سَمَّـٰعُونَ لِلْكَذِبِ أَكَّـٰلُونَ لِلسُّحْتِ ۚ فَإِن جَآءُوكَ فَٱحْكُم بَيْنَهُمْ أَوْ أَعْرِضْ عَنْهُمْ ۖ وَإِن تُعْرِضْ عَنْهُمْ فَلَن يَضُرُّوكَ شَيْـًٔا ۖ وَإِنْ حَكَمْتَ فَٱحْكُم بَيْنَهُم بِٱلْقِسْطِ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُقْسِطِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular yolg`onni ko`p eshituvchilar, haromni ko`p yeyuvchilardir. Agar senga kelsalar, oralarida hukm chiqar yoki ulardan yuz o`gir. Agar ulardan yuz o`girsang, senga hech zarar keltira olmaslar. Agar hukm qilsang, oralarida adolat ila hukm qil. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir.Улар ёлғонни кўп эшитувчилар, ҳаромни кўп еювчилардир. Агар сенга келсалар, ораларида ҳукм чиқар ёки улардан юз ўгир. Агар улардан юз ўгирсанг, сенга ҳеч зарар келтира олмаслар. Агар ҳукм қилсанг, ораларида адолат ила ҳукм қил. Албатта, Аллоҳ адолат қилувчиларни севадир.Alauddin Mansour: Ular yolgʻonga quloq beruvchi haromxoʻr kimsalardir. Bas, agar Sizga kelsalar, (xohlasangiz) oʻrtalarida hakamlik qiling, (xohlasangiz) ulardan yuz oʻgiring. Agar ulardan yuz oʻgirsangiz, zinhor Sizga biron zarar yetkaza olmaslar. Agar hukm qilsangiz, oʻrtalarida adolat bilan hukm qiling. Albatta, Alloh adolat qilguvchilarni sevadi.Улар ёлғонга қулоқ берувчи ҳаромхўр кимсалардир. Бас, агар Сизга келсалар, (хоҳласангиз) ўрталарида ҳакамлик қилинг, (хоҳласангиз) улардан юз ўгиринг. Агар улардан юз ўгирсангиз, зинҳор Сизга бирон зарар етказа олмаслар. Агар ҳукм қилсангиз, ўрталарида адолат билан ҳукм қилинг. Албатта, Аллоҳ адолат қилгувчиларни севади.
Avvalgi oyatda ham mazkur shaxslar,
«ular yolgʻonni koʻp eshituvchilar» deb sifatlangan edilar. Bu oyatda ham xuddi shu sifat ila sifatlanmoqdalar. Bundan ularning bosh sifatlaridan biri «yolgʻonni koʻp eshituvchi»lik ekanligi ayon boʻlmoqda.
Ogʻzi bilan iymon keltirib, qalbi iymon keltirmaganlar va yahudiy boʻlganlarning holi shu-da.
Iymon–Islom boʻlmasa, jamiyatda yolgʻon avj oladi. Ularning eshitadigan narsasi yolgʻon boʻlib qoladi. Yolgʻonni koʻp eshitadi degani, demak, qariyb hamma yolgʻon gapiradi, deganidir. Atrof yolgʻonga toʻlib ketadi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha yolgʻonchiga aylanadi. Rost va toʻgʻri soʻzga joy qolmaydi. Unday jamiyatda rost va toʻgʻri soʻzli odam aqldan ozgan va gʻarib sanaladi. Chunki, u yashab turgan jamiyatda rost soʻzni faqat yolgʻon topa olmay qolganlaridagina, noilojlikdan gapiradilar.
Mazkur kishilarning yana bir sifati–
«haromni koʻp yeyuvchilar»dir. Ogʻzi bilan iymon keltirib, qalbi iymon keltirmaganlar jamiyatida va yahudiy boʻlganlar jamiyatida harom yemoq odat tusiga kiradi. Iymon-Islom boʻlmagan jamiyatda harom yeyish avj oladi. Alloh harom qilgan choʻchqa, oʻlimtik, qon, aroq va boshqalarni oʻzlari uchun eng tansiq va aziz taom hisoblaydilar. Buning ustiga, topganlari hammasi harom. Botil yoʻl bilan, qimor, poraxoʻrlik, riboxoʻrlik, tovlamachilik, zoʻravonlik, oʻgʻrilik, birovning haqqini tortib olish kabi yoʻllar bilan mol topadilar. Ularning jamiyatida halol yoʻl bilan rizq topish anqoning urugʻiga aylanadi. Oʻzlari shunday holda boʻla turib, yana munofiqlik ila fatvo soʻrab kelishadi.
«Agar senga kelsalar, oralarida hukm chiqar yoki ulardan yuz oʻgir. Agar ulardan yuz oʻgirsang, senga hech zarar keltira olmaslar».
Bu amrga binoan, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga ixtiyor berilmoqda. Xohlasalar, ular orasida hukm chiqaradilar, xohlamasalar, masalani koʻrmay, ularni qaytarib yuboradilar. Ularni qaytarib yuborsam, nima boʻlar ekan, degan xayolga oʻrin yoʻq. Ular Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga hech zarar keltira olmaydilar.
Bu amr oʻsha, fitnaga uchgan, avval maslahat qilib, soʻng hukm soʻrab kelgan, guruhning oʻziga xos boʻlsa kerak. Chunki, shariatdagi sobit hukm boʻyicha, Islom jamiyatida yashayotgan gʻayridinlar uchun ham shariat hukmlari yuritiladi. Albatta, ularning diniy aqiydalari va hukmlari eʼtiborga olingan holda. Shariatlarida yoʻq narsaga ular majbur qilinmaydi. Misol uchun, choʻchqa boqishlari, sotishlari, yeyishlari mumkin. Shuningdek, aroq ham ularning oʻzlariga xos tariqada ruxsat berilgan narsa hisoblanadi. Ammo, bunga oʻxshash ishlar oʻzaro davralarida mumkin. Musulmonlarga tarqatmaydilar.
«Agar hukm qilsang, oralarida adolat ila hukm qil. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir».
Yahudiylarning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hukm soʻrab kelganlari haqida maʼlumot bor. Imom Molik ibn Anas Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Yahudiylar kelib Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ulardan bir erkak bir ayol bilan zino qilganini aytadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tavrotda toshboʻron qilish haqida nima borligini bilasizlarmi?»–dedilar. Yahudiylar, ularni sharmanda qilamiz, soʻngra darra uramiz, deyishdi. Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu: «Yolgʻon gapirdinglar. Tavrotda toshboʻron bor!»–dedilar. Tavrotni olib kelib, ochishdi. Ulardan biri toshboʻron oyati yozilgan joyga qoʻlini qoʻydi-da, undan oldingi va keyingi iboralarni oʻqidi. Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu unga: «Qoʻlingni koʻtar!»–dedi. Yahudiy qoʻlini koʻtargan edi, toshboʻron qilish oyati koʻrindi. Shunda yahudiylar: «Ey Muhammad, bu toʻgʻri aytyapti, Tavrotda toshboʻron oyati bor»,–deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haligi ikki yahudiy zinokorni toshboʻron qilishga amr qildilar. Ular toshboʻron qilindilar. Erkak ayolni toshboʻrondan gavdasi bilan toʻsayotganini koʻrdim».
Bu hadisni imom Buxoriy va imom Muslimlar ham rivoyat qilganlar.
Keyingi oyatda yahudiylarning mazkur qilmishlari inkor etiladi: