فَبِمَا نَقْضِهِم مِّيثَـٰقَهُمْ لَعَنَّـٰهُمْ وَجَعَلْنَا قُلُوبَهُمْ قَـٰسِيَةً ۖ يُحَرِّفُونَ ٱلْكَلِمَ عَن مَّوَاضِعِهِۦ ۙ وَنَسُوا۟ حَظًّا مِّمَّا ذُكِّرُوا۟ بِهِۦ ۚ وَلَا تَزَالُ تَطَّلِعُ عَلَىٰ خَآئِنَةٍ مِّنْهُمْ إِلَّا قَلِيلًا مِّنْهُمْ ۖ فَٱعْفُ عَنْهُمْ وَٱصْفَحْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُحْسِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ahdlarini buzganlari uchun ularni la'natladik va qalblarini qattiq qildik. Ular kalimalarni o`z o`rnidan o`zgartirdilar. O`zlariga eslatma bo`lgan narsadan ko`p nasibani unutdilar. Ularning ozginalaridan boshqalaridan mudom xiyonat ko`rasan. Bas, ularni afv et va ayblarini o`tib yubor. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevar.Аҳдларини бузганлари учун уларни лаънатладик ва қалбларини қаттиқ қилдик. Улар калималарни ўз ўрнидан ўзгартирдилар. Ўзларига эслатма бўлган нарсадан кўп насибани унутдилар. Уларнинг озгиналаридан бошқаларидан мудом хиёнат кўрасан. Бас, уларни афв эт ва айбларини ўтиб юбор. Албатта, Аллоҳ яхшилик қилувчиларни севар.Alauddin Mansour: Soʻng ahd-paymonlarini buzganlari sababli ularni laʼnatladik va toshbagʻir qilib qoʻydik. Ular (Tavrotdagi Muhammad alayhis-salotu vas-salomning paygʻambar boʻlishlari haqidagi) soʻzlarini oʻz oʻrinlaridan oʻzgartiradilar, oʻzlariga eslatma qilib berilgan narsalardan esa (koʻp) hissasini unutib yuborganlar. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), siz mudom ular tarafidan qilingan biron xiyonat ustidan chiqasiz. Magar ulardan (Islomni qabul qilgan) ozchilik kishilargina xiyonat qilmaydilar, xolos. Bas, ularni afv etib, kechirib yuboravering. Albatta, Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi.Сўнг аҳд-паймонларини бузганлари сабабли уларни лаънатладик ва тошбағир қилиб қўйдик. Улар (Тавротдаги Муҳаммад алайҳис-салоту вас-саломнинг пайғамбар бўлишлари ҳақидаги) сўзларини ўз ўринларидан ўзгартирадилар, ўзларига эслатма қилиб берилган нарсалардан эса (кўп) ҳиссасини унутиб юборганлар. (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), сиз мудом улар тарафидан қилинган бирон хиёнат устидан чиқасиз. Магар улардан (Исломни қабул қилган) озчилик кишиларгина хиёнат қилмайдилар, холос. Бас, уларни афв этиб, кечириб юбораверинг. Албатта, Аллоҳ яхшилик қилгувчиларни севади.
Bani Isroil yahudiyligiga bordi. Hatto Alloh taolo bilan boʻlgan ahdnomani ham buzdi. Uni bajo keltirmadi. Namozni qoim qilmadi. «Namoz» deb atalmish ulugʻ ibodatni Alloh aytganidek emas, oʻzlari xohlaganlaridek buzib ado etadigan boʻlishdi. Zakot berish u yoqda tursin, hamma iqtisodiy aloqalarga harom-xarishni qoʻshdilar. Odamlarning molini botil yoʻl bilan yeyishni joriy qildilar. Allohning barcha Paygʻambarlariga birday iymon keltirishmadi, aksincha, ularning koʻpchiligini haqorat qildilar. Igʻvo va boʻhtonlar yogʻdirdilar. Hatto Zakariyo, Yahyo alayhissalomlarga oʻxshashlarini oʻldirishgacha borib yetdilar. Iyso alayhissalomni oʻldirdik, deb daʼvo qildilar. Oxirgi Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham oʻldirishga harakat qildilar. Allohga yaxshi qarz berish tugul, bandaga ham yaxshi qarz bermadilar. Qarz berishda riboxoʻrlikni butun dunyo boʻyicha yoʻlga qoʻydilar.
Mazkur buzgʻunchiliklari va yana boshqa jinoyatlari uchun Alloh taolo ularni laʼnatladi–Oʻz rahmatidan quvdi. Ularning malʼun ekanliklari har qadamda bilinib turadi. Alloh taolo ularning qalblarini qattiq qilib ham qoʻydi. Shu sababdan, ozginalaridan boshqa aksarilarining qalblariga hidoyat nuri ham kirmaydi.
Ahdnomani buzishning baʼzi koʻrinishlari oyati karimaning oʻzida ham zikr qilingan:
«Ular kalimalarni oʻz oʻrnidan oʻzgartirdilar».
Kalimalarni–soʻzlarni oʻzgartirish deganda Tavrot nazarda tutilyapti. Alloh taolo Muso alayhissalomga Oʻzining samoviy kitobi Tavrotni nozil qilganda, Bani Isroildan bu kitobni muhofaza qilish, qanday nozil boʻlgan boʻlsa, shunday saqlash haqida ahdnoma olgan edi. Ammo bunday boʻlmadi. Yahudiy tarixchilarning oʻzlari aytishlaricha, asl Tavrot yoʻqolganiga hech qanday shubha yoʻq. Yahudiylardan biror kishi Tavrotni yodlamagani ham haqiqatdir. Hozirgi kunda yahudiylar «Muso alayhissalomdan qolgan»,–deb olib yurgan besh kitobdan iborat Talmud esa, Tavrotning qanday yozilganligi, uni saqlash haqida ahdnoma olinganligi kabi ishlarni hikoya qiladi. Yahudiylarning oʻzlari taʼkidlashlaricha, Tavrot bobilliklar yahudiylarni asir olgan paytlari yoʻqolgan.
Bu ham yetmagandek, ular kalimalarni oʻz oʻrnidan oʻzgartirganlar. Yaʼni, baʼzi lafzlarning oʻzini, baʼzilarining maʼnolarini oʻzgartirganlar. Yana boshqa birlarini esa, asl maʼnodan boshqa maʼnoga burganlar. Ular yana:
«Oʻzlariga eslatma boʻlgan narsadan koʻp nasibani unutdilar».
Yaʼni, Alloh tomonidan ularga kelgan Tavrotdagi va boshqa eslatmalarni qasddan eslaridan chiqardilar. Oyatning davomida Alloh Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Ularning ozginalaridan boshqalaridan mudom xiyonat koʻrasan», deydi.
Alloh hidoyatga solib Islomni qabul qilgan yahudiylarni eʼtiborga olmaganda, xiyonat ularning asosiy sifatlari hisoblanadi. Yahudiylar koʻhna tarix davomida xiyonatkorlik bilan nom chiqarganlar. Bu borada hammaga birdek xiyonat qilganlar. Ularning qonuni boʻyicha, yahudiyning yahudiyga xiyonati mumkin emas, ammo yahudiyning boshqa millat vakiliga xiyonati savobli ish hisoblanadi. Ular rumliklarga ham, forsliklarga ham xiyonat qilganlar. Doim yaxshilik koʻrishlariga qaramay, musulmonlarga qayta-qayta xiyonat qilganlar. Lekin shunga ham qaramay, Alloh taolo Oʻz Paygʻambariga:
«Ularni avf et va xiyonatlarini oʻtib yubor»,–demoqda va orqasidan:
«Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir»,–deb xushxabar bermoqda.
Bu hukm ushbu oyat tushgan vaqtga xos va munosib hukm edi. Keyinchalik Alloh taolo Paygʻambariga ularni Madiynai Munavvaradan va Arabiston yarim orolidan butunlay haydab chiqarishni amr qildi.
Yahudiylardan olingan ahdnoma va uning oqibatlari haqida soʻzlab boʻlingandan soʻng, kelasi oyatda nasorolardan ham ahdnoma olinganligi haqidagi xabar keladi: