يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا يَسْخَرْ قَوْمٌ مِّن قَوْمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُوا۟ خَيْرًا مِّنْهُمْ وَلَا نِسَآءٌ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيْرًا مِّنْهُنَّ ۖ وَلَا تَلْمِزُوٓا۟ أَنفُسَكُمْ وَلَا تَنَابَزُوا۟ بِٱلْأَلْقَـٰبِ ۖ بِئْسَ ٱلِٱسْمُ ٱلْفُسُوقُ بَعْدَ ٱلْإِيمَـٰنِ ۚ وَمَن لَّمْ يَتُبْ فَأُو۟لَـٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّـٰلِمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va o`zingizni o`zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo`ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o`shalar, o`zlari zolimlardir.Эй, иймон келтирганлар! Бир қавм бошқасини масхара қилмасин, эҳтимол, улар булардан яхшироқдир. Ва аёллар ҳам бошқа аёлларни (масхара қилмасин), эҳтимол, улар булардан яхшироқдир. Ва ўзингизни ўзингиз мазах қилманг, бир-бирингизга лақаб қўйманг. Иймондан кейин фосиқлик исми нақадар ёмон! Ва ким тавба қилмаса, бас, ана ўшалар, ўзлари золимлардир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, (sizlardan boʻlgan) bir qavm (boshqa) bir (moʻmin) qavm ustidan masxara qilib kulmasin — ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Yana (sizlardan boʻlgan) ayollar ham (boshqa moʻmina) ayollar ustidan (masxara qilib kulmasinlar) ehtimolki, (oʻsha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq boʻlsalar. Oʻzlaringizni (yaʼni, bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizga laqablar qoʻyib olmanglar! Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (yaʼni, moʻmin kishining yuqorida manʼ qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, ana oʻshalar zolim kimsalarning oʻzidirlar.Эй мўминлар, (сизлардан бўлган) бир қавм (бошқа) бир (мўмин) қавм устидан масхара қилиб кулмасин — эҳтимолки, (ўша масхара қилинган қавм) улардан яхшироқ бўлсалар. Яна (сизлардан бўлган) аёллар ҳам (бошқа мўмина) аёллар устидан (масхара қилиб кулмасинлар) эҳтимолки, (ўша масхара қилинган аёллар) улардан яхшироқ бўлсалар. Ўзларингизни (яъни, бир-бирларингизни) мазах қилманглар ва бир-бирларингизга лақаблар қўйиб олманглар! Иймондан кейин фосиқлик билан номланиш (яъни, мўмин кишининг юқорида манъ қилинган фосиқона ишлар билан ном чиқариши) нақадар ёмондир. Ким тавба қилмаса, ана ўшалар золим кимсаларнинг ўзидирлар.
Albatta oʻzgalarni masxara qilish yomon odat boʻlib, jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning buzilishiga sabab boʻladi. Bir odam ikkinchisini masxara qilsa, kamsitsa, ustidan kulsa, albatta, masxara qilingan odamning achchigʻi chiqadi, u ham masxara qiluvchiga oʻziga yarasha javob berishga urinadi. Orada nizo-janjal chiqadi, ijtimoiy aloqalar buziladi va jamiyat zaiflashadi. Islom esa doimo musulmonlar jamiyatining mustahkam boʻlishi uchun qaygʻuradi. Shuning uchun ham, ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarni bir-birini masxara qilishdan qaytarmoqda.
«Ey, iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol ular bulardan yaxshiroqdir.»
Eʼtibor beradigan boʻlsak, Alloh taolo ushbu oyatni yana
«Ey, iymon keltirganlar!» nidosi ila boshlamoqda. Bu, mazkur surai sharifaning avvalidan beri bu shakldagi toʻrtinchi nidodir. Shuning oʻzi ham nidodan keyin keladigan masala oʻta muhimligidan darak beradi.
Ojiz inson har narsani oʻz oʻlchovi bilan oʻlchashga harakat qiladi. Shuningdek, masxara qiluvchilar ham oʻzlaricha odamlarning qadrini oʻlchashib, boy kambagʻaldan, kuchli kuchsizdan, amaldor amali yoʻqdan, farzandi koʻp farzandsizdan kulishi mumkin. Lekin Allohning oʻlchovi boshqa. Ehtimol, hech kim koʻzga ilmaydigan bir inson Allohning huzurida minglab boy, zodagon, uddaburolardan chandon-chandon yaxshi martabadadir.
Odatda, koʻpgina ishlar haqidagi hukmlar erkaklarga xitoban aytilsa-da, oʻz-oʻzidan, ayollarni ham ichiga olib ketaveradi. Ammo, bir-birini masxara qilishdan manʼ qiluvchi xitobda erkaklardan keyin ayollar alohida zikr qilingan.
«Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir.»
Nimaga? Chunki, bir-birini masxara qilib ustidan kulish, turli ishlar bilan faxrlanib oʻzgalarni kamsitish ayollarda koʻproq uchraydi. Chiroyli ayol xunugini, boyi kambagʻalini, yoshi qarisini, mohirasi noʻnogʻini masxara qilib ustidan kuladi. Lekin Allohning oʻlchovi boshqa-ku! Ehtimol, hayotda xunuk, kambagʻal, noʻnoq boʻlgan ayol Allohning huzurida minglab chiroyli, boy va mohira ayollardan koʻra yaxshiroqdir.
Ha, kishilar qadrini oʻlchashda Allohning tarozusi haqiqiy tarozu hisoblanadi.
Soʻngra oyatda moʻminlar yana bir yuksak odobga chaqiriladilar:
«Va oʻzingizni oʻzingiz mazax qilmang».
Oyati karimadagi ushbu jumla kim biror moʻminni mazax qilsa, oʻzini mazax qilgan bilan barobar ekanligini aytmoqda. Chunki, ular bir oilaning farzandlari, bir jismning aʼzolari, shuning uchun, kim biror birodarini mazax qilsa, oʻzini mazax qilgan boʻladi. Biz «mazax qilish» deb tarjima qilayotgan soʻz oyatda «La talmizu» boʻlib kelgan. Bu soʻz «lamz»dan olingan boʻlib, biror kishining nuqsonlarini til bilan zikr qilib ayblashga aytiladi. Misol uchun, falonchi koʻr, pismadonchi choʻloq yoki anavu mana bundoq qilib gapiradi, kabilar. Albatta, bir-birini mazax qilish orqasidan jamiyat aʼzolari orasida oʻzaro kelishmovchiliklar, noroziliklar kelib chiqadi. Natijada, ijtimoiy aloqalar buziladi, jamiyatga katta zarar yetadi. Islom jamiyatida esa, buning aksi boʻlishi kerak.
Oyati karimada daʼvat qilinayotgan uchinchi yuksak odob Allohning:
«bir-biringizga laqab qoʻymang», degan soʻzida namoyon boʻlgan.
Odatda, laqab qoʻyish orqali bir kishini kamsitish, masxara qilish maqsadi boʻladi. Umuman, laqab yomon sifatlarni zikr qilishdan iborat. Demak, bu ish aslida yaxshi emas. Islom goʻzal din, goʻzallikni targʻib qiluvchi din, «Alloh goʻzaldir, Alloh goʻzallikni yaxshi koʻradi», deyiladi asarlarda.
Shuning uchun ham, Paygʻambar alayhissalom johiliyat paytidan qolgan xunuk ism va laqablarni chiroylisiga almashtirganlari hammaga maʼlum.
Imom Ahmad qilgan rivoyatda Abu Jubayra ibn Az-Zahhok deganlarki: «Bir-biringizni mazax qilmang» oyati bizning Bani Salama qabilamiz haqida nozil boʻlgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynaga kelganlarida, bizning har birimizning ikki yoki uch xil nomlarimiz bor edi. Agar u kishi birortamizni oʻsha ismlardan birini aytib chaqirsalar, kishilar: «Ey Rasululloh, u bu ismni eshitsa, gʻazabi chiqadi», deyishardi».
Keyingi davrlarda ham bu gʻayri odobiy ishga qarshi qattiq kurash olib borilgan. Laqab qoʻyish orqali insonni kamsitish katta gunoh hisoblanadi. Ayniqsa, u inson moʻmin boʻlsa. Shuning uchun ham, oyatda:
«Iymondan keyin fosiqlik ismi qandoq ham yomon!»–deyilmoqda.
Agar baʼzi kishilar bir-birlariga laqab qoʻyishib yurgan boʻlsalar, hukmni bilmagan boʻlsalar, endi hukmni bilib, tushunib yetib, tavba qilsinlar, astoydil nadomat chekib, keyin bu ishni takrorlamasinlar. Shunda, Alloh taolo ularning avvalgi gunohlarini kechiradi. Tavba qilmaganlar-chi? Bu savolga javob oyatning oʻzida kelgan:
«Va kim tavba qilmasa, bas, ana oʻshalar oʻzlari zolimlardir».
Sof islomiy jamiyatda kishilarning izzat-obroʻlari, shaxsiy hurriyatlari qanday saqlanishi haqidagi yoʻl-yoʻriqlar kelgusi oyatda davom etadi.