وَمَن لَّا يُجِبْ دَاعِىَ ٱللَّهِ فَلَيْسَ بِمُعْجِزٍ فِى ٱلْأَرْضِ وَلَيْسَ لَهُۥ مِن دُونِهِۦٓ أَوْلِيَآءُ ۚ أُو۟لَـٰٓئِكَ فِى ضَلَـٰلٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kimki, Allohning da'vatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida qochib qutula oluvchi emasdir va unga U zotdan o`zga valiylar ham yo`qdir. Ana o`shalar ochiq-oydin zalolatdadir», dedilar.Кимки, Аллоҳнинг даъватчисини қабул қилмаса, бас, у ер юзида қочиб қутула олувчи эмасдир ва унга У зотдан ўзга валийлар ҳам йўқдир. Ана ўшалар очиқ-ойдин залолатдадир», дедилар.Alauddin Mansour: Kim Allohga daʼvat qilguvchi (daʼvati)ni qabul qilmasa, bas, u Yer yuzida (biron joyga) qochib qutulguvchi emasdir va uning uchun (Allohdan) oʻzga (Uning azobidan qutqarguvchi) «doʻstlar» ham yoʻqdir. Ana oʻshalar ochiq zalolatdadirlar».Ким Аллоҳга даъват қилгувчи (даъвати)ни қабул қилмаса, бас, у Ер юзида (бирон жойга) қочиб қутулгувчи эмасдир ва унинг учун (Аллоҳдан) ўзга (Унинг азобидан қутқаргувчи) «дўстлар» ҳам йўқдир. Ана ўшалар очиқ залолатдадирлар».
Bu oyati karimada dinni qabul qilmagan kofirlar haqida xabar berilmoqda. Ular Allohning daʼvatchisi–Paygʻambarini qabul etmay, dinni eʼtirof qilmay nima ham qila olar edilar. Yaratgandan qochib qutulishning iloji bormi? Ular Allohning mulkidan hech yerga qochib chiqib keta olmaydilar.
Molikul mulk boʻlgan qudratli Alloh ularga kofirliklarining jazosini albatta beradi. U azoblashni istaganda esa, kofirlarni alamli azobdan himoya qiluvchi valiylari–doʻstlari ham boʻlmaydi.
«Kimki, Allohning daʼvatchisini qabul qilmasa, bas u yer yuzida qochib qutula oluvchi emasdir va unga U zotdan oʻzga valiylar ham yoʻqdir.»
Allohning daʼvatchisini inkor etib bu noqulay holatga tushib qolganlar ochiq-oydin zalolatdadirlar. Ha:
«Ana oʻshalar ochiq-oydin zalolatdadir».
Demak, zalolatda qolmaslik uchun Allohning daʼvatchisini darhol qabul qilmoq, aytganiga yurmoq zarur.
Moʻmin-musulmon insonning Qurʼonda kelgan har bir xabarga iymon keltirishi farz. Xudo koʻrsatmasin, Qurʼondagi biror xabarga shubha bilan qarash, ishonmaslik kofirlik boʻladi.
Shundan kelib chiqilsa, jin haqida Qurʼonda oyat kelishi ularning borligiga iymon keltirishni barcha musulmonlarga farz qiladi. Shunday ekan, bir oz toʻlaroq tushunish uchun bu borada baʼzi maʼlumotlarni oʻrganib qoʻymogʻimiz zarur.
Maʼlumki, dunyo siru asrorlarga toʻla. Biz hali mohiyatini, sifatini, taʼsirini bilmaydigan hodisalar atrofimizda toʻlib-toshib yotibdi. Biror narsa koʻzimizga koʻrinmasa, uni inkor qilishga haqqimiz yoʻq. Har kuni yangi narsalar, maxluqotlar kashf etilyapti. Kecha bilmagan narsalarimiz bugun kashf etilsa, biz uni «avval yoʻq edi» deya olmaymiz. Balki, kecha bu bor narsani biz bilmas ekanmiz, deymiz. Hozirgi kunda oʻtgan ajdodlar bilmagan, xayoliga ham keltirmagan qanchadan-qancha narsalarni bilyapmiz. Albatta, biz bilgan narsalar keyingi avlodlar uchun oʻyinchoqqa oʻxshab qoladi. Bu narsalar Alloh taolo insonga bergan qobiliyatlar yordamida kashf qilinmoqda, bularning hammasi inson idroki chegarasidagi narsalardir. Kelajakda yana koʻp narsalar kashf etilishi turgan gap. Demak, biror narsani bor yoki yoʻq deb jazm ila hukm chiqarib yuborishga hech kimning haqqi yoʻq.
Biz bandalarning idrokimizni ishga solmay, Alloh taolo Oʻzi baʼzi sirni kashf etib bersa, shukr qilib qabul etmogʻimiz lozim. Masalan, jinga ishonish masalasida ham. Alloh taolo Oʻz kalomida siz bilan bizga jinlar haqida maʼlumot bergan ekan, uni ixlos bilan qabul etib, ishonib, iymon keltirmogʻimiz lozim.
Alloh taoloning bizga bildirishicha, «jin» deb atalgan maxluqot bor, u olovdan yaratilgan. Iblis ham jinlardan hisoblanadi. Jinlar odamlarni koʻradi, odamlar ularni koʻrmaydi. Jinlarning ham insonlarga oʻxshash jamoatlari, qabilalari, guruhlari bor. Ular ham yer kurrasida yashash qobiliyatiga ega. Boshqa sayyoralarda yashash imkonlari ham mavjud. Zalolatga ketgan insonlarni yoʻldan ozdirib, fikrlariga taʼsir oʻtkazishlari mumkin. Insonning ovozini eshitib, tilini tushunishadi. Ularning ichida musulmonlari ham, kofirlari ham bor. (Oʻgʻliga Qurʼon yodlatmoqchi boʻlgan jin bizga tanish qorilardan biriga yordam soʻrab murojaat qilgani bizga ham maʼlum.)
Jinlarning Qurʼon tinglaganliklari haqidagi rivoyatlarni sinchiklab oʻrganib chiqqandan soʻng maʼlum boʻladiki, aynan shu safar Muhammad alayhissalomning oʻzlari jinlar u zotning tilovatlariga quloq osganidan va undan keyingi gaplardan bexabar boʻlganlar. Faqat, Alloh taolo oyat tushirib xabar berganidan soʻng bilganlar. Ammo, ushbu voqeadan soʻng jinlar yana kelib tinglashganda, Paygʻambar alayhissalom bu galgisini bilib turganlar.
Imom Muslim qilgan rivoyatda aytilishicha, bir kuni sahobalar Paygʻambarimiz alayhissalomni yoʻqotib qoʻyib, xijolat boʻladilar. Birov bir narsa qildimikan yoki biror hodisa boʻldimikan, deb vodiylarni, tepaliklarni axtarib chiqadilar. Kechasi bilan xavotirda tong ottiradilar. Tong otganidan soʻng u zotning Hiro gʻori tomonidan kelayotganlarini koʻradilar. Oldilariga borib, sizni yoʻqotib qoʻyib axtardik, topa olmay tunni bezovta oʻtkazdik, deydilar. Paygʻambar alayhissalom esa: «Jinlarning vakili keluvdi, birga borib ularga Qurʼon oʻqib berdim», deb javob beradilar va sahobalarni yetaklab borib, jinlarning izlarini va gulxanlarining qoldiqlarini koʻrsatadilar.
Biz bu hodisaning qisqacha bayonini keltirdik. Roviylar ulugʻ sahobiy Abdulloh Ibn Masʼuddan rivoyat qiladilarki: «Rasululloh bir kuni sahobalarga, kim jinlar ishiga hozir boʻlishni istasa, bu kecha marhamat qilsin, dedilar. Mendan boshqa hech kim bormadi. Yurib borib Makkaning yuqorisiga yetganimizda oyoqlari bilan menga chiziq chizib berdilar-da, shundan chiqmay oʻtir, dedilar. Oʻzlari uzoqroq borib Qurʼon oʻqiy boshladilar. Bir zumda u kishini qora narsalar oʻrab, ikkovimizning oramizni toʻsib qoʻydi, men ovozlarini ham eshitmay qoldim. Soʻngra, haligi qora narsalar bulutga oʻxshab parcha-parcha boʻlinib, tarqab keta boshladi. Faqat bir boʻlagi qolganda Rasululloh bomdod namozini tugatdilar, borib tahorat ushatdilar va mening oldimga kelib, haligilar nima qildi, deb soʻradilar. Men, hov ana, turishibdi, dedim. Paygʻambar alayhissalom ularga suyak va tezakni berdilar. Bizni esa, suyak va tezak bilan istinjo qilishdan qaytardilar».
Paygʻambar alayhissalom bomdod namozini oʻqiyotganlarida bir guruh jinlar u zotning qiroatlarini tinglab iymonga kelganliklari va boshqa hodisalar «Jin» surasi va boshqa suralar tafsirida batafsil keltiriladi.
Shu joyga kelganda jinlarning oʻz qavmlarini Allohning diniga daʼvat qilganlari haqidagi gaplar tugab, insonlarning kufrlarini, oʻlgandan soʻng qayta tirilishni inkor qilishlarini muolaja etishga oʻtiladi.