وَيُرِيكُمْ ءَايَـٰتِهِۦ فَأَىَّ ءَايَـٰتِ ٱللَّهِ تُنكِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va U zot sizlarga O`z oyat(belgi)larini ko`rsatur. Bas, Allohning qaysi oyat(belgi)larini inkor qilursizlar?!Ва У зот сизларга Ўз оят(белги)ларини кўрсатур. Бас, Аллоҳнинг қайси оят(белги)ларини инкор қилурсизлар?!Alauddin Mansour: (Alloh) sizlarga Oʻz oyat-alomatlarini koʻrsatur. Bas, sizlar Allohning qaysi oyatlarini inkor qilursizlar?!(Аллоҳ) сизларга Ўз оят-аломатларини кўрсатур. Бас, сизлар Аллоҳнинг қайси оятларини инкор қилурсизлар?!
Arab tilida «oyat» soʻzi bir necha maʼnolarni ifoda etadi. Qurʼon oyati, belgi, ishora, alomat, moʻʼjiza. Demak, bu oʻrindagi «oyat» soʻzidan belgi, ishora, alomat va moʻʼjiza maʼnolarini tushunish mumkin. Alloh taolo Oʻzining biru borligiga, cheksiz qudratiga ishora qiluvchi turli oyatlarni, yaʼni belgiyu ishoralarni, moʻʼjizayu alomatlarni bandalariga koʻrsatib qoʻyadi. Xoʻsh, banda ulardan qaysi birini inkor etadi? Nahotki osmonlaru yer va ulardagi sonsiz- sanoqsiz oyatlarni yaʼni belgiyu ishoralarni, moʻʼjizayu alomatlarni inkor etsalar?! Nahotki oʻzlaridagi oyatlarni rad qilsalar?! Afsuski, odamlar ichida inkor etuvchilari bor. Shuncha moʻʼjizalarni koʻrib- bilib, oʻzi ham oʻsha ilohiy moʻʼjizalardan biri boʻla turib, Allohning oyatlarini inkor qiladilar. Ular haqida ilmsiz, hujjat-dalilsiz ravishda tortishadilar. Bu ishlari Allohni inkor qilishdir. Ammo ularning inkorlari botilga, kibru havoga, shaxsiy maqsadlarga asoslangan inkordir. Alloh taoloning oyatlarini inkor qilayotganlarga bir nazar solsangiz, bu haqiqat yana ham ravshanlashadi. Allohning oyatlarini, dinini, shariatini va taʼlimotlarini inkor qilayotgan, boshqalarni ham oʻz yoʻliga yurishga undayotganlarning koʻplari firʼavnzodalar va ularning gumashtalaridir. Ular oʻzlari botil yoʻl bilan egallab turgan botil hukmdan ajrab qolishdan qoʻrqib, Allohning oyatlarini inkor etadilar. Ular nima qilib boʻlsa ham, hukmni oʻz qoʻllarida saqlab qolishga harakat qiladilar. Ularning inkorlari ilmga asoslanmagan, toʻla ishonch asosida ham emas; qatʼiyat uchun yo oʻzligidan kelib chiqqan inkor ham emas. Shu sababli ham, butun hukmni ushlab qolish uchun Allohning oyatlarini inkor etish kerak, deb oʻylab inkor etaveradilar. Ertangi hukmni ushlab qolish uchun kecha inkor etgan narsalarni eʼtirof etish kerak, deb bilsalar, uni ham qilaveradilar.
Allohning oyatlarini, dinini, shariatini va taʼlimotlarini inkor qiladiganlardan yana bir guruhi qayerdandir chiqqan mafkuraga yopishib olib, oʻsha orqali oʻz manfaatlariga ergashib yurganlardir. Ular ham ilm, maʼrifat, toʻla ishonch asosida emas, shaxsiy gʻaraz asosida inkor qiladilar. Vaqti-soati kelib, oʻsha dastak qilib yurgan mafkuralari kasodga uchrab, koʻzlagan maqsadlariga erishtirmaydiganga oʻxshab qolsa, birinchilardan boʻlib u mafkuralarini yomonlashga tushadilar.
Shuningdek, kimdir birovlarga koʻr-koʻrona ergashish oqibatida, kimdir umuman jaholatda qolganidan, kimdir qalbaki taʼsirlar oqibatida va shunga oʻxshash turli-tuman sabablarga koʻra Allohning oyatlarini, dinini, shariatini va taʼlimotlarini inkor qilib kelganlar. Ularning hammasi ham aql-idrok va ilmiy tafakkur asosida toʻla ishonch bilan ish tutgan odamlar emas. Yoʻqsa, «Bas, Allohning qaysi oyatlarini inkor qilursizlar?!» savolini oʻylab koʻrib, «Allohning hech bir oyatini inkor qila olmaymiz», deb javob berar edilar.