إِنَّآ أَنزَلْنَا ٱلتَّوْرَىٰةَ فِيهَا هُدًى وَنُورٌ ۚ يَحْكُمُ بِهَا ٱلنَّبِيُّونَ ٱلَّذِينَ أَسْلَمُوا۟ لِلَّذِينَ هَادُوا۟ وَٱلرَّبَّـٰنِيُّونَ وَٱلْأَحْبَارُ بِمَا ٱسْتُحْفِظُوا۟ مِن كِتَـٰبِ ٱللَّهِ وَكَانُوا۟ عَلَيْهِ شُهَدَآءَ ۚ فَلَا تَخْشَوُا۟ ٱلنَّاسَ وَٱخْشَوْنِ وَلَا تَشْتَرُوا۟ بِـَٔايَـٰتِى ثَمَنًا قَلِيلًا ۚ وَمَن لَّمْ يَحْكُم بِمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ فَأُو۟لَـٰٓئِكَ هُمُ ٱلْكَـٰفِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz Tavrotni nozil qildik. Unda hidoyat va nur bor. U bilan U zotga taslim bo`lgan Payg`ambarlar, Allohning kitobini muhofaza qilishga mukallaf bo`lgan robboniylar va ahborlar yahudiy bo`lganlarga hukm yuriturlar. Ular bu kitobga guvoh qilinganlar. Odamlardan qo`rqmanglar, Mendan qo`rqinglar. Mening oyatlarimni arzon bahoga sotmanglar. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o`shalar kofirlardir.Биз Тавротни нозил қилдик. Унда ҳидоят ва нур бор. У билан У зотга таслим бўлган Пайғамбарлар, Аллоҳнинг китобини муҳофаза қилишга мукаллаф бўлган роббонийлар ва аҳборлар яҳудий бўлганларга ҳукм юритурлар. Улар бу китобга гувоҳ қилинганлар. Одамлардан қўрқманглар, Мендан қўрқинглар. Менинг оятларимни арзон баҳога сотманглар. Ким Аллоҳ нозил қилган нарса ила ҳукм юритмаса, ўшалар кофирлардир.Alauddin Mansour: Albatta, Biz Tavrotni hidoyat va nurni oʻz ichiga olgan holda nozil qilganmiz. Allohga boʻyinsunuvchi boʻlgan paygʻambarlar, ilohiy bilim egalari va donishmandlar oʻzlariga Allohning kitobi omonat qoʻyilgani sababli yahudiylarga u (yaʼni, Tavrot hukmlari) bilan hukm qiladilar. Ular bu kitob ustida guvohdirlar. Bas, (ey yahudiy ulamolar), odamlardan qoʻrqmangiz, Mendan qoʻrqingiz va Mening oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmangiz! Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir.Албатта, Биз Тавротни ҳидоят ва нурни ўз ичига олган ҳолда нозил қилганмиз. Аллоҳга бўйинсунувчи бўлган пайғамбарлар, илоҳий билим эгалари ва донишмандлар ўзларига Аллоҳнинг китоби омонат қўйилгани сабабли яҳудийларга у (яъни, Таврот ҳукмлари) билан ҳукм қиладилар. Улар бу китоб устида гувоҳдирлар. Бас, (эй яҳудий уламолар), одамлардан қўрқмангиз, Мендан қўрқингиз ва Менинг оятларимни қиймати оз нарсаларга алмаштирмангиз! Кимда-ким Аллоҳ нозил қилган дин билан ҳукм қилмас экан, бас, улар кофирлардир.
Tavrotni ham ilohiy kitob sifatida Alloh nozil qilgan. Unda odamlarga hidoyat va ikki dunyo saodati yoʻlini koʻrsatuvchi nur bor. Unga amal qiluvchilar aqiyda, ibodat bobidagi hidoyat va yoʻl-yoʻriqlarni oʻsha Tavrotdan oladilar. Shu bilan birga, Tavrot faqat axloq- odob va baʼzi diniy marosimlarning majmuasi emas. Unda kishilar hayotini boshqarib turuvchi taʼlimotlar, hukmlar bor. Hukumat shunga muvofiq boʻlishi kerak.
