وَوَصَّيْنَا ٱلْإِنسَـٰنَ بِوَٰلِدَيْهِ إِحْسَـٰنًا ۖ حَمَلَتْهُ أُمُّهُۥ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا ۖ وَحَمْلُهُۥ وَفِصَـٰلُهُۥ ثَلَـٰثُونَ شَهْرًا ۚ حَتَّىٰٓ إِذَا بَلَغَ أَشُدَّهُۥ وَبَلَغَ أَرْبَعِينَ سَنَةً قَالَ رَبِّ أَوْزِعْنِىٓ أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ ٱلَّتِىٓ أَنْعَمْتَ عَلَىَّ وَعَلَىٰ وَٰلِدَىَّ وَأَنْ أَعْمَلَ صَـٰلِحًا تَرْضَىٰهُ وَأَصْلِحْ لِى فِى ذُرِّيَّتِىٓ ۖ إِنِّى تُبْتُ إِلَيْكَ وَإِنِّى مِنَ ٱلْمُسْلِمِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador bo`ldi va uni qiynalib tug`di. Va uning homilasi va ko`krakdan ajratishi o`ttiz oydir. Toki, u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: «Robbim, O`zing menga va ota-onamga bergan ne'matlaringga shukr qilishimga va Sen rozi bo`lgan solih(ish)ni qilishimga ilhom bergin. Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman», dedi.Биз инсонни ота-онасига яхшилик қилишга буюрдик. Онаси унга қийналиб ҳомиладор бўлди ва уни қийналиб туғди. Ва унинг ҳомиласи ва кўкракдан ажратиши ўттиз ойдир. Токи, у камолга етиб, қирқ ёшга кирганида: «Роббим, Ўзинг менга ва ота-онамга берган неъматларингга шукр қилишимга ва Сен рози бўлган солиҳ(иш)ни қилишимга илҳом бергин. Ва менинг зурриётларимни ҳам солиҳлардан қилгин. Албатта, мен тавба қилдим ва албатта, мен мусулмонларданман», деди.Alauddin Mansour: Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador boʻlib, qiynalib tuqqandir. Unga homilador boʻlish va uni (sutdan) ajratish (muddati) oʻttiz oydir. Endi qachon u voyaga yetib, qirq yoshga toʻlganida: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota-onamga inʼom etgan neʼmatingga shukr qilishga va Oʻzing rozi boʻladigan yaxshi amallarnigina qilishga muvaffaq etgin va Oʻzing men uchun zurriyotimga ham yaxshilik qilgin (yaʼni, farzandlarimni ham ahli solih bandalaringdan qilgin). Albatta men Senga (qilgan barcha gunohlarimdan) tavba qildim va albatta men musulmonlardandirman», dedi.Биз инсонни ота-онасига яхшилик қилишга буюрдик. Онаси унга қийналиб ҳомиладор бўлиб, қийналиб туққандир. Унга ҳомиладор бўлиш ва уни (сутдан) ажратиш (муддати) ўттиз ойдир. Энди қачон у вояга етиб, қирқ ёшга тўлганида: «Парвардигорим, мени Сен менга ва ота-онамга инъом этган неъматингга шукр қилишга ва Ўзинг рози бўладиган яхши амалларнигина қилишга муваффақ этгин ва Ўзинг мен учун зурриётимга ҳам яхшилик қилгин (яъни, фарзандларимни ҳам аҳли солиҳ бандаларингдан қилгин). Албатта мен Сенга (қилган барча гуноҳларимдан) тавба қилдим ва албатта мен мусулмонлардандирман», деди.
Ushbu oyati karimaning avvalida Alloh taolo insonni ota- onasiga yaxshilik qilishga buyurmoqda.
«Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik.»
Bu, har bir odamning insoniylik burchidir. Inson faqat insonligi uchun ham, ota-onasini hurmat qilishi, eʼzozlashi zarur. Lekin shu bilan birga, oyatning oʻzida ota-onaga yaxshilik qilishning sabablaridan baʼzisi aytib oʻtilmoqda.
«Onasi unga qiynalib homilador boʻldi...»
Homiladorlik katta mashaqqat. Homila paydo boʻlishi bilan onaning mashaqqatlari boshlanadi. Koʻngli ayniydi, zaiflashadi va boshqa turli qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazadi. Vaqt oʻtib homila kattalashib borgan sari onaning mashaqqati ham kattalashib boradi. Bu mashaqqatlarni faqat Alloh bergan onalik mehrigina yengillashtirishi mumkin.
Keyin tugʻish jarayoni... Onasi
«...uni qiynalib tugʻdi».
Eng qiyin jarayonlardan biri shudir. Har bir ona oʻz farzandini katta qiyinchilik bilan tugʻadi. Toʻlgʻoq, tugʻish–bular hammasi faqat Allohning inoyati bilan amalga oshadi. Har bir inson ana shu qiynoqlarni boshidan kechirib tuqqan oʻz onasini har qancha ehtirom qilsa, shuncha oz. Soʻngra, tugʻilgan bolani emizib, yuvib-tarab, tarbiyalab katta qilish kerak boʻladi.
«Va uning homilasi va koʻkrakdan ajratishi oʻttiz oydir.»
Bolaga homilador boʻlgandan tortib uni sutdan ajratgungacha boʻlgan davrda qanchadan-qancha mashaqqatlar oʻtadi. Inson bolasi eng ojiz boʻlib tugʻiladigan jonzotdir. Boshqa hayvonlarning bolasi tugʻilganidan bir oz vaqt oʻtgandan soʻng oʻzining kunini oʻzi koʻrib ketaveradi. Ammo inson bolasi uzoq muddatli parvarishga muhtojdir. Bu mehnatni ham asosan ona bajaradi. Shuning uchun, onani hurmat-ehtirom qilish alohida taʼkidlanadi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda marhamat qilinadiki: «Bir kishi Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, odamlar ichida yaxshilik qilishimga kim haqliroq?»–deb soʻrabdi. Ul zot:
«Onang», debdilar. U kishi:
«Soʻngra kim?»–debdi. Ul zot alayhissalom:
«Onang», debdilar. U kishi:
«Yana kim?»–debdi. Paygʻambar alayhissalom:
«Onang», debdilar va nihoyat toʻrtinchi marta soʻraganida,
«Otang», debdilar».
Oyatda «Va uning homilasi va koʻkrakdan ajratishi oʻttiz oydir», deyilishidan baʼzi ulamolar homilaning eng oz vaqti olti oy boʻlishi mumkin, degan fikrni aytishgan. Chunki, boshqa oyatda, kim emizishni batamom qilmoqchi boʻlsa, onalar bolalarini ikki yil toʻliq emizadilar, deyilgan. Maʼlumki, ikki yil yigirma toʻrt oydan iborat. Emizish bilan homiladorlik oʻttiz oy boʻlsa, demak, oʻttizdan yigirma toʻrt chiqarib tashlansa, olti oy qoladi.
Ibn Abi Hotim Abdulloh al-Juhayniydan quyidagi qissani rivoyat qiladi: «Bizdan bir kishi Juhayna qabilasiga mansub ayolga uylangan edi. U olti oydan keyin bola tugʻdi. Eri xalifa Usmon roziyallohu anhuning xuzurlariga borib, boʻlgan voqeani aytdi. U kishi ayolni keltirishga odam yubordilar. Ayol turib kiyimlarini kiyayotganda singlisi yigʻlay boshladi. U singlisiga qarab:
«Nimaga yigʻlaysan, Allohga qasamki, menga erimdan boshqa hech kim qoʻl tekkizgani yoʻq. Allohning Oʻzi nimani xohlasa, shu boʻladi», dedi. Uni hazrati Usmonning huzurlariga olib kelishganida, u kishi ayolni (zinoda ayblab) toshboʻron qilishga buyurdilar. Bu xabar hazrati Ali karramallohu vajhahuga yetganda, hazrati Usmonning oldilariga kelib:
«Nima qilayapsiz?»–dedilar. Hazrati Usmon:
«Olti oyda tugʻibdi, shunday boʻlishi ham mumkinmi?»–dedilar. Hazrati Ali:
«Agar bu ayol Qurʼondan dalil keltirsa, sizni yutadi», dedilar. Hazrati Usmon:
«Qanday qilib?»–deb soʻradilar. Hazrati Ali:
«Alloh taoloning «uning homilasi va koʻkrakdan ajratishi oʻttiz oydir», degan soʻzini oʻqiganmisiz? «Onalar bolalarini ikki yil toʻliq emizadilar», deganini-chi? Shunda oradagi muddat olti oy qolmaydimi?»–dedilar. Hazrati Usmon:
«Bu yogʻi xayolimga kelmabdi, Ali boʻlmaganda halokatga uchrar ekanmiz», dedilar».
Oyatning davomida insonning Allohdan soʻrash mumkin boʻlgan istaklarining eng afzallari haqida gap boradi:
«Toki, u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida, «Robbim, Oʻzing menga va ota-onamga bergan neʼmatlaringga shukr qilishimga va Sen rozi boʻladigan solih(ish)ni qilishimga ilhom bergin...»
Insonning kamolga yetishi oʻttiz bilan qirq yoshning oʻrtasida boʻlar ekan. Qirq yoshga yetgan inson hamma tarafdan mukammal holga keladi. Ushbu yoshda hamma narsani chuqur mulohaza qiladigan, oʻtgan tajribasiga suyanadigan, oxiratni ham oʻylaydigan, xullas, kamolot holatiga yetar ekan.
Shuning uchundirki, Muhammad alayhissalom ham qirq yoshlarida Paygʻambar boʻlganlar. Bu yosh, taxminan, umrning oʻrtasi boʻladi. Oʻsha paytda iltijo ham neʼmat beruvchi Robbil olamiynning Oʻziga xolis qaratilgan boʻladi.
«Robbim, Oʻzing menga va ota-onamga bergan neʼmatlaringga shukr qilishimga…...»
Har bir inson uchun Alloh taolo unga bergan neʼmatlarga shukr qilish eng muhim ishdir. Bu ish oʻta muhim va nozik boʻlganidan, uni amalga oshirishda Alloh taoloning Oʻzidan madad soʻralmoqda.
Shu bilan birga, qirq yoshga toʻlib, kamolga erishgan insonda qolgan umrida shukr bilan qoʻshib, solih amallarni koʻproq qilishga, Allohning roziligini axtarishga istak kuchayadi. Shuning uchun ham, ushbu duoda:
«sen rozi boʻladigan solih(ish)ni qilishga ilhom bergin», deyilayapti.
Haqiqiy moʻmin oʻzining solih amali bilan kifoyalanib qolmaydi, balki zurriyoti, bola-chaqasi ham solih boʻlishini istaydi. Chunki, solih zurriyot ikki dunyoning baxtidir. Shu boisdan ham, oyatning davomida:
«Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin», deyilayapti.
Yaʼni, har bir moʻmin-musulmon oʻziga va ota-onasiga berilgan neʼmatlarga, avvalo, iymon neʼmatiga shukr qilishi lozim. Iymonning shukri esa, avval ham aytib oʻtganimizdek, Alloh taologa xolis ibodat qilish va solih amallarni koʻpaytirish bilan boʻladi. Lekin haqiqiy iymonli banda iymonining masdari Alloh taolo ekanini aslo unutmaydi va shuning uchun ham, Uni rozi qiladigan solih amallarni qilish uchun Oʻzidan madad soʻraydi. Ayni paytda, u bandalar uchun eng zarur ikki xislatni esdan chiqarmaydi: doimiy tavba va Alloh taologa toʻla boʻysunish, yaʼni musulmonlik:
«Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman», dedi».
Moʻmin bandaning Parvardigori huzuridagi shafoatchisi, vositachisi, avvalo, uning tavbasiyu musulmonligidir. U biror gunoh qilsa, darrov tavba qiladi, Allohga qaytadi va musulmonligini unutmaydi. Bunday bandalariga Alloh taoloning Oʻzi qanday munosabatda boʻlishini keyingi oyat bayon qiladi.