مُّحَمَّدٌ رَّسُولُ ٱللَّهِ ۚ وَٱلَّذِينَ مَعَهُۥٓ أَشِدَّآءُ عَلَى ٱلْكُفَّارِ رُحَمَآءُ بَيْنَهُمْ ۖ تَرَىٰهُمْ رُكَّعًا سُجَّدًا يَبْتَغُونَ فَضْلًا مِّنَ ٱللَّهِ وَرِضْوَٰنًا ۖ سِيمَاهُمْ فِى وُجُوهِهِم مِّنْ أَثَرِ ٱلسُّجُودِ ۚ ذَٰلِكَ مَثَلُهُمْ فِى ٱلتَّوْرَىٰةِ ۚ وَمَثَلُهُمْ فِى ٱلْإِنجِيلِ كَزَرْعٍ أَخْرَجَ شَطْـَٔهُۥ فَـَٔازَرَهُۥ فَٱسْتَغْلَظَ فَٱسْتَوَىٰ عَلَىٰ سُوقِهِۦ يُعْجِبُ ٱلزُّرَّاعَ لِيَغِيظَ بِهِمُ ٱلْكُفَّارَ ۗ وَعَدَ ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ مِنْهُم مَّغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًۢا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muhammad Allohning Rasulidir, u bilan birga bo`lganlar kofirlarga shiddatli, o`zaro rahimdildirlar. Allohdan fazl va rozilik tilab ruku' va sajda qilgan hollarini ko`rasan. Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydi). Ana o`sha, ularning Tavrot va Injildagi misollaridir. Bu, xuddi, urug`ini yorib chiqib, quvvatlanib, yo`g`onlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga o`xshar. Kofirlarning g`azabini qo`zitish uchun. Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlariga mag`firat va ulug` ajrni va'da qildi.Муҳаммад Аллоҳнинг Расулидир, у билан бирга бўлганлар кофирларга шиддатли, ўзаро раҳимдилдирлар. Аллоҳдан фазл ва розилик тилаб рукуъ ва сажда қилган ҳолларини кўрасан. Уларнинг сиймоси сажда асаридан юзларида (балқийди). Ана ўша, уларнинг Таврот ва Инжилдаги мисолларидир. Бу, худди, уруғини ёриб чиқиб, қувватланиб, йўғонлашиб, поясида тик туриб, деҳқонларни ажаблантирган бир экинга ўхшар. Кофирларнинг ғазабини қўзитиш учун. Аллоҳ улардан иймон келтириб ва солиҳ амалларни қилганларига мағфират ва улуғ ажрни ваъда қилди.Alauddin Mansour: Muhammad Allohning paygʻambaridir. U bilan birga boʻlgan (moʻmin)lar kofirlarga qahrli, oʻz oralarida (moʻminlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl-marhamat va rizolik tilab rukuʼ, sujud qilayotgan hollarida koʻrursiz. Ularning yuzlarida sajda izidan (qolgan) belgi-alomatlari bordir. Mana shu (yaʼni, kofirlarga qahrli boʻlish, moʻminlarga mehribonlik va koʻp namoz oʻqib, rukuʼ-sajda qilish) ularning Tavrotdagi misollaridir. (Yaʼni, Tavrotda ham Alloh taolo moʻminlarni mana shunday sifatlar bilan sifatlagandir). Ularning Injildagi misollari esa xuddi bir shoxlar chiqarib, quvvatga kirgach, yoʻgʻonlashib, oʻz novdasida tik turgan, dehqonlarni lol qoldiradigan oʻsimlikka oʻxshaydi. (Moʻminlarning avval-boshda zaif-ozchilik boʻlishib, keyin asta-sekin koʻpayib, kuchga toʻlib ketishlari Injilda yuqorida zikr qilinganidek oʻsimlikka oʻxshatilishi) ular sababli kofirlarni xafa qilish uchundir. Alloh (moʻminlardan) iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarga magʻfirat va ulugʻ ajr-mukofot vaʼda qilgandir.Муҳаммад Аллоҳнинг пайғамбаридир. У билан бирга бўлган (мўмин)лар кофирларга қаҳрли, ўз ораларида (мўминлар билан) эса раҳм-шафқатлидирлар. Уларни (мудом) Аллоҳдан фазл-марҳамат ва ризолик тилаб рукуъ, сужуд қилаётган ҳолларида кўрурсиз. Уларнинг юзларида сажда изидан (қолган) белги-аломатлари бордир. Мана шу (яъни, кофирларга қаҳрли бўлиш, мўминларга меҳрибонлик ва кўп намоз ўқиб, рукуъ-сажда қилиш) уларнинг Тавротдаги мисолларидир. (Яъни, Тавротда ҳам Аллоҳ таоло мўминларни мана шундай сифатлар билан сифатлагандир). Уларнинг Инжилдаги мисоллари эса худди бир шохлар чиқариб, қувватга киргач, йўғонлашиб, ўз новдасида тик турган, деҳқонларни лол қолдирадиган ўсимликка ўхшайди. (Мўминларнинг аввал-бошда заиф-озчилик бўлишиб, кейин аста-секин кўпайиб, кучга тўлиб кетишлари Инжилда юқорида зикр қилинганидек ўсимликка ўхшатилиши) улар сабабли кофирларни хафа қилиш учундир. Аллоҳ (мўминлардан) иймон келтириб, яхши амаллар қилган зотларга мағфират ва улуғ ажр-мукофот ваъда қилгандир.
Bu oyati karima Muhammad alayhissalomning Rasullik sifatlarini taʼkidlash bilan boshlanmoqda.
«Muhammad Allohning Rasulidir...»
Maʼlumki, mushrik va kofirlar bu sifatlarni inkor qilgan edilar. Ularning vakili Suhayl ibn Amr, mazkur sura tafsiri avvalida aytilganidek, Paygʻambar alayhissalom sulh matnini imlo qilayotganlarida, matndan «Allohning Rasuli» degan iborani oʻzgartirishlarini qatʼiy talab qilib turib olgan edi. «Biz sening Allohning Rasuli ekaningni tan olganimizda bu ishlarni qilmas edik» degan maʼnoda gap qilgan edi. Oyati karima mushriklarning mana shu qaysarliklariga qaqshatqich zarba bermoqda. Moʻmin-musulmonlarning yaxshi sifatlari koʻp, ammo ushbu oyatda ularning vakillari boʻlmish sahobai kiromlarning baʼzi sifatlari maxsus vasf qilinmoqda:
«... u bilan birga boʻlganlar kofirlarga shiddatli, oʻzaro rahimdildirlar».
Sahobai kiromlarning fazllarini zohir etish uchun keltirilgan ushbu sifat har bir moʻminning ham sifati boʻlishi lozim. Sahobalar, otalari yoki bolalari kofirlar safida boʻlsalar, ularga qarshi ham qattiqqoʻl boʻlganlar. Ammo, kim boʻlishidan qatʼinazar, musulmonga mehribon boʻlishgan.
«... Allohdan fazl va rozilik tilab rukuʼ va sajda qilgan hollarini koʻrasan...»
Ularning asosiy sifatlaridan biri–hamma ishni Allohning fazli va roziligi uchun qilishlari. Boshqa biror taraf yoki shaxsning roziligi deb Allohning roziligini chetga surmaydilar. Shuning uchun, fazlu marhamatni ham faqat yagona Allohning Oʻzidan kutadilar.
Yana bir sifatlari,
«rukuʼ va sajda qilgan hollarini koʻrasan».
Ular doim rukuʼ va sajda holatida, yaʼni, ibodat holatida boʻladilar. Moʻmin-musulmon shaxsning, xossatan, oyatda madhlari kelayotgan sahobai kiromlarning barcha hayotlari ibodatdan iboratdir. Lekin, shunday boʻlsa ham, bandaning Allohga eng yaqin boʻladigan payti–rukuʼ va sajda paytining oyatda zikr qilinishi bejiz emas. Oyati karimadagi tavsifdan ular xuddi doimo rukuʼ va sajdada turgandek tasavvur paydo boʻladi.
«Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydi).»
Yaʼni, ibodatning asari yuzlaridan bilinib turadi. Bu, oddiy haqiqat boʻlib, ibodatli, pok, taqvodor insonlarning yuzlaridan iymon nuri yogʻilib turishini har bir mulohazali, koʻzi ochiq kishi koʻra oladi.
Paygʻambarimizdan qilingan rivoyatlardan birida: kimning kechasida namozi koʻpaysa, kunduzida yuzi chiroyli boʻladi, deyilgan. Sahobai kiromlar bu borada hammaga oʻrnak boʻlganlar.
«Ana oʻsha, ularning Tavrot va Injildagi misollaridir.»
Ushbu oyati karimadan maʼlum boʻladiki, sahobai kiromlarning sifatlari avvalgi ilohiy kitoblar Tavrot va Injilda ham zikr qilingan. Maʼlumki, hozirda yahudiylarning qoʻllaridagi Tavrot Muso alayhissalomga Alloh taolodan tushirilgan haqiqiy Tavrot emas, balki buzilib, rostidan yolgʻoni, toʻgʻrisidan notoʻgʻrisi koʻp holatga kelgan bir kitobdir. Injil haqida ham xuddi shu narsani aytish mumkin. Shunday boʻlsa-da, ulamolarimiz bu ikki kitobning hozirgi nusxalaridan ham mazkur oyati karimani tasdiqlovchi matnlarni topishgan. Biz oʻrganayotgan oyati karimada esa, haqiqiy, hech buzilmagan ilohiy vasf kelgan, u ham boʻlsa:
«Bu, xuddi, urugʻini yorib chiqib, quvvatlanib, yoʻgʻonlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga oʻxshar».
Ushbu zarbulmasal ila Alloh taolo Islom dinining boshlanishi, oʻsishi, ulgʻayishini bayon qilmoqda. Chunki, Muhammad alay- hissalom yolgʻiz oʻzlari boshlagan daʼvatni sahobai kiromlar qoʻllab-quvvatladilar va shu tarzda, xuddi, qobigʻini yorib chiqqan urugʻ asta-sekin rivojlanib, dehqonning koʻzini quvontiradigan oʻsimlikka aylangani singari, Islom ham Paygʻambarimiz boshchiliklaridagi sahobalar jamiyatida oʻsib koʻzni quvontirib bordi.
Lekin bu holat kofirlarning gʻazabini qoʻzitar edi. Shuning uchun ham, oyati karimada
«Kofirlarning gʻazabini qoʻzitish uchun», degan ibora keldi. Ushbu maʼnodan kelib chiqadiki, sahobalardan gʻazabi qoʻzigan, ularni behurmat qilganlar kofirlar qatoriga qoʻshilar ekanlar. Oyatdagi shunchalik izzat-ikrom ustiga Alloh taolo sahobai kiromlarga yana magʻfirat va ulugʻ ajrlarni ham vaʼda qilmoqda:
«Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlarga magʻfirat va ulugʻ ajrlarni vaʼda qildi».
Albatta, Allohning vaʼdasi haq, U zot Oʻz vaʼdasiga aslo xilof qilmaydi. Sahobalar–ulugʻ insonlar. Paygʻambarimizning suhbatlarini topishdan ham ulugʻroq baxt bormi dunyoda?! Shuning uchun ham, har bir musulmon sahobai kiromlarning hurmatlarini oʻrniga qoʻyishi lozim. Ularga nisbatan beodoblik qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hadisi shariflaridan birida: «Sahobalarimni soʻkmanglar, mening nafsim qoʻlida boʻlgan Zot bilan qasamki, agar birortangiz Uhud togʻidek oltin nafaqa qilsangiz ham, ularning bittasining bir muddiga (ogʻirlik oʻlchovi) toʻgʻri kelmaydi», deganlar.
Alloh subhanahu va taolo barchamizni sahobai kiromlardan oʻrnak olib, ularni hurmatlab yashashga muyassar qilsin.