«U bilan U zotga taslim boʻlgan Paygʻambarlar, Allohning kitobini muhofaza qilishga mukallaf boʻlgan robboniylar va ahborlar yahudiy boʻlganlarga hukm yuriturlar».
Demak, yahudiylar hukumati Tavrot asosida ish olib borishi kerak. Oʻzlarini Allohga taslim qilgan–butunlay topshirgan Paygʻambar alayhissalomlar bor vaqtlarida ular Tavrotga amal qilgan hollarida yahudiylarga hukmdor boʻladilar. Chunki, Tavrot faqat yahudiylarga xos kitobdir. Shuning uchun ham, uning hukmi faqat yahudiylarga taalluqlidir.
Mazkur Paygʻambarlardan keyin esa, Allohning kitobini muhofaza qilishga mukallaf boʻlgan, saqlash masʼuliyati yuklatilgan robboniylar–xalq tarbiyasiga masʼul kishilar, hukmdorlar, qozilar hamda ahborlar–diniy ulamolar Tavrotning hukmini yahudiylar orasida joriy qilishga masʼuldirlar. Yahudiylarning diniy ulamolari «ahbor» deb ataladi. Mazkur masʼul toifalar (robboniy va ahborlar) Tavrot shariati asosida hukm qilish bilan birga:
«Ular bu kitobga guvoh qilinganlar».
Yaʼni, ular Tavrot taʼlimotlari asosida oʻzlari hayot kechirishlariga, soʻngra esa, qavmlarining ham ushbu kitob shariati asosida yashashlariga guvoh boʻlishlari lozim edi.
Albatta, Allohning hukmini joriy qilish oson boʻlmaydi. Uning yoʻlida turli-tuman toʻsiqlar boʻladi. Har xil toifalar Allohning shariati asosida yashashga daʼvat qiluvchilarga turli tuhmatlar qiladi. Avom xalqni bu ishdan qoʻrqitish uchun turli tashviqotlar qiladi. «Dinni oʻz manfaati yoʻlida ishlatmoqchi, oʻzi hukmni tortib olmoqchi, odamlarni eski zamonga qaytarmoqchi», kabi igʻvolarni qoʻzgʻaydi. Bundan tashqari quvgʻin qilish, qamash, qiynash va oʻldirish kabi usullari ham bor. Alloh taolodan qoʻrqish boʻlmasa, uning hukmini joriy etishga harakat qiluvchilar ham boʻlmaydi. Shuning uchun, Alloh ularga xitoban:
«odamlardan qoʻrqmanglar, Mendan qoʻrqinglar»,–demoqda.
Va yana, Allohning kitobini oʻqib, har bir banda shariat hukmi ostida yashamogʻi zarurligini tushunib yetganlardan baʼzilari, molu dunyo deb, amal va mansab umidida yoʻldan ozib, Allohning oyatlarini buzishga, maʼnosini oʻzgartirishga harakat qilishlarini qoralamoqda:
«Mening oyatlarimni arzon bahoga sotmanglar»,–demoqda.
Bu dunyoning matohi deb, oyatlar maʼnosini buzishga urinishni Alloh, oyatlarimni arzon bahoga sotish, deb taʼriflamoqda. Bunday kimsalar hukmdorga, mulkdorga, mansabdorga, zoʻravonga xushomad qilib, ular xohlagan maqomda fatvo chiqarib berishadi. Qilmishlarini oqlab gapirishadi yoki indamay turishadi.
«Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, oʻshalar kofirlardir».
Boshqa gapning hojati yoʻq. Hammasi ochiq-oydin. Boshqa tomonga burib maʼno ham berib boʻlmaydi. Alloh hukmining joriy boʻlishidan bosh tortgan odam Uning ilohu maʼbudligini ham tan olmagan boʻladi.
Soʻngra qasos haqidagi Tavrotning hukmi bayon qilinadi: