أَفَحُكْمَ ٱلْجَـٰهِلِيَّةِ يَبْغُونَ ۚ وَمَنْ أَحْسَنُ مِنَ ٱللَّهِ حُكْمًا لِّقَوْمٍ يُوقِنُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Johiliyat hukmini istarlarmi?! Ishonchi komil qavmlar uchun Allohdan hukmi yaxshiroq kim bor?!Жоҳилият ҳукмини истарларми?! Ишончи комил қавмлар учун Аллоҳдан ҳукми яхшироқ ким бор?!Alauddin Mansour: Dinsizlik hukmron boʻlishini istaydilarmi?! Iymonlari komil boʻlgan qavm uchun Allohdan ham goʻzalroq hukm qilguvchi kim bor?!Динсизлик ҳукмрон бўлишини истайдиларми?! Иймонлари комил бўлган қавм учун Аллоҳдан ҳам гўзалроқ ҳукм қилгувчи ким бор?!
Johiliyat deganda, Islomdan boshqa tuzum, Islom hukmidan boshqa hukm tushuniladi. Johiliyat maʼlum bir joyga yoki davrga yoki qavmga xos narsa emas. Islomdan oldingi Arabiston yarim orolida mavjud boʻlgan johiliyat esa, koʻplab johiliyatlardan biri, xolos. Qiyomatgacha boqiy dinning qiyomatgacha muhofaza qilinadigan, hukmi hamma joyga, hamma vaqtga va hamma odamlarga joriy boʻlgan kitobi–Qurʼoni Karimning ushbu oyatida Alloh taolo Oʻzining hukmidan boshqa hukmni istayotgan bandalarning qilmishlarini inkor etib:
«Johiliyat hukmini istarlarmi?!»–demoqda.
Kim Islom hukmidan boshqa hukmni istasa, u hukm qaysi nom bilan atalishidan qatʼinazar, johiliyat hukmini istagan boʻladi. Va bunday odamlar Allohning diniga, shariatiga, hukmiga va shu tufayli Allohning Oʻziga ham iymoni–ishonchi yoʻq odamlar boʻladi.
«Ishonchi komil qavmlar uchun Allohdan hukmi yaxshiroq kim bor?!»
Hech kim yoʻq. Allohning hukmi ila bandaning hukmi orasida Alloh bilan bandasichalik farq bor. Inson havoi nafsiga qarab xoh shaxsiy, xoh firqaviy yoki xoh jamoatchilik orqali hukm tuzgan boʻlsa ham, hammasi ojiz bandaning ojiz aqli chegarasidan chiqib keta olmaydi. Eng muhimi–hech kimning bandalarga hukm chiqarishga haqqi yoʻq. Kim, odamlar mening yoki bizning hukmimiz boʻyicha yashamogʻi lozim, desa, Allohning hokimlik sifatiga sheriklik daʼvosini qilgan boʻladi. Qoʻpol qilib aytganda, odamlar menga namoz oʻqisin, degan bilan barobar boʻladi.
Oldingi oyatlarda yahudiy va nasroniylarning qilmishlari va niyatlari maʼlum boʻlgan edi, kelasi oyatda ular bilan qanday munosabatda boʻlish lozimligi koʻrsatiladi: