يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ كُونُوا۟ قَوَّٰمِينَ لِلَّهِ شُهَدَآءَ بِٱلْقِسْطِ ۖ وَلَا يَجْرِمَنَّكُمْ شَنَـَٔانُ قَوْمٍ عَلَىٰٓ أَلَّا تَعْدِلُوا۟ ۚ ٱعْدِلُوا۟ هُوَ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَىٰ ۖ وَٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ خَبِيرٌۢ بِمَا تَعْمَلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh bo`ling. Bir qavmni yomon ko`rishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh qilayotgan amalingizdan xabardor Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Аллоҳ учун ҳақда туринг, адолатли гувоҳ бўлинг. Бир қавмни ёмон кўришингиз сизни уларга нисбатан адолат қилмасликка олиб бормасин. Адолат қилинг. Бу тақвога оид ишдир. Аллоҳга тақво қилинг. Албатта, Аллоҳ қилаётган амалингиздан хабардор Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, Allohning Oʻzi uchun haq yoʻlni tutguvchi, adolat bilan shahodat-guvohlik berguvchi boʻlingiz! Biron qavmni yomon koʻrishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shu taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qoʻrqingiz! Albatta Alloh, qilayotgan amallaringizdan xabardordir.Эй мўминлар, Аллоҳнинг Ўзи учун ҳақ йўлни тутгувчи, адолат билан шаҳодат-гувоҳлик бергувчи бўлингиз! Бирон қавмни ёмон кўришингиз сизларни адолат қилмасликка тортмасин! Адолат қилингиз! Шу тақвога яқинроқдир. Аллоҳдан қўрқингиз! Албатта Аллоҳ, қилаётган амалларингиздан хабардордир.
«Ey, iymon keltirganlar!»–nidosi moʻminlarga nihoyatda mahbub nido ekani aytilgan. Bu nido ularni har qanday mashaqqatga qoʻrqmay peshvoz chiqishga targʻib qiladi. Demak, bu oʻrinda ham oʻta muhim bir masala oʻrtaga tashlanadiganga oʻxshaydi.
«Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh boʻling».
Darhaqiqat, oʻzi uchun yoki oilasi, qavmi-qarindoshi, millati yoki boshqa eʼtiborlar uchun emas, faqat Alloh uchun haqda turish kerak. Bu, oson ish emas. Shuningdek, kezi kelganda oʻziga qarshi, hatto ota-onasi, bola-chaqasiga qarshi adolatli guvoh boʻlishga ham toʻgʻri keladi. Nihoyatda ogʻir ish. Bunday moʻʼjizasifat ishlar faqat iymonning taʼmini totgan, Islomning haqiqatini anglagan kishilardangina sodir boʻladi. Bunga koʻhna tarixning oʻzi guvoh.
Ketidan bundan ham mashaqqatliroq darajadagi ish aytiladi:
«Bir qavmni yomon koʻrishingiz sizni ularga adolat qilmaslikka olib bormasin».
Bu degani–dushmaniga nisbatan ham adolatli boʻlish, deganidir. Oʻzi yomon koʻrgan qavmlarga ham hech qanday shart-soʻzsiz, toʻgʻridan- toʻgʻri, faqat adolat ila muomalada boʻlishni taqozo etadi. Bu esa, uncha-muncha insonning qoʻlidan kelmaydi. Ammo, iymon–Islom neʼmatidan bahramand boʻlganlarga, Allohning roziligini koʻzlab hayot kechirayotganlarga bu ish ham ayni muddao, koʻzlangan maqsad. Musulmonlar dinlarini mahkam tutgan paytlarida bu sifatlarini butun dunyoga amalda koʻrsatganlar. Insoniyat tarixi avval ham, keyin ham bunday namunalarni koʻra olgani yoʻq. Faqat musulmonlardan, ular Islomni mahkam tutgan paytlarida koʻrgan, xolos. Buning misollari sonsiz-sanoqsiz. Birginasini bu yerda keltiramiz:
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuni Xaybar nomli joyga yuborib, ularning mevalari va ziroatlari mahsulini oʻlchab kelishni topshirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yerni fath qilgan chogʻlarida Xaybar ahli bilan mahsulning yarmini berishga kelishgan edilar. U yerda yashovchi yahudiylar Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuga pora berib, ishda foydalariga oʻzgarish qilmoqchi boʻldilar. Shunda Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ularga qarab: «Allohga qasamki, huzuringizga men uchun xaloyiqning eng mahbubi boʻlgan zot oldidan keldim. Sizlar esa, Allohga qasamki, men uchun maymun va toʻngʻizdan ham battarsizlar. Ammo u kishini yaxshi koʻrishim va sizlarni yomon koʻrishim, sizlarga adolatsizlik qilishimga sabab boʻla olmaydi», dedilar. Shunda yahudiylar ajablanishib: «Osmonlaru yerni tutib turgan narsa ham–shu, oʻzi»,– deyishgan.
Bunday sof, Alloh uchun adolat oʻrnatish boshqa hech bir millatda, tuzum yoki dinda boʻlmagan, boʻlmaydi ham. Hozirgi kunda adolat daʼvosini qilayotganlarning adolatsizliklari ham iymonu Islomsiz sof adolat boʻlishi mumkin emasligini yana bir bor koʻrsatmoqda. Chunki, haqiqiy adolat faqat haqiqiy taqvodor qalb egasidangina sodir boʻlishi mumkin. Oyati karima shuni taʼlim beradi bizga:
«Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir».
Qalbida taqvosi bor insonga uning Allohdan xabardorligi, Yaratganning roziligini topishga urinish hissi sof adolat uchun harakat qilishiga turtki boʻla oladi. Chunki faqat taqvodor insongina:
«Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardor Zotdir», degan ogohlantirishga toʻliq ishonadi.
Mazkur farmonlarga amal qiladiganlar bor, amal qilmaydiganlar ham bor. Ularning mukofoti yoki jazosi qanday boʻlishini kelasi oyatlar bayon qilib beradi: