وَلَوْ نَشَآءُ لَأَرَيْنَـٰكَهُمْ فَلَعَرَفْتَهُم بِسِيمَـٰهُمْ ۚ وَلَتَعْرِفَنَّهُمْ فِى لَحْنِ ٱلْقَوْلِ ۚ وَٱللَّهُ يَعْلَمُ أَعْمَـٰلَكُمْ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar xohlasak, Biz ularni senga ko`rsatamiz, ta'kidki, sen ularni siymolaridan taniysan, albatta, sen ularni gap ohanglaridan taniysan. Alloh amallaringizni bilib turur.Агар хоҳласак, Биз уларни сенга кўрсатамиз, таъкидки, сен уларни сиймоларидан танийсан, албатта, сен уларни гап оҳангларидан танийсан. Аллоҳ амалларингизни билиб турур.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), agar Biz xohlasak, albatta sizga ularni (munofiqlarni) koʻrsatib-tanitib qoʻygan boʻlur edik, u holda siz ularni (Biz belgilab qoʻygan) belgi-alomatlaridan tanib olgan boʻlur edingiz. (Qasamki, endi) albatta siz ularni (ular soʻzlayotgan — zohiri iymonga dalolat qiladigan, botini esa kufr boʻlgan) soʻz ohang — uslubidan tanib olursiz. Alloh sizlarning (barcha) amallaringizni bilib turur.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), агар Биз хоҳласак, албатта сизга уларни (мунофиқларни) кўрсатиб-танитиб қўйган бўлур эдик, у ҳолда сиз уларни (Биз белгилаб қўйган) белги-аломатларидан таниб олган бўлур эдингиз. (Қасамки, энди) албатта сиз уларни (улар сўзлаётган — зоҳири иймонга далолат қиладиган, ботини эса куфр бўлган) сўз оҳанг — услубидан таниб олурсиз. Аллоҳ сизларнинг (барча) амалларингизни билиб турур.
Alloh taolo Oʻz Paygʻambariga xitob qilib, munofiqlar ustalik ila oʻz nifoqlarini qanchalik yashirib, oʻzlarini haqiqiy musulmondek koʻrsatishga urinmasinlar, baribir:
«Agar xohlasak, Biz ularni senga koʻrsatamiz», demoqda.
Yaʼni, agar xohlasak, Biz u munofiqlarni senga koʻrsatamiz, ey Paygʻambarim. Biz senga ularning shaxslarini, qomatlarini bildirib, basharalarini fosh qilamiz. Shu bilan birga,
«...…taʼkidki, sen ularni siymolaridan taniysan, albatta, sen ularni gap ohanglaridan taniysan.»
Yaʼni, ularni alomatlaridan ham bilib olsa boʻladi. Munofiqlarning gap-soʻzida oʻziga xos ovoz, uslub bordir. Diqqat qilib quloq solgan odam buni albatta ilgʻaydi.
Hazrat Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: «Kimki biror sirni yashirsa, Alloh taolo uning belgilarini yuziga yoki tiliga chiqarib qoʻyadi», deganlar.
Hadisi sharifda kelganki: «Kim biror sirni yashirsa, Alloh taolo unga oʻshaning toʻnini kiygizib qoʻyadi: yaxshilik boʻlsa, yaxshilik toʻnini, yomonlik boʻlsa, yomonlik toʻnini kiygizadi».
Imom Ahmad oʻzlarining «Musnad» kitoblarida Uqbatu ibn Amrdan rivoyat qilgan hadisda bunday kelgan: «Rasululloh alayhissalom bizga xutba qildilar. Allohga hamdu sano aytganlaridan soʻng: «Albatta, orangizda munofiqlar bor, kimning nomini aytsam, oʻrnidan tursin», dedilar. Keyin: «Ey, falonchi, tur, Ey, falonchi, tur, ey, falonchi, tur», deb oʻttiz olti kishining nomini aytdilar. Keyin: «Sizning ichingizda munofiqlar bor, Allohdan qoʻrqinglar», dedilar».
Ana shunday: munofiqlar oʻz kirdikorlarini qanchalik yashirsalar ham, oʻzlarini Islom uchun fidokor qilib koʻrsatsalar ham, baribir, qalblarida kasal boʻlgani uchun, nifoqlari oshkor boʻladi. Dardni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degani bejiz emas. Ular musulmonlarni bir aldaydi, ikki aldaydi, lekin, baribir, kirdikorlari fosh boʻladi. Eng muhimi, hamma narsani biluvchi Alloh taolo ularning qilmishlarini ham, niyatlarini ham bilib turibdi-ku.
Oyatning oxirida:
«Alloh amallaringizni bilib turur», degan ogohlantirish bekorga kelmagan.
Alloh taolo kelasi oyatlarda musulmonlarni sinashi Oʻzining sunnati ekanligini, sinov kishilardan kim mujohid, kim sabrli, kim munofiq, kim iymoni zaif ekanligini yuzaga chiqarish uchun kerakligini uqtiradi.