حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ ٱلْمَيْتَةُ وَٱلدَّمُ وَلَحْمُ ٱلْخِنزِيرِ وَمَآ أُهِلَّ لِغَيْرِ ٱللَّهِ بِهِۦ وَٱلْمُنْخَنِقَةُ وَٱلْمَوْقُوذَةُ وَٱلْمُتَرَدِّيَةُ وَٱلنَّطِيحَةُ وَمَآ أَكَلَ ٱلسَّبُعُ إِلَّا مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى ٱلنُّصُبِ وَأَن تَسْتَقْسِمُوا۟ بِٱلْأَزْلَـٰمِ ۚ ذَٰلِكُمْ فِسْقٌ ۗ ٱلْيَوْمَ يَئِسَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ مِن دِينِكُمْ فَلَا تَخْشَوْهُمْ وَٱخْشَوْنِ ۚ ٱلْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِى وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلْإِسْلَـٰمَ دِينًا ۚ فَمَنِ ٱضْطُرَّ فِى مَخْمَصَةٍ غَيْرَ مُتَجَانِفٍ لِّإِثْمٍ ۙ فَإِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sizlarga o`limtik, qon, cho`chqa go`shti, Allohdan boshqaning nomi ila so`yilgan, bo`g`ilib o`lgan, urib o`ldirilgan, yiqilib o`lgan, suzib o`ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Magar, (o`lmay turib) so`yib olsangiz (halol). Va butlarga so`yilgan hayvonlar ham, cho`plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilmog`ingiz fosiqlikdir. Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar yetkazishdan umid uzdilar. Ulardan qo`rqmanglar, Mendan qo`rqinglar. Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb, rozi bo`ldim. Kimki gunohga moyil bo`lmagan holida ochlikda muztar bo`lsa, albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.Сизларга ўлимтик, қон, чўчқа гўшти, Аллоҳдан бошқанинг номи ила сўйилган, бўғилиб ўлган, уриб ўлдирилган, йиқилиб ўлган, сузиб ўлдирилган, йиртқич еган ҳайвонлар ҳаром қилинди. Магар, (ўлмай туриб) сўйиб олсангиз (ҳалол). Ва бутларга сўйилган ҳайвонлар ҳам, чўплар ила фол очишингиз ҳам ҳаром қилинди. Бундай қилмоғингиз фосиқликдир. Бугунги кунда куфр келтирганлар динингизга зарар етказишдан умид уздилар. Улардан қўрқманглар, Мендан қўрқинглар. Бугунги кунда Мен сизнинг динингизни мукаммал қилиб бердим. Сизга неъматимни батамом қилдим. Ва сизга Исломни дин деб, рози бўлдим. Кимки гуноҳга мойил бўлмаган ҳолида очликда музтар бўлса, албатта, Аллоҳ мағфиратли ва раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Sizlarga oʻlaksa, qon, toʻngʻiz goʻshti, Allohdan boshqa birovning yoʻlida soʻyilgan narsa, boʻgʻilib oʻlgan, urib oʻldirilgan, baland joydan qulab oʻlgan, (boshqa biron hayvon bilan) suzishib oʻlgan va yirtqich hayvon tishlab oʻldirgan jonivorlar harom qilindi. Magar (bu jonivorlarni joni chiqmasdan turib) soʻyib yuborishga ulgurib qolgan boʻlsangiz, haloldir. Yana butlarga atab soʻyilgan hayvonlar (goʻshtini isteʼmol qilish) va (fol) choʻplardan qismatingizni soʻrashingiz (ham sizlarga harom qilindi). Zotan bu ishlaringiz itoatsizlikdir. Bugun endi kofir boʻlgan kimsalarning sizlarni diningizdan (chiqarishdan) umidlari uzildi. Bas, ulardan qoʻrqmangiz, Mendan qoʻrqingiz! Bugun sizlarga diningizni komil qildim, neʼmatimni benuqson, toʻkis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim. Bas, kimki ocharchilikda, gunoh tomonga ogʻmagan holida (mazkur harom qilingan narsalarni yeyishga) majbur boʻlsa (Alloh kechirar). Zero, Alloh magʻfiratli, mehribondir.Сизларга ўлакса, қон, тўнғиз гўшти, Аллоҳдан бошқа бировнинг йўлида сўйилган нарса, бўғилиб ўлган, уриб ўлдирилган, баланд жойдан қулаб ўлган, (бошқа бирон ҳайвон билан) сузишиб ўлган ва йиртқич ҳайвон тишлаб ўлдирган жониворлар ҳаром қилинди. Магар (бу жониворларни жони чиқмасдан туриб) сўйиб юборишга улгуриб қолган бўлсангиз, ҳалолдир. Яна бутларга атаб сўйилган ҳайвонлар (гўштини истеъмол қилиш) ва (фол) чўплардан қисматингизни сўрашингиз (ҳам сизларга ҳаром қилинди). Зотан бу ишларингиз итоатсизликдир. Бугун энди кофир бўлган кимсаларнинг сизларни динингиздан (чиқаришдан) умидлари узилди. Бас, улардан қўрқмангиз, Мендан қўрқингиз! Бугун сизларга динингизни комил қилдим, неъматимни бенуқсон, тўкис қилиб бердим ва сизлар учун (фақат) Исломни дин қилиб танладим. Бас, кимки очарчиликда, гуноҳ томонга оғмаган ҳолида (мазкур ҳаром қилинган нарсаларни ейишга) мажбур бўлса (Аллоҳ кечирар). Зеро, Аллоҳ мағфиратли, меҳрибондир.
Ushbu oyati karimada asli goʻshti halol qilingan hayvonlar haqida soʻz ketmoqda. Albatta, choʻchqani hisobga olmaganda. Aslida, goʻshti harom boʻlgan hayvonlar oʻz-oʻzidan maʼlum, bahs ular haqida emas. Shuningdek, Alloh taolo bandalariga koʻplab neʼmatlarni tanovul qilishni halol qilib qoʻygan. Ularning barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, isteʼmol qilinaveradi. Inson shaxsining yoki amalining unga taʼsiri yoʻq. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bugʻdoyini kim ekkan, kim oʻrgan, qanday yanchgan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan–bularning ahamiyati yoʻq, hammasi isteʼmol qilinaveradi. Ammo, goʻsht mahsulotlari haqida bunday deb boʻlmaydi. Chunki goʻsht tirik hayvondan olinadi. Ana oʻsha tirik jonivorni goʻshtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda eʼtiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab boʻladi. Shuning uchun ham, bu jarayonga, yaʼni, tirik hayvonni goʻshtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida eʼtibor beriladi. Bir qancha shartlar qoʻyiladi. Oʻsha shartlar vujudga kelgandagina u hayvon goʻshti halol hisoblanib, isteʼmol etishga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Allohning nomini zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta maʼnaviy jinoyat sodir boʻlgan boʻladi, shu sababli uning goʻshti haromga aylanadi.
Ushbu oyatda goʻshti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan.
Oʻlimtik (oʻzi oʻlib qolgan hayvon), hayvon soʻyilganda undan oqadigan qon va choʻchqa goʻshti shular jumlasidandir. Bularning harom qilinganligi hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil soʻz yuritilgan.
«Allohdan boshqaning nomi ila soʻyilgan» hayvon goʻshtining ham harom boʻlishi, avval aytganimizdek, iymon taqozosiga toʻgʻri kelmaganidandir. Uni yaratgan va unga jon bergan Zotning nomini qoʻyib, boshqaning nomi ila soʻyilganidandir.
«Boʻgʻilib oʻlgan»–hayvon boʻgʻilish oqibatida oʻlgan boʻlsa, goʻshti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, goʻsht zararli holga kelgan boʻladi.
«Urib oʻldirilgan»–bunda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvonni tosh, yogʻoch yoki shunga oʻxshash narsalar bilan urib oʻldirilgan boʻlsa, uning goʻshti haromga aylanadi.
«Yiqilib oʻlgan»–togʻdanmi, baland joydanmi yiqilib oʻlgan hayvonlarning goʻshti ham harom.
«Suzib oʻldirilgan»–ikki hayvon bir-biri bilan suzishsayu, biri oʻlib qolsa, uning goʻshti ham haromdir.
«Yirtqich yegan hayvon harom qilindi».
Yaʼni, bir yirtqich hayvon mazkur goʻshti halol hayvonga hujum qilib yesa, oʻldirsa, undan ortib qolgan goʻsht harom hisoblanadi.
«Magar (oʻlmay turib) soʻyib olsangiz (halol)».
Mazkur holatlarga duchor boʻlgan hayvonlar oʻlmay turib soʻyib yuborilsa, goʻshti halol boʻladi.
«Butlarga soʻyilgan hayvonlar ham».
Johiliy arablarning turli butlari boʻlib, ularga atab jonliq soʻyishar va qonini oʻsha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning goʻshti, garchi Allohning nomini aytib soʻyilgan boʻlsa ham, butlarga atab soʻyilgani uchun haromdir.
Oyat davomida katta maʼnaviy harom ish ham zikr etilgan.
«choʻplar ila fol ochishingiz ham harom qilindi».
Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki yettita choʻp turar edi. Ularga turli iboralar, jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan boʻlardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni soʻrardi. Shunda kohin idishdagi choʻplarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi choʻplardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan choʻp chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa choʻp chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qoʻllanar edi. Bularning hammasi harom qilindi.
«Bunday qilmogʻingiz fosiqlikdir».
Alloh harom qilgan ishlarni qilmogʻingiz fisq, yaʼni, din amridan chiqishdir.
«Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar yetkazishdan umid uzdilar».
Ushbu oyat Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlari paytida tushgan. Bu vaqtga kelib Islom atrofga yoyilgan, musulmonlarning shavkati oshgan, hamma ularga havas va hurmat bilan qaraydigan boʻlgan edi. Paygʻambarimizning umrlari oxirlashib, vidolashuv hajini ado etar edilar. Bu haj Islom gʻalabasining tantanasiga aylanib ketdi. Endi kofir-mushriklar, Muhammad va unga ergashgan yalangoyoqlarni yer yuzidan yoʻqotib yuboramiz, deyishga tillari bormasdi. Aksincha, ularning koʻplari musulmonlikni qabul qilgan yoki qabul qilish arafasida turar edilar. Qolganlari esa, yangi din ravnaqiga hasad bilan qarab turishsa ham, Islomga zarar yetkazishdan umidlari batamom uzilgan edi. Ushbu jumlada Alloh taolo moʻmin bandalariga mana shu holatning xabarini bermoqda va:
«Ulardan qoʻrqmanglar, Mendan qoʻrqinglar!»–deb amr qilmoqda.
Yaʼni, kofirlar bizdan ustun kelib qolarmikinlar, dinimizga zarar yetkazarmikinlar, deb ulardan xavfsirab yurmanglar. Balki mening amrimga zid ishlar qilishdan qoʻrqinglar. Sizlarga zarar shu tufayli kelishi mumkin.
«Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga neʼmatimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb, rozi boʻldim».
Bu oyat Qurʼoni Karimning oxirgi tushgan oyatlaridan biri hisoblanadi. Avval aytilganidek, oyati karima Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlarida tushgan. Ushbu oyati karima nozil boʻlganda hamma sahobalar, dinimiz mukammal boʻldi, Alloh bizga neʼmatini batamom qilib berdi, Islomni din deb, rozi boʻldi, deb cheksiz quvondilar. Ammo hassos qalbli inson, buyuk idrok va aql sohibi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yigʻlar edilar. Bu holni koʻrgan sahobalar tashvishga tushdilar va: «Senga nima boʻldi, ey Umar, nechun yigʻlamoqdasan?»–deb soʻradilar. Shunda Hazrati Umar: «Har bir narsa mukammal boʻlganidan soʻng unga nuqson yetish boshlanadi. Men bu oyatni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlarining yaqinlashganiga belgi deb bilmoqdaman»,–dedilar.
Bu andisha haqiqat boʻlib chiqdi: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu oyat nozil boʻlganidan sakson bir kun oʻtganidan soʻng bu dunyoni tark etdilar.
Dinning mukammal qilingani, neʼmatning batamom etib berilgani va Islomni din deb rozi boʻlingani toʻgʻrisidagi xabar faqat oʻsha zamon musulmonlari yoki umuman musulmonlar uchungina emas, balki butun insoniyat uchun katta xursandchilik va bashorat edi. Bu ulkan shodlik xabari insoniyat oʻzining uzoq tarixi davomida saodat izlab qilgan harakat va urinishlariga toj kiydirib, goʻzal natija bergan edi. Insoniyatning yaratgan xoliqi Alloh taolo uni asta-sekin tarbiya qilib keldi. Hamma avlodlarga Islomni din qilib bergan boʻlsa ham, har zamon va makonga oʻziga xos shariat berdi. Birinchi Paygʻambar Odam Atoga berilgan shariat oʻsha davrdagi sodda hayotga mos va oʻsha vaqt voqeʼligini hisobga olgan sodda shariat edi. Keyingi davrlarda ham Alloh taolo xuddi shu qoida asosida har zamonning, makonning va jamiyatning oʻziga xos holatlarini eʼtiborga olib shariatlar yuborib turdi. Tabiiyki, keyin kelgan shariat oʻzidan avvalgisidan koʻra mukammalroq boʻlar edi. Avvalgi Paygʻambarlar oʻz qavmlarigagina yuborilar edilar. Ularning Paygʻambarliklari, shariatlari maʼlum muddatga, maʼlum makonga va maʼlum jamiyat yoki qavmga xos edi. Shu tariqa koʻplab Paygʻambarlar, shariatlar yuborildi. Nihoyat, insoniyat oʻz kamoliga yetgan paytida, Alloh taolo Payambarlarning oxirgisi Muhammad alayhissalomga samoviy kitoblarining soʻnggisi Qurʼoni Karimni nozil qildi va u orqali jami insoniyat uchun, har zamon va har makonga salohiyati bor Islom shariatini joriy etdi. Bu esa, insoniyatga ulugʻ sharaf edi. Ana shu oxirgi shariatning mukammal taʼlimi va tatbiqi yigirma uch yil davom etdi. Boshlanishi Makkai Mukarrama yaqinidagi Hiro gʻorida boʻlgan boʻlsa, davomi Madiynai Munavvara va atroflarida, mukammal boʻlishi vidolashuv hajida–ushbu biz oʻrganayotgan oyatning nozil qilinishi bilandir. Va nihoyat, Olamlarning Robbi Oʻzining moʻmin-musulmon bandalariga:
«Bugungi kunda Men sizga diningizni mukammal qilib berdim»,–deb xitob qildi.
Ushbu xitob halol-harom, baʼzi hayvonlarni sharʼiy yoʻl bilan soʻyish, qay holatda halol goʻshtlar haromga aylanishi masalalariga oid oyati karima ichida kelishining oʻzi eʼtiborga sazovordir. Bu hol din degan tushuncha keng tushuncha ekanini, hozirgi baʼzi bir gumrohlarning fikricha, har odamning qalbida qolishi lozim boʻlgan oʻyi, xayoli va fikri emas, balki inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi shomil tuzum-nizom ekanini koʻrsatadi. Din oʻzida eʼtiqod masalalarini ham, shu bilan birga, odob-axloq, muomala, maʼnaviyatlar, taʼlim-tarbiya, iqtisod, siyosat, ijtimoiy masalalar, ibodatlar, halol-harom va boshqa muammolarni ham oʻz ichiga oladi.
Mazkur barcha ishlarda shariat hukmiga amal qilganlar Allohning amriga itoat etgan boʻladilar. Amal qilmaganlar esa, Allohning amriga isyon qilgan boʻladilar. Chunki mukammalligi Alloh taolo tomonidan eʼlon etilgan shariatdan boshqa tomonga ogʻish uni eʼtirof etmaslik boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, kufrga eltadi. Kimki Islom shariatini hayotiga dastur qilib olsa, ilohiy dasturni oladi, barkamol dasturni oladi. Uning aqiydasi barkamol boʻladi. Maʼnaviy hayoti barkamol boʻladi. Taʼlim-tarbiyasi, odobaxloqi, iqtisodi, ijtimoiy hayoti, siyosati, turli aloqalari, tuzumlari barkamol boʻladi. Ikki dunyodagi baxt-saodati barkamol boʻladi. Borliqni yaratgan qodir Alloh shu borliq xalifasi etib insonni ham Oʻzi yaratgan. Oʻzi yaratgan borliqda Oʻzi yaratgan odam qanday dasturga amal qilib yashasa, ikki dunyo saodatiga erishishini ham Oʻzi yaxshi biladi. Buyuk yaratuvchi Alloh mukammal qilib qoʻygan ushbu dinga yurmay, boshqa tuzumlarni axtarganlar esa, men Xudodan ham yaxshi yoʻl topguvchiman, deb daʼvo qilgan boʻladi.
«Sizga neʼmatimni batamom qildim».
Demak, dinni mukammal qilib berishning oʻzi ulkan va batamom neʼmatdir. Islomning ulugʻ neʼmatligini musulmon boʻlganlar biladi. Ayniqsa, avval turli johiliyatlar va ularning tuzumlarini sinab koʻrib, keyin musulmonlikka oʻtganlar juda yaxshi biladilar. Islomsiz yashagan insonning hayvondan farqi yoʻqligini ana oʻshalar koʻproq taʼkidlaydilar.
Alloh taolo moʻmin bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning batamom neʼmat ekanini yaratgan Xoliqni inkor etib yurgan xudosizlarning fojiali oqibatlarini koʻrganda yanada yorqinroq tushunib yetiladi. Bu haqiqatni xudosizlar dunyo xalqlari boshiga olib kelgan bitmas-tuganmas musiybatlarni idrok etganlar yaxshi biladilar.
Alloh taolo bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning ulugʻ neʼmat ekani molga, daraxtga, insonning jinsiy aʼzosiga sigʻinib, zalolatda yurganlarni koʻrganda bilinadi.
Bu neʼmatning qadri inson aqliga or hisoblangan turli buzuq aqiydalarning holini koʻrganda tushuniladi.
Mukammal din Islomning bandalarga ulugʻ ilohiy neʼmat ekani, halol-harom nimaligini ajratmay, xuddi hayvon kabi, qoʻliga tushgan narsasini yeb-ichib, oʻziga oʻzi bitmas-tuganmas dardlar orttirib olayotganlarni koʻrganda tushunib yetiladi.
Mukammal din Islomning bandalarga ulugʻ ilohiy neʼmat ekani axloq-odobdan bexabar, otasini ham tanimaydigan, dunyodagi hech bir razolatdan qaytmaydigan, bezori va jinoyatkor avlodlar yetishib chiqqanda bilinadi.
Mukammal din Islomning qadri oilalar buzilib, er-xotin, ota- ona va farzandlar oʻrtasidan, jamiyatdagi kishilar orasidan mehru oqibat koʻtarilib, odamlar bir-birlariga dushmanlik ruhida, behurmatlik ruhida, mehr-shafqatsizlik ruhida shakllanib, ijtimoiy aloqalari buzilib boʻlgan jamiyatlarning holini koʻrganda bilinadi.
Mukammal din Islomning bandalarga ulugʻ ilohiy neʼmat ekani iqtisodiy holatlar ogʻirlashib, kishilar oʻz mehnati samarasini koʻra olmay, davlat yoki mulkdorlardan zulm chekib, bola-chaqasini boqish nari tursin, hatto qornini ham toʻygʻiza olmay yurganida tushunib yetiladi.
Shu bilan birga, bir guruh nobakorlar oddiy insonlarning peshona teri bilan topgan mablagʻlarini xoh davlat nomi bilan, xoh ish odami nomi bilan, turli uslublar ila tortib olib, ayshu ishrat qilib yurganlarini anglab yetganlar mukammal din Islomning, aynan Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning shariatlarining ilohiy neʼmat ekanini tushunadilar.
Mukammal din Islomning haqiqiy ilohiy neʼmat ekani kuchli kuchsizni yeb, hammayoqda zulm urchib, inson oʻz jonini, bolalarini, molu mulkini va obroʻ-nomusini himoya qila olmay qolgan jamiyatlarni koʻrganda tushunib yetiladi.
Mukammal din boʻlmish Islomning Alloh taolo tomonidan bandalarga ulugʻ neʼmat qilib berilganini havoi nafsiga berilgan siyosatchilar xalqlarni bir-biriga urushtirib, qonini toʻkkanlari yetmay, butun dunyoni vayron qilish xavfi ostiga olib kelib qoʻyganlarini haqiqiy tushunib yetganlar anglaydilar.
Agar insoniyat bu neʼmatning qadriga yetganida edi, uni qabul qilib oʻrgangan va hayotga tatbiq etganida edi, dunyoda hech qanday muammo qolmagan boʻlar edi. Insoniyat bekor ovora boʻlib, turli nazariyotlarga, mafkuralarga, dasturlarga va qonun-qoidalarga murojaat etib, oʻzini qiynamagan boʻlar edi.
«Va sizga Islomni din deb, rozi boʻldim».
Alloh taolo insoniyatga amal qilish uchun faqat bitta dinni– Islomni tushirgan. Bundan boshqa hech bir dinga rozi emas. Shu boisdan ham, boshqa dinlar uning dargohida qabul emas. Alloh taoloning bu xitobi musulmon bandalari uchun ulkan sharafdir. Alloh taoloning katta inoyatidir. Shu bilan birga, bu inoyat musulmonlar zimmasiga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Avvalo, musulmonlar Islomga toʻliq amal qilishlarini, qolaversa, oʻzlariga nasib etgan ulugʻ neʼmatni butun dunyo xalqlariga ham tarqatishlarini vazifa etib yuklaydi.
Mukammal din Islom bandalarga Allohning ulkan neʼmati ekanini insofli gʻayrimusulmon shaxslar ham har doim anglab kelganlar. Ulamolarimiz kitoblarida ishonchli manbalardan rivoyat qilishlaricha, yahudiylar Hazrati Umari Odil roziyallohu anhuning huzurlariga kelib:
«Sizlarning kitobingizda bir oyat bor, agar shu oyat biz yahudiylarga nozil boʻlganida edi, oʻsha oyat tushgan kunni oʻzimizga bayram qilib olar edik»,–degan ekanlar. Hazrati Umar roziyallohu anhu:
«Qaysi oyatni aytmoqchisizlar?»–deb soʻrabdilar. Yahudiylar:
«Bugungi kunda sizlarga diningizni mukammal qilib berdim», oyatini,–deyishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu:
«Biz u kunni bir emas, ikki bayram qilganmiz: ham juma–haftalik bayram, ham qurbon iydi–yillik bayram»,–degan ekanlar.
Yigirmanchi asr oxirlab kelayotgan hozirgi vaqtda ham boshqa millat vakillaridan xuddi shu maʼnodagi xulosaga kelayotganlar koʻpayib bormoqda. Dunyoning taraqqiy etgan yetakchi davlatlaridan birining asli masihiy (xristian) boʻlmish bir ilgʻor siyosatchisi oʻz qanoati ila musulmon boʻldi va Islom hozirgi mavjud tuzumlarning oʻrnini olishi zarurligini taʼkidlab, «Islom oʻrin oluvchi sifatida» degan kitob yozdi.
Mazkur ulkan haqiqat bayon qilingach, oyatda yana avvalgi mavzuga qaytiladi:
«Kimki gunohga moyil boʻlmagan holda, ochlikda muztar boʻlsa, albatta, Alloh magʻfiratli va rahimli Zotdir».
Bu uslub ham Qurʼoni Karimning oʻziga xos ilohiy uslubidir. Qarang, halol-harom masalasini bayon qilish jarayonida, orada, qisqa iboralar orqali bir olam maʼnoni oʻzida mujassam etuvchi haqiqatlar ifodalanmoqda.
Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi goʻshtlarning harom ekanligi taʼkidlangan edi. Oxirgi jumlada esa, istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima boʻlishi oʻrgatilmoqda. Yaʼni, deylik, inson ochlikdan muztar boʻldi–qiyin holga tushib qoldi, yegani ovqati yoʻq, faqat harom qilingan goʻshtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan isteʼmol qilmasa, halok boʻladi. Nima qilish kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil boʻlmagan holda, yaʼni, oʻzini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda oʻsha harom narsadan isteʼmol qilsa, boʻladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni iqob qilmaydi. Zotan, Alloh magʻfiratli va rahimli Zotdir.
Harom qilingan narsalarning bayoni tugagandan soʻng, endi halol narsalarning bayoni boshlanadi: