إِنَّا فَتَحْنَا لَكَ فَتْحًا مُّبِينًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta Biz senga ravshan fathni berdik.Албатта Биз сенга равшан фатҳни бердик.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), darhaqiqat, Biz sizga ochiq-ravshan fath-gʻalaba ato etdik.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), дарҳақиқат, Биз сизга очиқ-равшан фатҳ-ғалаба ато этдик.
«Fath» soʻzi lugʻatda «ochish» maʼnosini anglatib, istilohda biror yurtni Islomga qoʻshishga aytiladi. Musulmonlar biror joyga borib, oʻsha yer aholisini xoh urush bilan, xoh sulh bilan Islomga kiritsalar, oʻsha yerni «fath qilindi» deyiladi.
Bu oyatdagi «Fath»dan murod–Hudaybiya sulhi.
Sirtdan qaraganda, Hudaybiya sulhi musulmonlar foydasiga boʻlmaganga oʻxshab koʻrinadi. Koʻplab mashaqqatlar tortib, Makkaga yaqinlashib qolganda orqaga qaytib ketishni, yuzaki qaralsa, hech qachon gʻalaba deb boʻlmaydi. Buni sahobalarning sulhga boʻlgan munosabatlaridan ham koʻrsa boʻladi. Hatto, oʻsha hodisa ishtirokchilari ham «Hudaybiya sulhi»ni fath deb tushunmaganliklari haqida rivoyatlar bor. Baʼzi rivoyatlarda aytilishicha, «Hudaybiya sulhi»ning fath ekanligi Paygʻambar alayhissalom bayon qilib bergunlariga qadar baʼzi sahobalarga tushunarsiz boʻlgan.
Bayhaqiy qilgan rivoyatda Urva aytadiki, Paygʻambarimiz alay- hissalom Hudaybiyadan qaytayotganlarida sahobalardan biri:
«Bu, fath emas. Baytullohdan yoʻlimiz toʻsildi, qurbonliklarimiz ham toʻsildi, Paygʻambar alayhissalom ham Hudaybiyada toʻxtab qoldilar», deb aytdi. Bu gap Paygʻambarimizga yetib borganida, u zot alayhissalom:
«Bu–boʻlmagʻur gap. Shubhasiz, bu eng ulugʻ fathdir. Mushriklar sizni oʻz yurtlaridan iltimos ila qaytarishdi, sizdan sulh soʻrashdi, omonlikda boʻlishga ragʻbat bildirishdi, sizlarni qanchalik yomon koʻrishlari maʼlum edi. Alloh sizlarni ular ustidan zafarga erishtirdi, sizlarni sogʻ-salomat, ajr-savobga ega boʻlib qaytishga muvaffaq qildi. Bu–ulkan fathdir. Men chaqirib turganimga qaramasdan, qochib qolganingiz Uhud kunini unutdingizmi? Ham yuqori tarafdan, ham past tarafdan dushman oʻrab, joningiz halqumingizga kelib qolgan Ahzob urushi kunini unutdingizmi?»–dedilar. Shunda musulmonlar:
«Alloh va uning Rasuli rostgoʻydirlar, u eng ulugʻ fathdir, ey Allohning Paygʻambari, biz siz aytgan narsalarni oʻylab koʻrmabmiz», deyishdi.
Haqiqatan, «Hudaybiya sulhi» ulkan fath boʻlgani, qolaversa, koʻp qirrali fath boʻlgani keyinchalik maʼlum boʻldi:
1. Hudaybiya Islom daʼvati uchun fath boʻldi, Islomda bundan ulugʻroq fath boʻlgan emas, deydilar salaf ulamolarimiz. Bungacha musulmonlar qayerda boʻlsalar, urushga yoʻliqar edilar. Sulh tuzilib, urush toʻxtagandan soʻng, odamlar bir-birlaridan amin boʻldilar. Bir-birlari bilan uchrashib, oʻtirishib, gaplashib-tortishadigan boʻldilar. Ozgina aqli bor odam boʻlsa, bunday suhbatlardan keyin Islomni qabul qilar edi. «Hudaybiya sulhi» bilan Makkaning amaliy fathi orasida oʻtgan ikki yil mobaynida undan avvalgi oʻn toʻqqiz yildagidan koʻproq odam Islomga kirdi. Maʼlumki, Hudaybiyada ishtirok etganlarning soni bir ming toʻrt yuz edi. Ikki yildan soʻng Makka amaliy fath qilinganida musulmonlardan oʻn ming kishi qatnashdi. Ularning ichida Xolid ibn Valid va Amr ibn Ossga oʻxshash ulkan fotih sahobiylar ham bor edilar.
2. «Hudaybiya sulhi» Islom yerlarining kengayishiga ham sabab boʻldi. Avval hamma kuch-eʼtibor mushriklarga qaratilgan edi. Sulh tuzilib, ularning yomonligidan omonda boʻlinganidan soʻng, yahudiylar bilan hisob-kitobni joyiga qoʻyishga imkon paydo boʻldi. Paygʻambar alayhissalom Shom yoʻlidagi Xaybar nomli joydan Islom uchun doimiy xavf-xatar boʻlib turgan yahudiylarni chiqarishga muyassar boʻldilar. U yerlarni fath qilib, oʻljalarni faqat Hudaybiyada ishtirok etganlarga boʻlib berdilar.
3. Bu sulh musulmonlar bilan mushriklar orasini «fath qildi»–ochdi. Avvallari mushriklar Islomni va musulmonlarni hech tan olmas edilar. Bundan bir yil ilgari Makka mushriklari Madiynaga bostirib borishgan, bu bilan musulmonlarni nihoyatda ogʻir ahvolga solib qoʻyishgan edi. Quraysh qabilasini yoʻlboshchi deb biladigan boshqa arab qabilalari ham bundan qattiq taʼsirlangan edilar. Shuning uchun ham, Paygʻambar alayhissalom umraga birga borishga chaqirganlarida, ulardan hech kim qoʻshilmagan edi. Aksincha, ular, musulmonlar bu safardan sogʻ qaytmaydilar, deb oʻylagan edilar. Munofiqlar esa, bundan ham yomonroq gumonlarga borishgan edi. Lekin Alloh taolo Paygʻambarimiz boshliq musulmonlarga nusrat berdi. Sulh tuzilib, qurayshliklar Paygʻambar alayhissalomni va haq din boʻlgan Islomni tan olishdi. Musulmonlarni oʻzlariga teng deb eʼtirof etib, ularga iltimos bilan murojaatda boʻlishdi. Hech shubha yoʻqki, bu voqea Islom tarixidagi eng ulkan fath edi. Shu boisdan ham, bu fathni Qurʼoni Karim «ravshan fath» deb nomladi.
4. Ushbu ulugʻ hodisadan keyin boshqa qabilalar va jamoalar ham musulmonlarga hurmat nazari bilan qaray boshladilar. Ularga avval qoʻshilmagan aʼrobiylar uzr aytib kela boshlashdi. Madiynai Munavvaradagi munofiqlarning ham ovozlari oʻchib-pasayib qoldi. Turli taraflardan arab qabilalari oʻz vakillarini Paygʻambarimiz alayhissalom huzurlariga yuboradigan boʻldilar.
5. Shu bilan birga, Hudaybiya qalblarni va nafslarni ham fath qildi. Kishilar Islom uchun barcha fidokorlikka tayyor holga keldilar. Bunga daraxt ostidagi «Rizvon» bayʼati misol boʻla oladi. Bularning hammasi ulkan yutuq va buyuk fath edi.