يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مَن يَرْتَدَّ مِنكُمْ عَن دِينِهِۦ فَسَوْفَ يَأْتِى ٱللَّهُ بِقَوْمٍ يُحِبُّهُمْ وَيُحِبُّونَهُۥٓ أَذِلَّةٍ عَلَى ٱلْمُؤْمِنِينَ أَعِزَّةٍ عَلَى ٱلْكَـٰفِرِينَ يُجَـٰهِدُونَ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ وَلَا يَخَافُونَ لَوْمَةَ لَآئِمٍ ۚ ذَٰلِكَ فَضْلُ ٱللَّهِ يُؤْتِيهِ مَن يَشَآءُ ۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan kim dinidan qaytsa, Alloh albatta O`zi sevadigan va ular ham Allohni sevadigan qavmni keltirur. Ular mo`minlarga xokisor, kofirlarga qattiqqo`l, Allohning yo`lida jihod qilurlar va malomatchining malomatidan qo`rqmaslar. Bu, Allohning fazli bo`lib, xohlagan odamiga beradir. Alloh fazli-karami keng va biluvchi Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Сизлардан ким динидан қайтса, Аллоҳ албатта Ўзи севадиган ва улар ҳам Аллоҳни севадиган қавмни келтирур. Улар мўминларга хокисор, кофирларга қаттиққўл, Аллоҳнинг йўлида жиҳод қилурлар ва маломатчининг маломатидан қўрқмаслар. Бу, Аллоҳнинг фазли бўлиб, хоҳлаган одамига берадир. Аллоҳ фазли-карами кенг ва билувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, sizlarning ichingizdan kimda-kim dinidan qaytsa, Alloh boshqa bir qavmni keltirurki, Alloh ularni yaxshi koʻrur, ular Allohni yaxshi koʻrurlar. Ular moʻminlarga hokisor, kofirlarga esa qattiqqoʻl, biron malomatgoʻyning malomatidan qoʻrqmay Alloh yoʻlida kurashadigan kishilardir. Bu Allohning fazlu marhamati boʻlib, Oʻzi xohlagan kishilarga berur. Alloh fazlu karami keng, bilguvchidir.Эй мўминлар, сизларнинг ичингиздан кимда-ким динидан қайтса, Аллоҳ бошқа бир қавмни келтирурки, Аллоҳ уларни яхши кўрур, улар Аллоҳни яхши кўрурлар. Улар мўминларга ҳокисор, кофирларга эса қаттиққўл, бирон маломатгўйнинг маломатидан қўрқмай Аллоҳ йўлида курашадиган кишилардир. Бу Аллоҳнинг фазлу марҳамати бўлиб, Ўзи хоҳлаган кишиларга берур. Аллоҳ фазлу карами кенг, билгувчидир.
Alloh taolo dinining yer yuzida barqaror boʻlishini iroda etgan. Bu irodani yuzaga chiqarishda baʼzi bandalarini vosita–sabab qiladi. Mana shu sharafli ishga musulmon ummati tanlangan. Kim bu sharafni yetarli taqdir etsa, chin qalbidan ixlos bilan bu dinga xizmat qiladi. Bu din yoʻlida jonini ham, molini ham baxsh etadi. Ammo kim bu ulkan baxtning qadriga yetmasa, turli bahonalar bilan Islomdan qaytsa–murtad boʻlsa, yomonligi oʻzigadir. Islomga hech qanday zarar yetmaydi. Qaytaga, unga oʻxshagan nomaʼqul shaxslardan xoli boʻladi. Alloh undaylarga muhtoj emas.
«Alloh, albatta, Oʻzi sevadigan va ular ham Allohni sevadigan qavmni keltirur».
Demak, Alloh taolo Oʻz dinining yer yuzida barqaror boʻlishiga vosita qilgan bandalari alohida sifatlarga egadirlar. Birinchisi–oʻzaro muhabbat. Yaʼni, Alloh ularni sevadi, ular ham Allohni sevadilar. Bu oʻzaro muhabbat eng katta va quvvatli bogʻlanishdir. Allohning diniga xizmat qiluvchilarga, oʻsha dinda mustahkam turuvchilarga oz emas, koʻp emas, Allohning muhabbati boʻlar ekan. Dunyoda oʻzini bilgan inson uchun bundan ulkan baxt yoʻq. Ojiz bir insonning muhabbatiga sazovor boʻlgan shaxs oʻzini qanchalar baxtli-saodatli his etadi. Biz soʻz yuritayotgan muhabbat esa, hamma bandalarning Robbi, butun olamlarning xoliqi, ikki dunyoning moliki, barcha maxluqotlar qatori bandalarning ham xoliqi, ularga jon ato qilgan, nozu neʼmat bergan, qiyomat kuni hisob-kitob qiladigan Zotning muhabbati! Allohning mahbubi boʻlishdan yuqori baxt yoʻq. Shu bilan birga, bu muhabbatga erishishning faqat bir yoʻli bor–musulmon boʻlish. Ixlosli musulmon boʻlish. Avvalgi oyatda zikr qilinganidek, tili bilan iymon keltirib, dilida munofiqlik yo kufrga ketish yoki qalbida kasallik bilan emas.
Allohning sevgisini qozongan bandalarning oʻzlari ham Allohni sevadilar. Demak, sevgi-muhabbat ikki taraflamadir. Allohni sevish qanday ulkan baxt. Bu sevgi dunyodagi hamma sevgilardan ustun turadigan sevgidir. Bu sevgi jo boʻlgan qalbda boshqa sevgilar ham sogʻlom boʻladi. Allohni sevguvchi odam doimo oʻz mahbubi roziligi uchun harakat qiladi. Oʻzida shunday sevgi paydo qila olgan odam dunyoni ham boshqacha koʻradi. Dunyodagi hamma narsani oʻz qadr-qimmati bilan taniydi. Faqat musulmon insongina ushbuday sevgiga sohib boʻla oladi. Boshqalar bu baxtdan bebahradirlar. Boshqalarda bunaqa sevgi boʻlishi amri mahol.
Mazkur bandalarning sifatlaridan yana biri:
«Ular moʻminlarga xokisor, kofirlarga qattiqqoʻl»dirlar. Yaʼni, Alloh oʻz dinini yer yuzida muqarrar qilish uchun tanlagan bandalari avvalo moʻminlarga xokisor (tavozuʼli) boʻladilar. Iymon (din) qardoshlari bilan oʻzaro muomalalarda muloyim, lutfli, shirinsoʻz boʻladilar. Mehribon, shafoatlidirlar. Moʻmin birodarlariga hech ozor bermaydilar. Bu hollari ular uchun pastlik yoki xorlik emas, balki Allohning dini yoʻlidagi qardoshliklari hurmati, diniy birodarlik tuygʻusidir. Bu qardoshlik tufayli tugʻilgan moʻminlararo muhabbat tilyogʻlamalik, sunʼiy muomalalar, koʻzbogʻlovchiliklarni oʻrtadan koʻtaradi, ularning aloqalarini sof iymon va Islom aloqasiga aylantiradi.
Shu bilan birga, mazkur kishilar kofirlarga qattiqqoʻldirlar. Chunki ularning kofirlar bilan boʻladigan aloqalari yakka shaxs aloqalari emas, balki bu doiradan yuqori turadigan aloqadir. Yaʼni, bu yerda gap shaxsiy aloqa haqida emas, din ustida ketmoqda.
Allohning dinini yer yuzida barqaror etish uchun tanlab olingan bandalarning yana bir sifatlari shuki, ular:
«Allohning yoʻlida jihod qilurlar»
Allohning dinini, shariatini, irodasini yer yuzida barqaror qilish uchun eng zarur narsa–Allohning yoʻlida jihod qilishdir. Allohning dinini yer yuzida barqaror etish uchun tanlab olingan kishilar shaxsiy maqsadlar yoʻlida emas, firqa, toifa, qabilalari manfaati uchun emas, qandaydir tuzum yoki «dohiylar» yoʻlida emas, balki faqat Alloh yoʻlida jihod qiladilar. Ular yer yuzida Allohning dini qaror topishi, shariati joriy boʻlishi, hukmi yuritilishi uchun jihod qiladilar, lekin bu oson ish emas. Allohning yoʻlida jihod qilmoqchi boʻlganlarning yoʻllarida toʻsiqlar koʻp. Eng katta toʻsiqlardan biri–oʻz nafslaridir. Nafsiy toʻsiqlarining boshida turli mulohazalar, bahonalar turadi. Jumladan, odamlar nima der ekan, malomat qilishmasmikan, degan xayollar oʻtadi. Ammo, bu xayollarga berilmaslik kerak. Chunki, Alloh Oʻz dinini yer yuzida barqaror etishga ixtiyor qilgan bandalarini taʼriflayotganda:
«va malomatchining malomatidan qoʻrqmaslar»,–demoqda.
Allohning yoʻlida jihod qiladigan odamga malomatchilarning malomatidan qoʻrqishning nima keragi bor? Malomatchilik keng tarqalgan dard. Har nima qilsang ham, odamlar baribir malomat qilaverishi mumkin. Shuning uchun, Allohning aytganidan qolmaslik kerak. Agar malomatchilarning malomatidan qoʻrqib, ularga rioya qilinsa, jihod Alloh uchun emas, ular uchun boʻlib qoladi. Qolaversa, malomatchilar kim oʻzi? Nima qilib bera oladi ular? Biror ishni bajarishda, ularni baholash va taqdirlashda Allohning yoʻlyoʻrigʻi lozim va taqdiri hamma narsadan ustundir. Binobarin, Allohning dinini yer yuzida barqaror etish uchun Alloh ixtiyor qilgan qavmdan boʻlish:
«Bu, Allohning fazli boʻlib, xohlagan odamiga beradir. Alloh fazli karami keng va biluvchi Zotdir».
Allohning bunday keng fazli-karamidan bahramand boʻlgan kishilar bu ulugʻ inoyatning qadriga yetmoqlari lozim.
Bu oyati karima musulmonlarning noumid boʻlmasliklari uchun katta dalildir. Alloh xohlagan paytida, xohlagan odamlar ila yer yuzida Oʻz dinini barqaror qilib oladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida dindan qaytganlarning va kofirlarning umidlarini puchga chiqarib, ixlosli sahobalar avlodini olib keldi. Islom yer yuzida barqaror boʻldi. Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrlarida baʼzi qabilalar dindan qaytdi, fitna chiqdi va Islom xavf ostida qoldi. Ammo Alloh taolo yana ixlosli musulmonlarni–ushbu oyatda sifatlari zikr qilingan zotlarni keltirib, dinining yer yuzidagi barqarorligini taʼminladi.
Bir ming toʻrt yuz yildan ziyod tarixi davomida Islom dini oʻziga qarshi chiquvchilarni koʻp koʻrdi. Ularning hammasi ham oʻtib ketdi. Ammo, Islom boqiy qoldi.
Masalan, moʻgʻullar yashin tezligida hamma joylarni bosib oldilar. Shaharlarni xarob etib, odamlarni qirdilar, kitoblarni yoqdilar. Ularning qarshisiga chiqadigan qavm qolmadi. Ularning yengilmasligi haqida afsonaomuz gaplar tarqaldi.
Musulmon tarixchilarning yozishlaricha, holat shu darajaga yetganki, bir moʻgʻul koʻchada musulmonni koʻrib qolib: «Hoy musulmon, qilichim uyda qolibdi, sen joyingda turib tur, men borib qilichimni olib kelib seni oʻldiraman», desa, musulmon turib bergan. U qilichini olib kelib, musulmonni oʻldirgan ekan.
Boshqa guvohlarning aytishlaricha, bir moʻgʻul ayol bir guzar musulmon erkakni oʻldirgan. Hatto musulmonlar orasida, Qurʼonda zikr qilingan yaʼjuj-maʼjuj shular boʻlsa kerak, degan fikr ham tarqalgan. Ammo, oʻzini bilgan musulmonlar ushbu oyat va boshqa oyatu hadislarga tayanib, umidni uzmaganlar. Alloh Oʻz dinini yer yuzida barqaror etish uchun ixtiyor qilgan qavmdan boʻlish orzusi ila oʻzlarida oʻsha qavmning sifatlarini mujassamlashtirish yoʻlida tinmay harakat qilganlar, Alloh yoʻlida jihod etib, malomatchilarning malomatidan qoʻrqmaganlar. Ayni Jolut nomli joyda moʻgʻullar birinchi bor tor- mor etilganlar. Soʻngra, asta-sekin hamma Islom diyorlari ozod qilingan. Oʻziga xos moʻʼjiza hisoblangan bu gʻalabada boshqa omillar qatori ruhiy-maʼnaviy omil alohida ahamiyat kasb etgan. Musulmonlar moʻgʻullardan harbiy jihatdan yengilsalar ham, yurtlari bosib olinsa ham, ruhiy-maʼnaviy jihatdan yengilmaganlar, qalblarini moʻgʻullar bosib ololmagan. Ular: «Moʻgʻullar mushrik-kofirlardir, aslida, ular hech narsaga arzimaydilar, biz musulmonlarmiz, haq biz bilan, biz gʻolib boʻlishimiz kerak, ammo bizning aybimiz–dinga amal qilishdagi kamchiliklarimiz tufayli moʻgʻullar vaqtinchalik ustun kelib turibdilar. Agar gʻolib kelmoqchi boʻlsak, oʻzimizni tuzataylik, ayblarimizni yoʻqotaylik va dinimizga toʻliq amal qilaylik»,–deb toʻgʻri mulohaza yuritishdi, shu yoʻlda harakat qilishdi. Oqibatda, Alloh ulardan baʼzilarini Oʻz dinini yer yuzida qaytadan qaror toptirishiga ixtiyor qildi. Moʻgʻullar saltanati parcha-parcha etildi. Allohning dini yer yuzida barqaror boʻldi.
Keyin Ovrupadan Islomga qarshi salbchi nasorolar chiqdi. Rim papasi chaqirigʻi ila Ovrupa podshohlari jamlanib, kuch yigʻdilar va musulmonlarga qarshi qatli om eʼlon qildilar. Jahon tarixi bunga oʻxshash vahshiyona harakatni kam koʻrgan. Salbchilar nomi musulmon boʻlgan jon borki, qoʻymay oʻldira berdilar. Qonlar daryo kabi oqdi. Moviy Oʻrta Yer dengizi musulmon qoni ila qizil tusga kirdi. Salbchilar Shomni, Falastinni va boshqa joylarni bosib olib, yuz yillar davomida hukmlarini yuritdilar. Ammo musulmonlar salbchilarga nisbatan ham xuddi moʻgʻullarga boʻlgan munosabatda boʻldilar. Bular ham kofirdirlar. Ular nohaqlar. Harbiy gʻalabalari vaqtinchalik. Biz musulmonlarmiz. Biz haqmiz. Salbchilardan magʻlubiyatga uchraganimiz ularning kuchli ekanliklaridan emas, bizning zaifligimizdandir. Dinimizga amal qilishda sustkashlik qilishimizdandir, degan fikrda boʻldilar. Shu bilan birga, oʻzlaridagi nuqsonlarni tuzatib, Alloh Oʻz dinini yer yuzida barqaror qilish uchun ixtiyor qilgan qavmlardan boʻlishga harakat qildilar. Oqibatda, Alloh taolo asli kurd millatiga mansub muxlis musulmon Salohiddin Ayyubiy boshchiligida, oʻzining yoʻlida jihod qiladigan va malomatchilarning malomatidan qoʻrqmaydigan bir qavmni yuborib, yer yuzida oʻz dinini barqaror qildi.
Hozirgi paytda musulmonlar yana bir tushkunlikni boshlaridan kechirmoqdalar. Dunyo kofirlari birlashib, ularni ezib turibdilar. Murtadlar haddan ziyod koʻpaygan payti. Har qadamda munofiqlar. Eng yomoni, ruhiy-maʼnaviy holat ham buzilgan. Hozir kofirlarga, murtadlarga va munofiqlarga nafrat bilan emas, havas bilan qarash odat tusiga kirdi. Ularga taqlid qiladiganlar va ergashadiganlar urchidi. Ayni choqda, ruhiy-maʼnaviy ustunligini his etadigan musulmonlar soni ham kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Ular hozirgi magʻlubiyatning negizini tushunadilar. Malomatchilarning malomatidan qoʻrqmay, har qanday sharoitda Allohning yoʻlida jihod qiladilar.
Hozirgi noqulay holatdan qutulish uchun musulmonlar ushbu oyatda zikr qilingan sifatlarni oʻzlarida mujassam etishlari lozim. Buning uchun esa, tinmay harakat qilish kerak. Ana shundagina Allohning dinini yer yuzida barqaror etishga ixtiyor qilingan qavm paydo boʻladi. Allohning vaʼdasi yana bir bor zuhur etadi.
Keyingi oyatda musulmonlarning doʻst-valiysi kimlar ekanligi bayon qilinadi: