وَٱلسَّارِقُ وَٱلسَّارِقَةُ فَٱقْطَعُوٓا۟ أَيْدِيَهُمَا جَزَآءًۢ بِمَا كَسَبَا نَكَـٰلًا مِّنَ ٱللَّهِ ۗ وَٱللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`g`ri erkak va o`g`ri ayolning qo`llarini kesinglar. Bu ularning qilmishiga jazo va Allohdan iqobdir. Alloh Aziyz va Hakiymdir.Ўғри эркак ва ўғри аёлнинг қўлларини кесинглар. Бу уларнинг қилмишига жазо ва Аллоҳдан иқобдир. Аллоҳ Азийз ва Ҳакиймдир.Alauddin Mansour: Oʻgʻri erkakni ham, oʻgʻri ayolni ham qoʻllarini kesinglar! (Toki bu) ularning qilmishlariga jazo boʻlsin, Alloh tomonidan berilgan azob boʻlsin. Alloh qudrat va hikmat Egasidir.Ўғри эркакни ҳам, ўғри аёлни ҳам қўлларини кесинглар! (Токи бу) уларнинг қилмишларига жазо бўлсин, Аллоҳ томонидан берилган азоб бўлсин. Аллоҳ қудрат ва ҳикмат Эгасидир.
Ushbu oyati karima va unda bayon qilingan hukm eng koʻp tortishuvlarga, bahslarga va muqoyasalarga sabab boʻlgan masalalardandir. Mazkur bahs, tortishuv va muqoyasalar hozirgi kunda–Islom dushmanlari Allohning shariatiga qarshi hujumlarni koʻpaytirgan paytda yanada avj oldi. Buning oqibatida notoʻgʻri fikrlar ham tarqaldi. Hozirda Islom shariatini hayotga tatbiq qilish haqida gap ketsa, baʼzilarning xayoliga qoʻli kesilgan odamlarga toʻla jamiyat keladigan boʻlib qoldi. Chunki, hamma oʻz qarichi bilan oʻlchaydi. Agar oʻgʻrining qoʻlini kesadigan boʻlinsa, hammamizning qoʻlimiz kesilishi kerak, deb oʻylaydi hozirgilar. Haqiqatan ham, tuzukroq nazar solinadigan boʻlsa, bugungi jamiyatlarda, xususan, xudosizlik jamiyatlarda oʻsgan avlodning, agar oralarida Alloh Oʻz moʻʼjizasi ila saqlagan baʼzilar boʻlmasa, oʻgʻrilik qilmagani kam. Lekin bundan Islom jamiyati qoʻli kesilganlar jamiyati boʻlar ekan- da, degan fikr ham chiqmaydi. Bu mutlaqo notoʻgʻri xayoldir. Avvalo, Islom shariatining tatbiqi haqida soʻz ketganda, butun boshli islomiy tuzumni tushunish kerak. Alloh taolo aslida johiliy tuzumga amal qilib turganlarga oʻgʻrining qoʻlini kesishni amr qilgan emas. Balki iymon keltirganlarga, Allohning hukmi ostida toʻlaqonli hayot kechirayotganlarga amr qilgan. Islom shariati parchalanmas, bir butun tuzumdir. Ana oʻsha tuzumda yashab turgan kishilardan oʻgʻrilik qilganlarining qoʻlini kesish haqida soʻz ketmoqda.
Islomiy jamiyat oʻz hukmi ostida yashayotgan kishilarga, kim boʻlishidan qatʼinazar, yaxshi hayot kechirish haqqini beradi. Ularni toʻgʻri yoʻlda tarbiyalaydi. Ijtimoiy hayotda adolatni oʻrniga qoʻyadi. Shaxsiy mulkning halol yoʻl bilan rivojlanishiga eshikni keng ochib qoʻyadi. Jamiyat aʼzolarining ijtimoiy taʼminotini ham yoʻlga qoʻyadi. Xulosa qilib aytganda, kishilarni oʻgʻrilikka boshlaydigan omillarning oldini oladi. Ana shundan keyingina oʻgʻrining qoʻlini kesishga hukm chiqaradi.
Islom har bir insonga yaxshi hayot kechirish haq-huquqini berishi insonlarning yaxshi yeb-ichishi, kiyinishi, turar joyga ega boʻlishida oʻz aksini topadi. Bu narsaga erishishning asosiy yoʻli har bir insonning halol mehnatidir. Islom jamiyati aʼzolariga halol mehnat ila kasb qilishga toʻliq sharoit yaratib berishga masʼul. Fuqaroning hunari boʻlmasa, hunar oʻrgatadi. Hunarini roʻyobga chiqarishga imkon yo maydon boʻlmasa, oʻsha imkon va maydonni yaratadi. Ish topib beradi. Agar ushbu omillarni ishga solib ishlasa ham, topgani kun kechirishga yetmasa yoki boshqa sabablar tufayli ishlay olmasa, Islom shariati boʻyicha, boshqa tomonlardan yordam oladi. Avvalo, iqtisodiy jihatdan holati yaxshi boʻlgan yaqin qarindoshlaridan unga nafaqa joriy qilinadi. Yoki bu ish yashab turgan joyidagi boy kishilar zimmasiga yuklanadi. Unga ham imkon boʻlmasa, musulmonlarning baytul moli–xazinasidan nafaqa oladi. Unda ham yetarli boʻlmasa, davlat boy fuqarolardan olib beradi. Shuncha gʻamxoʻrlik va yaxshiliklari bor jamiyatda odam oʻgʻrilik qiladimi? Agar shunda ham oʻgʻrilik qilinsa, qoʻlini kesishga loyiq ish boʻlmaydimi–bu?!
Hazrati Umari Odil roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida yoʻlda ketayotib, tilanib oʻtirgan qari odamni koʻrib qolibdilar.
«Bu kim?»–deb soʻrabdilar.
«Bu–falonchi yahudiy, qarib ishga yaramay, shu holga tushib qoldi»,–deyishibdi. Hazrati Umar:
«Yoshlik chogʻida undan jizya olsak-u, qariganida shu holda tashlab qoʻysak, adolatdan boʻlmaydi»,–debdilar-da, haligi yahudiyga baytul moldan nafaqa belgilabdilar. Koʻrinib turibdiki, mazkur imtiyozdan musulmon emaslar ham foydalanadi.
Islom jamiyati aʼzolarini toʻgʻri yoʻlda tarbiya qiladi. Ularning tarbiyasi iymon asosiga, Allohdan qoʻrqish, qiyomatdan umidvor boʻlish asosiga quriladi. Rizqni halol yoʻl bilan topib yeyish har bir musulmonning vojibi ekanligini chuqur tushuntirib tarbiya qilinadi. Oʻgʻrilik gunoh ekani, birovning molini botil yoʻl bilan yeyish gunoh ekani, oʻgʻri gunohkor ekani, uning shariat hukmi boʻyicha qoʻli kesilishi tushuntirib tarbiya qilinadi. Ana shundan keyin ham oʻgʻrilik qilganning qoʻli kesilmasinmi?
Islomiy jamiyat ijtimoiy adolatni oʻrniga qoʻyadi. Bu jamiyatda birovning haqqini boshqasi yemaydi, zulm yoʻli bilan tortib olmaydi. Har kim halol mehnatiga yarasha haq oladi. Uning mehnati kapitalist yoki davlat tomonidan tahqirlanmaydi. Jamiyat mulki hisoblangan narsalarda har bir insonning tegishli haqqi bor, ulardan faqat davlatboshilar yoki baʼzi shaxslar va oilalargina foydalanmaydi. Islom jamiyati shaxsiy mulkni rivojlantirishga keng yoʻl ochib qoʻyadi. Odamlar halol yoʻl bilan qancha koʻp molu mulk topsa, shuncha yaxshi. Davlat ulardan molu mulklarini tortib olmaydi. Boshqa kishilar ularga hasad qilmaydi. Mana shunday sharoitda yashab turib ham, halol mehnatga harakat qilmay, birovlarning haqqini harom yoʻl bilan olishga choʻzilgan qoʻl kesilsa, arzimaydimi?!
Islom jamiyati aʼzolarining ijtimoiy taʼminotlarini yaxshilab yoʻlga qoʻyadi. Avvalo, nochor kishilarning nafaqasini yaqin qarindoshlariga Allohning oldidagi diniy burch sifatida vojib qiladi. Ota farzandlariga, er xotiniga, aka ukalariga, farzand ota-onasiga va hokazo nafaqa berishi shart. Yaʼni, boy qarindoshlar nochorlariga nafaqa berishlari vojib. Ixtiyorlari bilan berishmasa, qozi hukm chiqarib majbur qiladi. Fiqh kitoblarimizning nafaqa bobida bu masalalar keng yoritilgan. Nochor insonning yaqin qarindoshi boʻlmasa, unga davlat yordam beradi, boy musulmonlar nafaqa beradi. Ish beruvchi ishchiga nafaqa beradi va hokazo. Agar bu choralar qoʻllanmagan boʻlsa, oʻgʻrilik sodir etilsa, qoʻlini kesishga hukm chiqarishga davlat haqli boʻla olmaydi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu huzurlariga Muzayna qabilasidan birovning tuyasini oʻgʻirlaganlari uchun bir necha yigitni ushlab olib keldilar. Hazrati Umar ularning qoʻlini kesishga amr qildilar. Shunda baʼzilari bu yigitlar Ibn Hotib ibn Baltaʼa ismli kishining yigitlari ekanini, xoʻjayinlari ularga ovqat bermaganidan tuya oʻgʻirlab soʻyib yeyishga majbur boʻlganlarini aytdilar. Hazrati Umar hukmni darhol bekor qildilar. Xoʻjayinni chaqirib kelib koyidilar va oʻgʻirlangan tuyaning bahosini ikki barobar toʻlashga amr qildilar.
Shunchalik imkonlar boʻla turib, oʻgʻrilikka borgan qoʻlni, albatta, kesish zarur!
Ayni chogʻda, shariat boʻyicha, birovni ushlab kelib, manavi oʻgʻri ekan, deyilsa, darhol qoʻli kesilavermaydi. Bu tadbirning oʻziga yarasha tartib va qoidalari bor. Bularni bir chekkadan yaxshilab tushunib olish kerak.
Avvalo, oʻgʻrilik nima–shuni bilib olaylik. Sharʼiy istilohda oʻgʻrilik–birovning berkitilgan molini maxfiy suratda olish. «Berkitilgan» deganimiz, qarovsiz qolmagan degan maʼnoni anglatadi. Omborga qoʻyib qulflangan yoki qorovul qoʻyilgan boʻlsa, mol berkitilgan boʻladi. Qarovsiz qolgan molni oʻgʻirlagan odamning qoʻli kesilmaydi, ammo boshqa chora koʻriladi. Berkitilgan joydan chiqib qolgan, omborning eshigi ochiq qolib, undan koʻrinib turgan yoki mol bor joyga kirib-chiqib yurishiga ruxsat berilgan odamlarga nisbatan ham, agar moldan olsalar, boshqa chora koʻriladi.
Eng muhim shartlardan biri–berkitilgan joydan oʻgʻirlangan mol Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi chorak dinor qimmatga ega boʻlishi kerak. Undan oz boʻlsa, oʻgʻrining qoʻli kesilmaydi. Unga boshqa chora koʻriladi.
Endi qoʻli kesilishi lozim boʻlgan oʻgʻriga bu jinoyat qanday tarzda sobit boʻladi? Yaʼni, qozixona bu odamning aybdor-jinoyatchiligi sobit boʻldi, qoʻli kesilsin, deb qachon hukm chiqara oladi? Oʻgʻrilik sobit boʻlishi, avvalo, oʻgʻrining shaxsiy eʼtirofi ila boʻladi. U, eʼtirof qilgandan soʻng yuqoridagi shartlar tekshirib chiqiladi. Toʻgʻri kelsa, yana bir bor oʻgʻridan bu ishni tushunib qilgan-qilmagani soʻraladi. Ana shundan soʻng hukm chiqariladi.
