۞ وَلَقَدْ أَخَذَ ٱللَّهُ مِيثَـٰقَ بَنِىٓ إِسْرَٰٓءِيلَ وَبَعَثْنَا مِنْهُمُ ٱثْنَىْ عَشَرَ نَقِيبًا ۖ وَقَالَ ٱللَّهُ إِنِّى مَعَكُمْ ۖ لَئِنْ أَقَمْتُمُ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَيْتُمُ ٱلزَّكَوٰةَ وَءَامَنتُم بِرُسُلِى وَعَزَّرْتُمُوهُمْ وَأَقْرَضْتُمُ ٱللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا لَّأُكَفِّرَنَّ عَنكُمْ سَيِّـَٔاتِكُمْ وَلَأُدْخِلَنَّكُمْ جَنَّـٰتٍ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَـٰرُ ۚ فَمَن كَفَرَ بَعْدَ ذَٰلِكَ مِنكُمْ فَقَدْ ضَلَّ سَوَآءَ ٱلسَّبِيلِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, Alloh Bani Isroildan ahdnoma oldi. Ulardan o`n ikkitasini naqib qilib yubordik. Va Alloh: «Albatta, Men sizlar bilanman. Agar namozni qoim qilsangiz, zakotni bersangiz, Payg`ambarlarimga iymon keltirsangiz, ularni qo`llasangiz va Allohga yaxshi qarz bersangiz, albatta, sizning xatolaringizni kechiraman hamda sizni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritaman. Bas, bundan keyin ham sizdan kim kufr keltirsa, batahqiq, to`g`ri yo`ldan adashgan bo`ladir», dedi.Батаҳқиқ, Аллоҳ Бани Исроилдан аҳднома олди. Улардан ўн иккитасини нақиб қилиб юбордик. Ва Аллоҳ: «Албатта, Мен сизлар биланман. Агар намозни қоим қилсангиз, закотни берсангиз, Пайғамбарларимга иймон келтирсангиз, уларни қўлласангиз ва Аллоҳга яхши қарз берсангиз, албатта, сизнинг хатоларингизни кечираман ҳамда сизни остидан анҳорлар оқиб турадиган жаннатларга киритаман. Бас, бундан кейин ҳам сиздан ким куфр келтирса, батаҳқиқ, тўғри йўлдан адашган бўладир», деди.Alauddin Mansour: Alloh Bani Isroilning ahd-paymonini oldi va oʻzlaridan oʻn ikki boshliqni (Muso bilan birga, Shom zaminini maskan tutgan kofirlarga qarshi jang qilish uchun) joʻnatib, aytdi: «Albatta Men sizlar bilan birgaman. Qasamki, agar namozni toʻkis ado qilsangiz, zakotni (haqdorlarga) ato qilsangiz, paygʻambarlarimga iymon keltirib, yordam bersangiz va (beva-bechoralarga yaxshilik — ehson qilish bilan) Allohga qarzi hasana bersangiz (yaxshilik va Uning yoʻlida infoq-ehson qilsangiz), albatta yomonliklaringizni (yaʼni, qilgan gunohlaringizni) oʻchirurman va albatta sizlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga doxil qilurman. Mana shu ahd-paymondan keyin sizlardan kimki kofir boʻlsa, uning Toʻgʻri Yoʻldan ozgani aniqdir».Аллоҳ Бани Исроилнинг аҳд-паймонини олди ва ўзларидан ўн икки бошлиқни (Мусо билан бирга, Шом заминини маскан тутган кофирларга қарши жанг қилиш учун) жўнатиб, айтди: «Албатта Мен сизлар билан биргаман. Қасамки, агар намозни тўкис адо қилсангиз, закотни (ҳақдорларга) ато қилсангиз, пайғамбарларимга иймон келтириб, ёрдам берсангиз ва (бева-бечораларга яхшилик — эҳсон қилиш билан) Аллоҳга қарзи ҳасана берсангиз (яхшилик ва Унинг йўлида инфоқ-эҳсон қилсангиз), албатта ёмонликларингизни (яъни, қилган гуноҳларингизни) ўчирурман ва албатта сизларни остидан дарёлар оқиб турадиган жаннатларга дохил қилурман. Мана шу аҳд-паймондан кейин сизлардан кимки кофир бўлса, унинг Тўғри Йўлдан озгани аниқдир».
Ushbu oyatdan koʻrinib turibdiki, bandalardan miysoq–taʼkidlangan ahdnoma olish Allohning avvaldan boʻlib kelayotgan odati ekan. Bunday ahdnoma faqat musulmonlardan emas, balki boshqa ummatlardan, jumladan, Bani Isroildan ham olingan ekan.
«Batahqiq, Alloh Bani Isroildan ahdnoma oldi».
Bani Isroil–yahudiylardir. Isroil–Yaʼqub alayhissalomning ikkinchi ismlari. Maʼlumki, u kishining oʻn ikkita oʻgʻillari boʻlgan. Ushbu oʻn ikki oʻgʻildan tarqalgan zurriyotlar Bani Isroilni tashkil etadi. Alloh taolo ahdni oʻsha oʻn ikki urugʻning (asbotning) oʻn ikki naqibi–vakilidan olgan.
«Ulardan oʻn ikkitasini naqib qilib yubordik», deyilishi shundan.
Alloh bilan Bani Isroil orasidagi ahdnoma nima haqida boʻlganini oyatning davomidan bilamiz:
«Va Alloh: «Albatta, Men sizlar bilanman», dedi.
Ammo Allohning Bani Isroil bilan birga boʻlish haqidagi ahdi bekordan-bekorga emas. Sharti bor. Oʻsha shartlarga Bani Isroil amal qilgandagina ahd kuchga kirishi kerak. Xoʻsh, ular qaysi shartlar ekan?
Birinchisi:
«Agar namozni qoim qilsangiz».
Namozning farzligini tan olish yoki oʻqish emas, balki namozni qoim qilishlik. Yaʼni, uning aslini mustahkam qilib, Parvardigori Olam bilan banda orasidagi haqiqiy aloqaga aylantirish lozim edi. Bu degani–namozni Alloh iroda qilgandek ado etib, undan kutilgan natijalarni, jumladan, tarbiyaviy, axloqiy, ijtimoiy natijalarni fahsh va munkar ishlardan qaytaradigan darajada manfaatli holga erishtirish lozim edi.
Ikkinchisi:
«Zakotni bersangiz».
Bu borada ham xuddi namoz toʻgʻrisida aytilgan gaplarni aytish mumkin. Zakotni Alloh xohlagandek qilib ado etish lozim. Undan koʻzlangan barcha hikmat va foydalar yuzaga chiqishi, zakot orqali iqtisodiy hayot ilohiy qoidalar asosida boradigan boʻlishi kerak.
Uchinchisi:
«Paygʻambarlarimga iymon keltirsangiz va ularni qoʻllasangiz».
Bu ham juda muhim ish. Alloh yuborgan Paygʻambarlarning barchasiga hech birlarini ayirmasdan iymon keltirish. Ularning hammasi Alloh tomonidan yuborilgan Paygʻambarlar, deb eʼtiqod qilish lozim. Ulardan birortalariga kufr keltirish hammalariga kufr keltirishga, qolaversa, Alloh taologa ham kufr keltirishga tengdir. Allohning Paygʻambarlariga iymon keltirishning oʻzi yetarli emas. Balki, iymonni amalga tarjima ham qilish kerak. Paygʻambar alayhissalomlarni qoʻllash ham kerak. U zotlar oʻz hayotlarini bagʻishlagan xayrli ishga ularga iymon keltirganlar ham oʻz hayotlarini va butun vujudlarini bagʻishlamoqlari zarur.
Toʻrtinchisi:
«Va Allohga yaxshi qarz bersangiz».
Islomiy va, xususan, Qurʼoniy istilohda «yaxshi qarz» deb xayru ehsonga aytiladi. Ayniqsa, Allohga yaxshi qarz berish aynan shu maʼnoni anglatadi. Oddiy hollarda esa, ribosiz, yordam uchun berilgan qarzga aytiladi. Bundan Allohning yoʻlida molu pul sarflash, xayru ehson qilish tushuniladi. Xossatan, Paygʻambarlarni qoʻllash, Islom diniga xizmat qilishda mol-pul sarflash ham zaruriy amallardan hisoblanadi.
Shu shartlarni bajo qilganlaridagina, Alloh taolo Oʻz ahdiga binoan Bani Isroil bilan birga boʻladi. Va yana boshqa yaxshiliklarga ham erishadilar.
«...albatta, sizning xatolaringizni kechiraman».
Namoz oʻqish, zakot berish, Paygʻambarlarga iymon keltirish va Allohga yaxshi qarz berish Bani Isroilning xatolarining kechirilishiga ham sabab boʻladi. Bu ulugʻ amallarning mukofoti shu bilan tugab qolmaydi. Asosiy mukofot:
«...hamda sizni ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritaman».
Bu oliy mukofotdir. Ushbu mukofotga erishish uchun har qancha amal, har qancha harakat qilinsa, urinilsa, arziydi. Ushbu bayonotlarni eshitgan har bir inson, albatta, Alloh taologa iymon keltirib, U qoʻygan shartlarni bajarishga oʻtadi. Mantiq shuni taqozo qiladi. Agar bunday boʻlmasa:
«Bas, bundan keyin ham sizdan kimki kufr keltirsa, batahqiq, toʻgʻri yoʻldan adashgan boʻladir».
Alloh taolo bilan Bani Isroil orasidagi ahdnoma ana shundan iborat edi. Xoʻsh, unga amal qilindimi? Oqibati nima boʻldi?