وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ حَتَّىٰ نَعْلَمَ ٱلْمُجَـٰهِدِينَ مِنكُمْ وَٱلصَّـٰبِرِينَ وَنَبْلُوَا۟ أَخْبَارَكُمْ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va ta'kidki, Biz sizlarni sinarmiz, toki, sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak.Ва таъкидки, Биз сизларни синармиз, токи, сизлардан мужоҳидларни, сабрлиларни билсак ва хабарларингизни имтиҳон этсак.Alauddin Mansour: Albatta Biz, to sizlarning orangizdagi (Bizning yoʻlimizda molu-jonlari bilan) jihod qilguvchi va (yaxshi-yomon kunlarda) sabr qilguvchi zotlarni bilgunimizcha, hamda sizlarning holi-xabarlaringizni tekshirib — yuzaga chiqargunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz.Албатта Биз, то сизларнинг орангиздаги (Бизнинг йўлимизда молу-жонлари билан) жиҳод қилгувчи ва (яхши-ёмон кунларда) сабр қилгувчи зотларни билгунимизча, ҳамда сизларнинг ҳоли-хабарларингизни текшириб — юзага чиқаргунимизча, сизларни имтиҳон қилурмиз.
Mazkur sinov Alloh taoloning Oʻzi uchun emas. Chunki, U shundoq ham hamma narsani: odamlarning kimligini, sir yashirganlariyu oshkorini, imkoniyatiyu xohishini–barcha-barchasini yaxshi biladi. Ammo odamlar bu narsani anglamaydilar. Boshqa odamlar u yoqda tursin, baʼzilar oʻzidagi holatlarni ham bilolmaydi. Ana shu yashirin holatlarni, berkitilgan haqiqatlarni bilish zarur. Buning uchun esa, sinov kerak.
«Va taʼkidki, Biz sizlarni sinarmiz...»
Albatta, sinov koʻp narsalarni oshkor qiladi. Sinov boʻlmay, hamma ish ravon ketaversa, odamlar bir-birlarining haqiqatini bila olmaydilar. Kim haqiqiy moʻmin, kim munofiqligi ham ayon boʻlmaydi. Aksincha, sinov yoʻq paytida munofiqlar oldingi safga chiqib, oʻzlarini fidokor qilib koʻrsatadilar. Xuddi shu maʼnoga oyatning davomida ishora qilinmoqda.
«...…toki, sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak.»
Bilgandan soʻng, undan oʻz oʻrnida foydalanish kerak. Goh xursandlik, goh xafalik, goh yengillik, goh ogʻirlik, goh baxtiyorlik, goh musiybat bilan sinov oʻtishi inson ruhidagi, nafsidagi yashirin tuygʻularning oshkor boʻlishiga yordam beradi. Insonlarning bu narsalarni anglashi kelajak hayotlarida yordam beradi.
Aslida, moʻmin banda sinov va imtihonni orzu qilmaydi, balki Allohdan doimo ofiyat va rahmatni soʻraydi. Shundan soʻng ham sinov-imtihonga uchrasa, sabr qiladi. Buning hikmati borligini idrok qiladi, hamma narsa Allohning xohishi bilan boʻlishiga iymon keltiradi. Oʻziga Allohning rahmati va ofiyati yetishini kutadi.
Oʻtgan azizlardan bir zot ushbu oyatni oʻqiganlarida, yigʻlab: «Ey bor xudoyo, bizni sinovga olmagin, agar sinovga olsang, sharmanda qilasan, pardamizni yirtib, bizni azobga qoʻyasan», der ekanlar.
Keyingi oyatda, dinga dushmanlik qiluvchilar qanchalik makr- hiyla va chora-tadbir qilmasinlar, Islomga hech qanday zarar yetkaza olmasliklari taʼkidlanadi.