وَمِنْ ءَايَـٰتِهِۦٓ أَنَّكَ تَرَى ٱلْأَرْضَ خَـٰشِعَةً فَإِذَآ أَنزَلْنَا عَلَيْهَا ٱلْمَآءَ ٱهْتَزَّتْ وَرَبَتْ ۚ إِنَّ ٱلَّذِىٓ أَحْيَاهَا لَمُحْىِ ٱلْمَوْتَىٰٓ ۚ إِنَّهُۥ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yana Uning oyatlaridan, yerni qaqragan holda ko`rishingdir. Bas, Biz uning ustidan suv tushirsak, u qimirlar va o`sar. Uni tiriltirgan Zot, albatta, o`liklarni ham tiriltirguvchidir. Albatta, U zot har bir narsaga qodirdir.Яна Унинг оятларидан, ерни қақраган ҳолда кўришингдир. Бас, Биз унинг устидан сув туширсак, у қимирлар ва ўсар. Уни тирилтирган Зот, албатта, ўликларни ҳам тирилтиргувчидир. Албатта, У зот ҳар бир нарсага қодирдир.Alauddin Mansour: Uning (tanholigi va qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridan (biri) siz yerni qup-quruq holda koʻrishingizdir. Bas, qachon Biz uning ustiga suv-yomgʻir yogʻdirsak, u harakatga kelar va unib-oʻsar. Albatta oʻsha yerni tiriltirgan Zot oʻliklarni ham tiriltira olguvchidir. Zero, U barcha ishga qodirdir.Унинг (танҳолиги ва қудратига далолат қиладиган) оят-аломатларидан (бири) сиз ерни қуп-қуруқ ҳолда кўришингиздир. Бас, қачон Биз унинг устига сув-ёмғир ёғдирсак, у ҳаракатга келар ва униб-ўсар. Албатта ўша ерни тирилтирган Зот ўликларни ҳам тирилтира олгувчидир. Зеро, У барча ишга қодирдир.
Alloh taoloning biru borligi, qudratining cheksizligi va bandalarning ibodatiga sazovor yagona zot ekaniga dalil va hujjat boʻladigan oyat(belgi)laridan yana biri:
«...yerni qaqragan holda koʻrishingdir».
Suvsiz qurib-qaqrab yotgan yerga bir qaragin. Unda mutlaqo hayot alomati boʻlmaydi.
«Bas, Biz uning ustidan suv tushirsak, u qimirlar va oʻsar.»
Oʻsha, qaqrab yotgan, oʻlik holidagi yerning ustidan yomgʻir yogʻdirib suv tushirsak, u qimirlaydi, tiriladi hamda oʻsimliklari oʻsadi. Uning hamma tomoniga jon kirib, hayot–tiriklik boshlanadi. Buni koʻrib, ibrat olish kerak.
«Uni tiriltirgan Zot, albatta, oʻliklarni ham tiriltirguvchidir.»
Oʻsha oʻlib-qaqrab yotgan yerni tiriltirgan Zot, albatta, allaqachonlar oʻlib ketgan oʻliklarni ham tiriltiradi.
«Albatta, U zot har bir narsaga qodirdir.»
Jumladan, oʻlganlarni qayta tiriltirib, hisob-kitob qilib, jazolashga ham qodirdir. Ammo, koʻpchilik odamlar bu oyatlardan ibrat olmaydilar. Balki Allohning oyatlarini egri yoʻllarga buradilar. Ularga taʼna qiladilar. Yolgʻonga chiqaradilar. Ularga kufr keltiradilar.