Yana, oʻgʻrilik ikki adolatli kishining guvohligi bilan ham sobit boʻladi. Guvoh adolatli boʻlishi juda muhim. Yaʼni, umri boʻyicha shariatga xilof qilmagan, yolgʻon gapirmagan, avval guvohligi notoʻgʻri chiqmagan boʻlishi kerak. Shuning uchun ham, qozilar guvohlarning guvohligini qabul qilishdan oldin ularning kimligini oʻrganib chiqadi. Jamiyatdagi eʼtiborli kishilardan ularning pokligi, adolati haqida maʼlumot oladi. Soʻngra, guvohligini qabul qiladi. Mazkur shartlarda ozgina shubha tugʻilsa, qoʻl kesish bekor qilinadi. Agar oʻgʻrilik shubhasiz sobit boʻlsa, oʻgʻrining oʻng qoʻli bilagi bilan kaftini birlashtirib turuvchi boʻgʻindan kesiladi.
Islomning bu hukmiga qarshi chiquvchilar, bu jazo insonparvarlik ruhiga toʻgʻri kelmaydi, oʻgʻri qanchalik miqdorda oʻgʻrilik qilgan boʻlsa ham, qoʻlini kesmasdan, qamash kerak, deyishadi. Necha yuz yillardan buyon bu tadbirlarini joriy ham qilmoqdalar. Ammo yildan-yilga, oydan-oyga, kundan-kunga oʻgʻrilik koʻpayib bormoqda. Mayda oʻgʻrilar uchun qamoqxona jazo emas, balki malaka oshirish kursi, oʻgʻrilik ishini yanada chuqurroq egallash maktabi boʻlib qoldi. Qamoqdan, oʻzidan koʻra tajribali shaxslardan tajriba oʻrganib chiqib, avvalgisidan kattaroq oʻgʻrilik qilmoqdalar. Bu mantiqsiz holat yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammaning istehzosiga sabab boʻlmoqda.
Islomiy jazo boʻlmish qoʻl kesish esa, eng samarali omil hisoblanadi. Islomda jinoyatning oldini olishga, tag-tomiri bilan yoʻqotishga harakat qilinadi. Shuning uchun ham, tayin qilingan jazolar nafaqat tan jazosi, balki ruhiy, maʼnaviy va tarbiyaviy jazo ham hisoblanadi. Bu maʼnoda Islomda koʻzda tutilgan jazolar jinoyatchi nimani koʻzlab jinoyat qilsa, uni, avvalo, oʻshandan mahrum qilishga oʻtiladi. Misol uchun, merosga tezroq yetish uchun meros qoldiruvchining oʻlimiga sabab boʻlgan merosxoʻr avval merosdan mahrum qilinadi, keyin boshqa choralar koʻriladi. Oʻgʻrilik qilgan odam osonlik bilan molu mulkka ega boʻlish maqsadida bu ishga qoʻl uradi. Unga molu mulk topishni qiyinlashtirish uchun qoʻli kesiladi.
Qolaversa, boshqa jazo choralari kabi, bu jazo ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Jazo hukmi koʻpchilik xalqni toʻplab turib ijro etiladi. Koʻpchilikning ichida sharmanda boʻlgan va tanasida jinoyatining belgisi qolgan shaxs ikkinchi bor bu ishga qoʻl urmaydi. Eng muhimi–hukmni ijro etish paytida hozir boʻlganlar ham oʻrnak olib, shu kabi sharmanda boʻlmaslik uchun oʻgʻrilikdan tiyiladilar.
Bu hukmni ijro etishdan koʻra, uning haybati koʻpchilikni jinoyatdan ushlab turishi eʼtiborga sazovor. Oʻgʻrining qoʻli kesiladi, degan hukm chiqishi bilanoq koʻpchilik oʻzidan-oʻzi quyilib qoladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtlarida ushbu oyati karima tushganidan soʻng uch-toʻrt kishining qoʻli kesilishi bilan hech kim oʻgʻrilik qilmay qoʻygan. Hozirgi paytdagiga oʻxshab, jazoni oʻtab chiqiboq yana qaytadan boshlashmagan.