib, oʻzini unutgan, Allohni–xoliqini tan olmay qoʻygan insonga asli, ojizligi eslatilmoqda.
«U sizni tuproqdan, soʻngra nutfadan, soʻngra (yopishqoq) laxta qondan yaratgan zotdir.»
Oʻzidan ketib, Allohni inkor qilayotgan odam bir vaqtlar umuman inson degan zotning oʻzi boʻlmaganini bir oʻylab koʻrsin. Hech kim hozirgacha «Inson azaldan bor edi», degan gapni aytgan emas. Demak, yoʻq narsa bor boʻlishi uchun kimdir uni yaratishi kerak. Bir vaqtlar yoʻq boʻlgan insonni kim bor qildi? Bu savolning birdan-bir javobi: «Insonni ham dunyodagi barcha narsalarni yaratgan Alloh xalq etgandir», deyishdir. Alloh taolo insonni dastavval tuproqdan yaratganini aytmoqda. Tuproq hayotning asli hisoblanadi. Darhaqiqat, inson jismidagi mavjud moddalar tuproqdagi moddalardan ekanligi ilmiy tadqiqotlarda ham zohir boʻldi. Inson tanasini jon tark etgach, jasadining tuproqqa qoʻshilib ketishi ham bejiz emas.
Insonni tuproqdan yaratib, yoʻqdan bor qilgan Alloh, soʻngra uni bir-biri bilan qoʻshilish orqali koʻpayadigan qilib qoʻydi va yangi insonning yaralishiga nutfani (sperma suvini) sabab qildi. Oʻsha urugʻlik suvi ayoldagi tuxumga urchishi orqali homila paydo boʻladi.
Bu ishlarning bajaruvchisi Alloh taolodir. Erkagu ayolni Alloh yaratgan. Erkakda nutfani ham Alloh paydo qilgan. Ayoldagi tuxumni ham. Erkakdagi nutfani ayolning tuxumiga urchitgan ham Alloh. Allohdan boshqa hech kim urchita olmaydi. Alloh urchishini xohlamagan barcha nutfa va tuxumlar nobud boʻlishga mahkumdir.
Urchigan nutfa va tuxumni «alaqa» (yopishqoq laxta qon) shakliga solib, homilaga aylantiruvchi ham Alloh. Oyati karimadagi «alaqa» degan soʻzni avvalgi tafsirlarimizga suyangan holda «yopishqoq laxta qon» deb tarjima qildik. Agar arab qomuslarining sof izohlari asosida tarjima qilsak, unga «zuluk» deb maʼno berish kerak boʻlardi va oʻqigan odamlarda «Onaning bachadonida zuluk nima qiladi, zuluk qon soʻruvchi hayvon-ku», degan fikr tugʻilar edi. Ehtimol, shuning uchun ham, tafsirchilarimiz «alaqa» zuluk ekanini juda yaxshi bilganlari holda, unga laxta qon, parcha qon, deb maʼno bergan boʻlsalar kerak. Bu tushuncha hozirgacha davom etib kelmoqda.
Ammo, umuman kutilmagan tarafdan yangi maʼlumot chiqib qoldi. Homilani oʻrganish ilmi rivojlanib, olimlar bachadondagi homilaning turli holatlarini suratga tushirishga muvaffaq boʻldilar. Qurʼoni Karimda «alaqa» deb vasf qilingan bosqich suratga olinganida, homila zuluk shaklida boʻlib, bachadonga yopishib turishi koʻrilgan. Bu holat oʻrganilganida esa, «alaqa» (zuluk) bachadon devoriga yopishib olib, undan kerakli moddani soʻrishi aniqlangan. Bu kashfiyot homila boʻyicha dunyodagi eng katta mutaxassislarning musulmon boʻlishiga yoki Islomga yaqinlashishiga sabab boʻldi. Ular shundan keyin homila haqidagi Qurʼon oyatlarini yana ham eʼtibor bilan oʻrganib chiqdilar. Oxir-oqibat, homila haqida Qurʼonda kelgan maʼlumot hozir biz toʻplagan bilimlardan ancha ustun ekan, degan qarorga keldilar. Insonni yaratgan Zot uni uning oʻzidan koʻra yaxshi bilgani shu-da. Ushbu haqiqat insonga kibru havodan qaytishi, oʻzining kim ekanini eʼtirof qilishi, Robbini tan olishi uchun yetarli emasmi?!
«Soʻngra U sizni buvak holingizda chiqarur.»
Alloh onaning qornida yaratgan, qudrati ila oziqlantirib, inson shakliga solgan jonni yorugʻ dunyoga chiqarishni kim eplay oladi? Agar Alloh taoloning Oʻzi yoʻl bermasa, bu ishning roʻyobga chiqishiga aql bovar qilmaydi.
Insonning nutfalik paytidan boshlab, to onasidan tugʻilguniga qadar har bir lahzada Alloh taoloning inoyati u bilan birga boʻladi. Agar ushbu ilohiy inoyat biror lahzaga ajrasa, u inson boʻlib tugʻila olmaydi, balki oʻsha lahzaning oʻzidayoq oʻlik boʻlib, bachadondan tushib ketadi. Ammo, nobakor inson bularni oʻylamay, Robbini inkor etadi.
«Soʻngra kamolga yetishingiz uchun, soʻngra qari boʻlishingiz uchun (ulgʻaytirur).»
Onadan eson-omon tugʻilib olishi bilan odam bolasining ishi bitmaydi. Tugʻilgandan keyingi ishlarni ham yolgʻiz oʻzi amallay olmaydi. Ota-onasi yoki boshqalarning ham qoʻlidan kelmaydi. Inson tugʻilganidan keyin ham umrining har bir lahzasida Alloh taoloning inoyatiga muhtojdir. Alloh taoloning inoyatidan ajragan lahzada inson ado boʻladi. Bu haqiqat oyatning davomida bayon qilinmoqda:
«Sizning ichingizda undan oldin vafot etadiganlar ham boʻlur».
Yaʼni, ey odamlar, sizning ayrimlaringiz kamolga yoki qarilikka yetishdan oldin vafot etib ketadi. Har lahzada tushayotgan homilalar, oʻlayotgan bolalar, yoshlar buning dalilidir.
«(Bular) belgilangan ajalga yetishingiz uchundir.»
Har bir inson uchun belgilab qoʻyilgan ajal bor. Ana oʻsha ajalga yetguncha yashaydi. Bu ham Alloh taoloning ishidir.
«Shoyadki, aql yuritsangiz.»
Shoyadki, ushbu haqiqatlar ustida aql yuritib, oʻzingizning kim ekaningizni anglab, Robbingizga ibodat qilsangiz.