مِنْ أَجْلِ ذَٰلِكَ كَتَبْنَا عَلَىٰ بَنِىٓ إِسْرَٰٓءِيلَ أَنَّهُۥ مَن قَتَلَ نَفْسًۢا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِى ٱلْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ ٱلنَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَآ أَحْيَا ٱلنَّاسَ جَمِيعًا ۚ وَلَقَدْ جَآءَتْهُمْ رُسُلُنَا بِٱلْبَيِّنَـٰتِ ثُمَّ إِنَّ كَثِيرًا مِّنْهُم بَعْدَ ذَٰلِكَ فِى ٱلْأَرْضِ لَمُسْرِفُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Shuning uchun ham, Bani Isroilga: «Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o`ldirsa, xuddi hamma odamlarni o`ldirgan bo`ladi. Kim uni tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo`ladi», deb yozdik. Batahqiq, ularga Payg`ambarlarimiz bayonotlar olib keldilar. So`ngra, bundan keyin ham, ulardan ko`plari yer yuzida isrof qilguvchilardan bo`ldilar.Шунинг учун ҳам, Бани Исроилга: «Ким бир жонни ноҳақдан ёки ер юзида фасод қилмаса ҳам ўлдирса, худди ҳамма одамларни ўлдирган бўлади. Ким уни тирилтирса, худди ҳамма одамларни тирилтиргандек бўлади», деб ёздик. Батаҳқиқ, уларга Пайғамбарларимиз баёнотлар олиб келдилар. Сўнгра, бундан кейин ҳам, улардан кўплари ер юзида исроф қилгувчилардан бўлдилар.Alauddin Mansour: Ana oʻsha (fojea) sababli Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) yozib qoʻydik: kimki biron jonni oʻldirmagan va Yerda buzgʻunchilik qilib yurmagan odamni oʻldirsa, demak, u guyo barcha odamlarni oʻldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (yaʼni, oʻldirishdan bosh tortsa), demak, u goʻyo barcha odamlarga hayot beribdi. Ularga (Bani Isroilga) paygʻambarlarimiz mana shunday hujjatlar keltirdilar. Shundan keyin ham ulardan koʻplari Yer yuzida (qon toʻkish bilan) haddan oshib yurguvchidirlar.Ана ўша (фожеа) сабабли Бани Исроил зиммасига (шундай фармонни) ёзиб қўйдик: кимки бирон жонни ўлдирмаган ва Ерда бузғунчилик қилиб юрмаган одамни ўлдирса, демак, у гуё барча одамларни ўлдирибди ва кимки унга ҳаёт ато этса (яъни, ўлдиришдан бош тортса), демак, у гўё барча одамларга ҳаёт берибди. Уларга (Бани Исроилга) пайғамбарларимиз мана шундай ҳужжатлар келтирдилар. Шундан кейин ҳам улардан кўплари Ер юзида (қон тўкиш билан) ҳаддан ошиб юргувчидирлар.
Odam oʻldirishning tarixga kirishi sahifasini hikoya qilib berilgandan soʻng, Alloh taolo oʻsha qissadan olinadigan xulosani keyingi hayotga, odam oʻldirishga urinishlarga bogʻlab, umumiy qoida chiqaradi:
«Shuning uchun ham», yaʼni odamlar ichida yomonlari boʻlishi, ular nafsning gapiga kirib, boshqalarni oʻldirishga harakat qilishi, keyin esa, qilganiga pushaymon boʻlishi va boshqa sabablarni eʼtiborga olib:
«Bani Isroilga: «Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham oʻldirsa, xuddi hamma odamlarni oʻldirgan boʻladi. Kim uni tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek boʻladi», deb yozdik»,–deyilmoqda.
Bu yerdagi «nohaqdan» degan hukmga odam oʻldirib qasos uchun oʻlim jazosiga tortilgan kimsa kirmaydi.
«Yer yuzida fasod qilish» tushunchasi esa, bosqinchilik, qaroqchilik kabi ishlarni oʻz ichiga oladi.
«Tiriltirsa» degani oʻlimdan saqlab qolsa, degan maʼnoni bildiradi.
Islomda oʻlim hukmiga loyiq jinoyat qilmagan jon juda ham yuqori baholanadi. Zotan, oʻlim hukmi ham boshqa yaxshi jonlarning hayotini saqlab qolish uchun chiqariladi. Shu bois, bir beayb insonni oʻldirgan odam butun boshli insoniyatni oʻldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Chunki jonlar koʻp boʻlgani bilan hayot kechirish haqqi bitta. Har bir jon hayot kechirish haqqiga ega. Ana oʻsha jonlardan bittasini oʻldirgan odam hamma jonlarning hayot kechirish haqqiga tajovuz etgan boʻladi. Aksincha, bitta jonning hayotini saqlab qolish esa, hamma jonlarning hayot kechirish haqqini saqlab qolgan bilan teng. Xuddi shu haqiqatni Alloh taolo Bani Isroilga yozishi–farz qilishi–ular oʻsha vaqtda ahli kitob boʻlib turgan qavm ekanligidandir.
Ammo Bani Isroil, odatdagidek, yahudiyligiga bordi.
«Batahqiq, ularga Paygʻambarlarimiz bayonotlar olib keldilar. Soʻngra, bundan keyin ham ulardan koʻplari yer yuzida isrof qilguvchilardan boʻldilar».
Oyati karima avvalida kelgan ahdnomadan keyin bir qancha Paygʻambarlar ochiq-oydin bayonotlar olib kelishdi. Ammo, baribir, Bani Isroildan koʻplari yer yuzida isrof qilguvchilardan boʻldilar. Yaʼni, tajovuzkor boʻlib, yer yuzida odam oʻldirdilar, kufr va fasod ishlarni qildilar.
Agar ushbu oyati karimada bir jonga suiqasd qilish, uni nohaqdan oʻldirish jinoyatining miqyosi haqida soʻz ketgan boʻlsa, kelasi oyatda jamiyatga xavf-xatar soluvchilarning hukmi haqida soʻz boradi: