يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَسْـَٔلُوا۟ عَنْ أَشْيَآءَ إِن تُبْدَ لَكُمْ تَسُؤْكُمْ وَإِن تَسْـَٔلُوا۟ عَنْهَا حِينَ يُنَزَّلُ ٱلْقُرْءَانُ تُبْدَ لَكُمْ عَفَا ٱللَّهُ عَنْهَا ۗ وَٱللَّهُ غَفُورٌ حَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Har xil narsalarni so`rayvermanglar. Agar zohir bo`lsa, sizga yomon bo`ladir. Agar Qur'on nozil qilinib turgan chog`da so`rasangiz, sizga zohir bo`ladir. Holbuki, Alloh ularni afv qilgan edi. Alloh mag`firatli va Haliym Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Ҳар хил нарсаларни сўрайверманглар. Агар зоҳир бўлса, сизга ёмон бўладир. Агар Қуръон нозил қилиниб турган чоғда сўрасангиз, сизга зоҳир бўладир. Ҳолбуки, Аллоҳ уларни афв қилган эди. Аллоҳ мағфиратли ва Ҳалийм Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, (Alloh sizlardan kechib yuborgan), ochilganda sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida soʻramanglar! Qurʼon nozil boʻlayotganda u narsalar haqida soʻrasangiz, sizlarga ochib beriladi (yaʼni, zimmangizga yuklanadi). Holbuki, Alloh u narsalarni kechib yuborgan edi. Alloh magʻfiratli, halimdir.Эй мўминлар, (Аллоҳ сизлардан кечиб юборган), очилганда сизларни хафа қиладиган нарсалар ҳақида сўраманглар! Қуръон нозил бўлаётганда у нарсалар ҳақида сўрасангиз, сизларга очиб берилади (яъни, зиммангизга юкланади). Ҳолбуки, Аллоҳ у нарсаларни кечиб юборган эди. Аллоҳ мағфиратли, ҳалимдир.
Bu oyati karimaning sababi nuzuli haqida koʻplab rivoyatlar bor. Ulardan birini yuqorida zikr qildik. Aslida, bu oyat oʻsha paytda keng yoyilgan bir odatni muolaja etish uchun nozil qilingandir.
Endigina johiliyat zamonidan chiqa boshlagan odamlarning tabiati ham har xil boʻlgan. Ular orasida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga boʻlar-boʻlmas savollar bilan murojaat qiluvchilari ham mavjud ekan. Baʼzilari oʻzini koʻrsatish uchun, baʼzilari fitna qoʻzish uchun va yana boshqalari farosati yetmaganidan ham savol beraverarkan. Oʻsha paytdagi voqelikni tasvirlovchi rivoyatlarda bu hol yaqqol koʻzga tashlanib turadi.
Imom ibn Jarir Tobariy Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar zikr qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gʻazablanib, yuzlari qizarib, minbarga chiqib oʻtirdilar. Shunda bir odam turib qarshilariga bordi-da:
«Mening joyim qayerda?»–deb soʻradi.
«Doʻzaxda!»–dedilar.
Boshqa biri turib:
«Mening otam kim?»–dedi.
«Otang Huzayfa!»–dedilar.
Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu oʻrinlaridan turib:
«Allohni Robb deb, Islomni din, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Paygʻambar va Qurʼonni Imom, deb rozi boʻldik. Ey, Allohning Rasuli, albatta, biz johiliyatdan va shirkdan yaqindagina chiqqan odamlarmiz. Otalarimizning kimligini Allohning Oʻzi biladi», dedi.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam gʻazabdan tushdilar. Keyin:
«Ey, iymon keltirganlar, har xil narsalarni soʻrayvermanglar», oyati nozil boʻldi».
Bundan boshqa rivoyatlar ham bor. Ammo, mazkurlari kifoya qilar, degan fikrdamiz.
Bu oyatni oʻrganar ekanmiz, anglab yetamizki, Qurʼoni Karim aqiyda, shariat masalalarini bayon qilish bilan birga, musulmonlarning kundalik hayotlariga aralashib, ularning qoʻlidan yetaklab, tarbiyalab ham borgan. Hatto savol berish odobigacha oʻrgatgan.
Aslida, soʻrab oʻrganish, maʼrifat hosil qilish yaxshi narsa. Ammo hamma narsaning meʼyori va chegarasi boʻlganidek, savolning ham chegarasi va uslubi bor. Islom voqelik dini boʻlganidan, maʼrifat uchun beriladigan savollar ham voqelikdan kelib chiqishi, kishilarga manfaat jalb etishi lozim. Insonning ilmini oshirmaydigan, maʼrifatiga xizmat qilmaydigan, voqelikda boʻlmaydigan ikir-chikirlarni soʻrayverishdan kimga va nima foyda bor? Ayniqsa, Qurʼon nozil etilib turgan paytda. Chunki, shariatning yangidan-yangi hukmlari joriy etilib turgan paytda har xil savollar berilaversa, qoʻshimcha hukmlar tushib, koʻpchilikka jabr boʻlib qolish ehtimoli bordir. «Haj har yili farzmi?»–deb qayta-qayta soʻragan odamga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Agar, ha, desam, farz boʻlib qolardi», deb javob qilganlaridan ham shu maʼno chiqadi. Oʻsha bir kishining savoli sabab boʻlib, haj ibodati har yili farz boʻlib qolganda, musulmonlarga qanchalik qiyin boʻlishini tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Boʻlar-boʻlmas narsalarni soʻrayverish har xil qiyinchilik va noqulayliklarga sabab boʻlishi mumkinligidan ham uni man qilinmoqda.
Boshqa rivoyatlarda zikr qilinishicha, yuqoridagi rivoyatda: «Otam kim?»–deb soʻragan odam Abdulloh ibn Huzayfa roziyallohu anhu boʻlgan. U kishi qadimdan musulmon edi. Habashistonga hijrat qilgan, Badr gʻazotida qatnashgan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning elchilari sifatida u zotning maktublarini Fors podshohi Kisroga olib borgan eʼtiborli shaxs edi. Ammo u kishi dabdurustdan «Otam kim?»–deb noqulay savol berdi. Savolining noqulayligini, ayniqsa, onasidan dakki eshitganida, yana ham yaxshiroq his etdi. Onasi u kishiga: «Sendan koʻra oqroq bolani koʻrmadim. Onang johiliyat ayollari qilgan ishlarni qilib qoʻygan boʻlganida, uni odamlar orasida sharmanda qilgan boʻlar eding!»–degan ekan. Shunda Abdulloh ibn Huzayfa: «Allohga qasamki, Rasululloh meni bir qora qul nasabidansan deganlarida, shunday boʻlar edi», dedi. Yaʼni, Abdullohning otasi Huzayfa ekani maʼlum va mashhur boʻlishiga qaramay, xuddi onam xiyonat qilib birov bilan zino qilmaganmikan, degandek shubhaga borib savol bergan.
Shunga oʻxshash noqulayliklardan musulmonlarni saqlash maqsadida ularga xitob qilinib:
«Ey, iymon keltirganlar! Har xil narsalarni soʻrayvermanglar. Agar zohir boʻlsa, sizga yomon boʻladir», deyilmoqda.
Yaʼni, sizga kerakli qismi aytib qoʻyilgan, soʻragan narsangiz yuzaga chiqsa, oʻzingizga yomon boʻladi. Toqatingizdan tashqari taklif boʻlishi yoki boshqa bir ogʻirroq hukm kelishi mumkin.
Imom Buxoriyning «Sahih»larida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo sizlarga farzlarni buyurdi, ularni zoye qilmang; chegaralar qoʻydi, undan tajovuz qilmang; bir qancha narsalarni harom qildi, ularni poymol qilmang; sizlarga rahim etib, esidan chiqib emas, bir qancha narsalarni zikr qilmadi, ular haqida soʻramang», deydilar.
Imom Muslim Omir ibn Saʼddan, u esa, oʻz otasidan qilgan rivoyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim musulmonlarga harom qilinmagan bir narsa haqida soʻrasayu, uning savoli sababidan oʻsha narsa musulmonlarga harom qilinsa, oʻsha odam musulmonlar haqida eng katta gunoh qilgan boʻladi», deydilar.
Bu hollar Qurʼoni Karim tushib turgan paytda ayniqsa xavfli boʻlib, har bir lahzada yangi oyat tushib, qoʻshimcha savol tufayli musulmonlarga taklif kuchayishi ehtimoli boʻladi.
Avvalgi avlod musulmonlari bu haqiqatni yaxshi tushunib yetganlaridan, oʻzlarini ehtiyot qilishar edi.
Imom Dorimiy hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda u kishi: «Rasulullohning sahobalaridan koʻra yaxshiroq qavmni koʻrmadim. Ular u zot vafot etgunlariga qadar oʻn uchta savol soʻrashgan, xolos. Bu savollarning hammasi Qurʼonda zikr qilingan. «Sendan harom oy haqida soʻraydilar»; «Sendan hayz haqida soʻraydilar», kabi. Ular faqat oʻzlariga manfaatli narsalarnigina soʻrashar edi», deganlar.
Imom Molik esa: «Men bu yurtning (yaʼni, Madiynai Munavvaraning) kitob va sunnatdan boshqa narsaga amal qilmasligini koʻrdim. Agar bir yangi masala paydo boʻlsa, amir ulamolarni toʻplardi. Ulamolar nimaga ittifoq qilsalar, amalga oshirardilar. Sizlar boʻlsa, savollarni koʻpaytiraverasizlar, Rasululloh bu ishni xush koʻrmaganlar», degan ekanlar.
Ha, afsuski, zamonlar kelib musulmonlar Islomning boshqa taʼlimotlari qatori bu taʼlimotini ham unutib, boʻlar-boʻlmas masalalarni xayolan toʻqib chiqarishga, uni hal qilishga ortiqcha vaqt, aql-zakovat va kuch-quvvat sarflashga oʻtib ketdilar. Bu haqda koʻp gaplar boʻlib oʻtgan. Ammo, hammasi befoyda narsalar ekanligi odamni afsuslantiradi. Baʼzi fiqh kitoblarida shu qabildagi masalani oʻqisang, hayron qolasan. Misol uchun, quyidagicha savol beriladi: «Homilador ayolni toʻlgʻoq tutib, bolaning boshi chiqqanda namoz vaqti kirib qolsa, qanday qilib namoz oʻqiydi?» Javob tayyor: «Bolaning boshidan kattaroq qilib yerdan chuqur kovlaydi. Sajdaga borganda, oʻtirganda, bolaning boshi oʻsha chuqurda tushib turadi, hech qayerga tegmaydi. Zarar tortmaydi». Lekin «Voqelikda shu ish boʻlishi mumkinmi?»–degan fikr xayolga kelmagan.
Bunga oʻxshash savollar va ularga javob axtarishlar, javob bir xil boʻlmay qolsa, orada janjal chiqarishlar keragidan ortiq koʻrilgan. Bunday hol faqat fiqhda emas, ilmi kalom, falsafa va boshqa sohalarda ham avj olgan. Oqibat hammaga maʼlum. Aslida, bu ishlar Islom ruhiga toʻgʻri kelmaydi. Voqelikda boʻlmagan narsani savol qilib soʻrash avvalgi musulmonlar odatida yoʻq edi.
Imom Dorimiy oʻzlarining «Sunan» kitoblarida rivoyat qilishlaricha, Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu boʻlmagan narsani soʻragan odamni laʼnatlar ekanlar.
Zuhriy roziyallohu anhudan qilingan rivoyatga qaraganda, ulugʻ sahobalardan Zayd ibn Sobit al-Ansoriy roziyallohu anhu biror ish haqida masala soʻralsa, «Bu sodir boʻldimi?»–deb soʻrar ekanlar. Agar, ha sodir boʻldi, deyilsa, u ish haqida bilganlarini aytar ekanlar. Agar, hali sodir boʻlgani yoʻq, deyilsa: «Sodir boʻlguncha qoʻyib turinglar», der ekanlar.
Behuda savollarni beravermaslik haqida bir qancha hadisi shariflar ham bor.
Imom Muslim Mugʻiyra ibn Shuʼba roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo sizlarga onalarga oq boʻlishni, qizlarni tiriklayish koʻmishni va man qilib turib, ber, deyishni harom qildi. U sizlarga uch narsani yomon koʻrdi: «qiylu-qolni» («dedi-dedi»ni), koʻp savolni va molni zoye qilishni», dedilar.
Ushbu oyatning nozil boʻlishiga bir qancha sabablar boʻlib, ularning har birida yetarlicha vaʼz-nasihatlar borligini avvalda koʻrdik. Shunga ham qaramasdan, Alloh taolo koʻp beoʻrin savol yaxshilikka olib bormasligini oʻtganlarning misolida ham oʻrnak qilib koʻrsatishni iroda qildi va quyidagi oyatni tushirdi: