QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Al-Maidah surasi · Oyatсураси · Оят91

إِنَّمَا يُرِيدُ ٱلشَّيْطَـٰنُ أَن يُوقِعَ بَيْنَكُمُ ٱلْعَدَٰوَةَ وَٱلْبَغْضَآءَ فِى ٱلْخَمْرِ وَٱلْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَن ذِكْرِ ٱللَّهِ وَعَنِ ٱلصَّلَوٰةِ ۖ فَهَلْ أَنتُم مُّنتَهُونَ

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko`rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to`sishni xohlaydir. Endi to`xtarsizlar?!Албатта, шайтон хамр ва қимор туфайли ораларингизга адоват ва ёмон кўришликни солишни ҳамда сизларни Аллоҳнинг зикридан ва намоздан тўсишни хоҳлайдир. Энди тўхтарсизлар?!Alauddin Mansour: Ichkilik, qimor sababli shayton oʻrtalaringizga bugʻzu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz oʻqishdan toʻsishni istaydi, xolos! Endi toʻxtarsizlar!Ичкилик, қимор сабабли шайтон ўрталарингизга буғзу адоват солишни ҳамда сизларни Аллоҳни зикр қилишдан ва намоз ўқишдан тўсишни истайди, холос! Энди тўхтарсизлар!

123-sahifa · 7-juz · 13-hizb123-саҳифа · 7-жуз · 13-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
إِنَّمَاalbatta, faqatалбатта, фақатيُرِيدُxohlaydiхоҳлайдиٱلشَّيْطَـٰنُshaytonшайтонأَن-ni-ниيُوقِعَsolishniсолишниبَيْنَكُمُoralaringizgaораларингизгаٱلْعَدَٰوَةَadovatадоватوَٱلْبَغْضَآءَva yomon koʻrishlikniва ёмон кўришликниفِىtufayliтуфайлиٱلْخَمْرِxamrхамрوَٱلْمَيْسِرِva qimorва қиморوَيَصُدَّكُمْva sizlarni toʻsishniва сизларни тўсишниعَن-dan-данذِكْرِzikriзикриٱللَّهِAllohningАллоҳнингوَعَنِva -danва -данٱلصَّلَوٰةِ ۖnamozdanнамозданفَهَلْbas, ...miбас, ...миأَنتُمsizlarсизларمُّنتَهُونَtoʻxtovchilarmi?!тўхтовчиларми?!
TafsirТафсир

Yuqorida oʻtgan oyatlarda avvalgi ummatlarning halokatiga ularning oralariga tushgan adovat va yomon koʻrishlik ham sabab boʻlgani eslatilgan edi.

Bunday oʻzaro adovat va yomon koʻrishlik musulmonlar orasida ham paydo boʻlishiga xamr bilan qimor sabab boʻlishi mumkinligi taʼkidlanmoqda. Xamrning shaxsga, oilaga, jamiyatga va butun insoniyatga keltiradigan zararlari haqidagi maʼlumotlar juda ham koʻp, maʼlum va mashhurdir. Bu haqiqatlarni butun dunyo– musulmon ham, kofir ham, xudosiz ham, hatto aroqxoʻrlar ham yaxshi biladi. Biz u maʼlumotlarni takrorlab oʻtirmaylikda, ushbu oyati karimada zikr qilingan zararini–kishilar oʻrtasida adovat va yomon koʻrishga sabab boʻlishini eslab oʻtaylik. Agar eʼtibor beradigan boʻlsak, qayerda ichkilik boʻlsa, oʻsha joydan koʻngilsizlik kelib chiqadi. Ichkilik tufayli oilalar buzilgani qancha, aka-ukalar, ota-bolalar, doʻst-ogʻayni, qoʻni-qoʻshnilar bir-biriga dushman boʻlgani qancha. Ishxona, mahalla-koʻy, toʻy-marosim, dam olish joylari va jamoatchilik toʻplanadigan yerlardagi adovat va yomon koʻrishlarning hisobiga yetib boʻlmaydi. Hozirga kelib ichkilik, aroqxoʻr davlat rahbarlari sababli, mamlakatlar orasiga ham adovat solmoqda.

Shuningdek, qimor ham zarari koʻp illatdir. Ayniqsa, kishilar oʻrtasiga adovat va yomon koʻrishlik solishi hammasidan oʻtib tushadi. Buni sodda mantiq ham koʻrsatib turadi. Yutqizgan qimorboz oʻzidan bir daqiqada bir harakat ila katta yoki oz miqdordagi mablagʻni yutib olgan qimorbozni hech qachon yaxshi koʻrmaydi yoki unga oʻzini doʻst sanamaydi. Qimorning orqasidan chiqqan janjallar, dushmanliklar, yomon koʻrishlar, qotilliklar haqida har doim eshitib turamiz.

Alloh taolo bu ikki narsani–xamr va qimorni «ifloslik va shaytonning ishi», deb atamoqda. Alloh Oʻz bandalariga mehribon boʻlgani uchun ularni ifloslik va shaytonning ishidan qaytaradi. Nopok taomlarni zararli boʻlgani uchun harom qilganidek, iflos ishlarni ham bandalariga zararli boʻlgani uchun harom qiladi.

Ushbu oyati karimada zikr qilingan aroq bilan qimorning zararlaridan ikkinchisi–ular odamlarni Allohning zikridan va namozdan toʻsishi. Bu maʼlum va tushunarli hol. Aroqxoʻrning aroq ichishining oʻzi Allohni eslamasligiga dalil. Ichib mast boʻlib olgandan keyin esa, umuman esga olmaydi. Namoz ham, boshqa ishlar qatori, aroqxoʻrning esidan chiqadi. Shuningdek, qimorga berilib ketgan qimorboz Allohning zikrini ham, namozni ham unutadi. Bu narsa aroq va qimor keltiradigan zararlarning eng kattasidir. Boshqa jinoyatlar shu unutishdan kelib chiqadi.

Aroqxoʻr xalqlarning vakillari aroqdan fazilat topmoqchi boʻladilar: «Bu dunyoning gʻam-gʻussalarini unuttiradi, bir oz boʻlsa ham, boʻshashib, oʻsha gʻamlardan, alamlardan uzoqlashish imkonini beradi», deydilar.

Islomda bunga masʼuliyatdan qochish, gʻam-gʻussa ustiga yana gʻam- gʻussa qoʻshish, deb qaraladi. Albatta, birov aroqni ichib, mast boʻlib, gʻam-gʻussasini unutgani bilan, hushiga kelganda gʻam-alamlardan qutulib qolmaydi. Balki, avvalgi gʻam-gʻussalariga aroqxoʻrlik tufayli kelgan gʻam-gʻussalar qoʻshiladi. Islomda hayotning gʻam-gʻussalarini ulardan qochish bilan emas, balki ularga qarshi kurashish bilan muolaja qilinadi. Musulmonlar qiyinchiliklarni yengib oʻtishda doimo Alloh taolodan yordam soʻragan hollarida ish olib boradilar. Hamisha Alloh taoloning zikrida boʻladilar, namozni kanda qilmaydilar. Allohning zikri va namoz dunyodagi barcha gʻamgʻussalarni toʻkib-soladigan, ularni hal qilishda, ulardan xalos boʻlishda haqiqiy yordamchi boʻlmish Allohdan madad soʻraydigan eng qulay fursatdir. Bunday qulay fursatni aroq ichish, qimor oʻynash bilan qoʻldan boy berish katta badbaxtlikdir.

Aroqxoʻrlikka qarshi gapirsang, baʼzilar: «Sening ishing nima? Ichsa, oʻzining puliga ichibdi. Zarar koʻrsa, oʻzi koʻradi», deyishadi.

Islomda bunday falsafa yoʻq. Musulmon odam faqat oʻzi uchun yashamaydi. U, oʻzidan tashqari oilasi, qarindosh-urugʻi, jamiyati, qolaversa, butun insoniyat oldida masʼuliyatli shaxs hisoblanadi. Eng muhimi–Allohning oldida masʼuliyatlidir. Shuning uchun ham, u, avvalo, oʻz joni oldidagi masʼuliyatni his etib, aroq tufayli molu mulkini, sogʻligʻini va obroʻyini yoʻqotish bilan oʻzini qiynamasligi kerak. Shuningdek, oilasini ham qiynashga haqqi yoʻq. Oilani boqib, kiyintirib, yaxshi joy bilan taʼminlab, uning obroʻyini himoya qilish oʻrniga, topganini ichib, yetmasa, oilaning boshqa aʼzolari topgan uncha-muncha mablagʻni ham sarflab, ularning obroʻyini toʻkish katta jinoyat hisoblanadi. Shuningdek, qarindosh-urugʻlar ham undagi haqlaridan bebahra qolmasliklari kerak.

Aroqxoʻr kishi jamiyat unga yaratib bergan imtiyozlardan foydalansa-yu, oʻzi unga xizmat qilish oʻrniga, tirik tovon boʻlib, nogironlik nafaqasi soʻrab tursa, shunda ham aroqxoʻrlik «oʻzining ishi» boʻladimi?!

Aroqxoʻrning Alloh taolo oldidagi masʼuliyati haqida har qancha gapirsak shuncha oz. Qisqa qilib aytganda, aroqxoʻr umuman Allohni unutgan odam boʻladi. Bunaqa odam haqida qanday qilib, «ichsa oʻzining puliga ichibdi, zarar koʻrsa, oʻzi koʻradi», deyiladi?!

Bular oddiy fuqaroning aroqxoʻrligi haqidagi gaplar. Endi agar aroqxoʻr masʼul odam, vazifador yoki hokim boʻlsa, nima boʻladi? Aroqni oʻz puliga emas, xalq puliga ichsa, poraga olgan puliga ichsa, haromdan topgan, birovning haqidan yulib qolgan mablagʻiga ichsa-chi? Unda jinoyat bir necha chandon kuchayadi va zararlar ham shunchalik koʻpayadi. Tabiiyki, Allohning oldidagi gunohlar ham shunga yarasha boʻladi.

Ushbu ikki oyat Qurʼoni Karimdagi xamr haqidagi soʻnggi oyatlardir. Bu yerda uning batamom harom ekanligi bayon qilingan.

Xamr haqidagi oyatlar toʻrt marta, bosqichma-bosqich boʻlib tushgan. Birinchi bor «Nahl» surasidagi oltinchi-yettinchi oyatda nozil boʻlgan. Bu oyatda, xurmo va uzum mevalaridan yaxshi rizq va mast qiluvchi narsa olinishi aytilgandir. Bunda mast qiluvchi narsa, yaʼni, xamr yaxshi rizqqa qarshi qoʻyilgan, uning yomon narsa ekaniga ishora etilgan. Tushunadigan odamlar buni darrov tushunib olganlar.

Xamr haqidagi ikkinchi oyat «Baqara» surasidagi ikki yuz oʻn toʻqqizinchi oyat boʻlib, unda odamlar xamr va qimor haqida soʻrashlari va ularda ham foyda, ham zarar borligi, zararlari foydasidan koʻpligi, ularda katta gunoh borligi aytiladi.

Uchinchi bosqichdagi oyat esa, «Niso» surasidagi qirq uchinchi oyatdir. U oyatda musulmonlarga mast holda namoz oʻqimaslikka amr qilinadi.

Va nihoyat, «Moida» surasidagi ushbu oyatlar nozil boʻlib, xamrning mutlaqo harom ekanligi hukmi sobit boʻldi.

Bunday asta-sekin suvratda xamrni harom qilish uslubi eng manfaatli ekani tajribada isbotlangandir.

Maʼlumki, Islomdan oldin aroqxoʻrlik juda keng yoyilgan edi. Kishilar aroqxoʻrlik bilan faxrlanishar, bu borada musobaqa qilib bir-birlaridan oʻtishga harakat etishardi. Xamr shoirlarning sheʼrida, mugʻanniylarning qoʻshiqlarida bosh oʻrinda turardi. Kishilar aroqsiz hayotni tasavvur ham qila olmas edi. Albatta, bu jamiyatni aroqxoʻrlik illatidan tozalash osonmasdi. Shularni eʼtiborga olib, bu muammoni muolaja qilishda Qurʼoni Karim asta- sekinlik bilan, darajama-daraja harakat yoʻlini tutgan. Xamr haqidagi ilk oyatlar nozil boʻlgandayoq ularning vaqtinchalik ekanini, keyinroq nihoiy hukm tushishi muqarrarligini kishilar sezib turishar edi. Bu haqda baʼzi ibratli rivoyatlar ham kelgan.

«Nahl» surasidigi birinchi oyat nozil boʻlgandan keyin boʻlsa kerak, ishonchli hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Hazrati Umar ibn Xattob: «Ey Parvardigor! Bizga xamr toʻgʻrisida shifo boʻladigan bayon bergin!»–degan ekanlar. Vaqti kelib, «Baqara» surasidagi «Sendan xamr va qimor haqida soʻraydilar. Ularda katta gunoh va odamlar uchun manfaatlar bor. Gunohlari manfaatdan koʻra kattaroqdir», degan oyat nozil boʻldi. Umar roziyallohu anhuni chaqirib, u kishiga bu oyat tilovat qilib berildi. U kishi yana: «Ey Parvardigor! Bizga xamr toʻgʻrisida shifo boʻladigan bayon bergin!»– dedilar. Soʻngra, vaqti kelib, «Niso» surasidagi: «Ey iymon keltirganlar! Mast holingizda namozga yaqinlashmanglar», degan oyat nozil boʻldi. Hazrati Umar chaqirilib, bu oyati karima ham u kishiga tilovat qilib berildi. U kishi yana: «Ey Parvardigor! Bizga xamr toʻgʻrisida shifo boʻladigan bayon bergin!»–dedilar. Va nihoyat, «Moida» surasidagi: «Albatta, shayton aroq va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon koʻrishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan toʻsishni xohlaydi. Endi toʻxtarsizlar?!» oyati nozil boʻldi. Yana hazrati Umar chaqirilib, bu oyatni ham tilovat qilib berishdi. Shunda u kishi: «Toʻxtadik!!! Toʻxtadik!!!»–deb qichqirdilar.

Bu oyatlar Uhud urushidan keyin, uchinchi hijriy sanada nozil boʻlgan. Demak, Qurʼon nozil boʻla boshlagandan oʻn olti yil oʻtgandan soʻng tushgan. Birinchi sababi–odamlar berilib ketgan illatni asta-sekinlik bilan davolash ekani gapirib oʻtildi. Ammo eng muhim sabab, haqiqiy omil haqida endi gaplashamiz.

Qurʼoni Karim oyatlari Makkai Mukarramada oʻn uch yil nozil boʻlib turdi. Agar oʻsha davrda nozil boʻlgan oyatlarga nazar solinadigan boʻlsa, hammasi aqiyda masalasiga, kishilar qalbida «La ilaha illalloh»ni oʻrnatishga qaratilgandir.

Uzoq muddat hidoyatsiz yurgan, shirk va kufr mogʻori bosgan qalblarni tozalash-poklash va yagona Allohning borligi, birligi, xoliqligi, roziqligi, hokimligi, ilohu maʼbudligi, butun olamning tarbiyachisi, qiyomat kunining moliki ekanligi va boshqa sifatlarini yaxshilib tushuntirib, kishilarning yagona aqiydasiga aylantirishga harakat boʻldi. Shu bilan birga, «La ilaha illalloh» axloqiyotlari, yaʼni, shu kalimai toyyibaga iymon keltirgan kishining axloqlari qanday boʻlishi kerakligi haqida yoʻl-yoʻriqlar boʻldi. Iymon keltirib musulmon boʻlgan kishilarning qalbi poklanib, «La ilaha illalloh»dan boshqa aqiyda sigʻmaydigan boʻldi. Bu qalblarga yagona Allohning muhabbatidan oʻzga hech qanday muhabbat yoʻl topa olmaydigan boʻldi. Borliqda Alloh taolodan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻqligini kishilar tushunib yetdilar. Yaʼni, bu dunyoda unga odamlar banda boʻlishiga haqdor zot, insonlar uning aytganlarini qilib yashashiga haqli zot, roziligini olishga harakat qilish kerak boʻlgan zot yagona Alloh taoloning Oʻzi ekanligi ularning mustahkam aqiydasiga aylandi. Musulmonlar bu dunyoda nima halol, nima harom ekanligini tayin qiladigan zot bitta–Alloh ekanini tushunib yetdilar. Ular oʻz hayotlarining barcha sohalarida faqat Islom koʻrsatmalari asosida yashashlari lozimligini tushunib yetdilar. Ularning iymon-eʼtiqodlari quvvatlandi. Allohdan kelgan har bir amrni katta quvonch bilan, shavqu zavq bilan kutib oladigan va oʻsha amrga amal qilishda bir-birlari bilan musobaqalashishga shoshiladigan holga keldilar. Islomdan oldingi hayotlari toʻla zalolatda boʻlganini, oʻzlari butu sanamlarga sigʻinib yurganlarini, oʻzlariga oʻxshash odamlardan qoʻrqib, ularning irodalariga itoat etib yurganlarini, hamma eʼtiqodlari, tasavvurlari notoʻgʻri ekanini anglab yetdilar. Johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqqanlaridan nihoyatda sevindilar. Ularga bu ulkan neʼmatni bergan Allohning amriga itoat etishni oʻzlariga sharaf deb biladigan boʻldilar. Mana shunday holat oʻzgarishlaridan keyingina amaliy hukmlarga oid oyatlar tusha boshladi va musulmonlar ularni misli koʻrilmagan aniqlik bilan hayotga tatbiq etishga kirishdilar.

Xamrning haromligini bayon qiluvchi ushbu oyat nozil boʻlganda, kishilar xamr saqlaydigan idishlarini koʻchaga olib chiqib yerga urganlar. Madiynai Munavvara koʻchalarida aroq oqqan. Odamlarga ushbu oyat tushganligi xabari yetganda ichishga shaylanib turgan xamrlarini qaytarganlar, ichib qoʻyganlarini qusib tashlaganlar. Shu bilan bu illatdan jamiyat tamoman qutulgan.

Bunga oʻxshash illatlarning muolajasi faqat chuqur iymon va eʼtiqod asosida boʻlmasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi turgan gap. Koʻplab tajribalar shunga dalildir. Hozirda xamrning insoniyat hayotiga tahdid solib turgan xatar ekanini kattayu kichik, erkagu ayol, hokimu mahkum–hamma ilmiy asosda tushunib yetdi. Ammo aynan shu illat kundan-kunga avj olib ketmoqda. Xamrning turli yangi navlari paydo boʻlmoqda. Unga qarshi hukumatlarning koʻrayotgan choralari hech foyda bermayapti. Hukumatlar oʻlim jazosini chiqarsa ham, xamrga qiziquvchilar koʻpayib bormoqda. Chunki, muolajaning asosi notoʻgʻri. Iymonga, Allohga taqvo qilishga, Uning amriga boʻysunishga suyanmaydi. Allohdan qoʻrqmagan aroqxoʻrga oʻzidan ham battar aroqxoʻr bir hokimning chiqargan qarori qanday taʼsir qilishi mumkin? Faqat Islomgina bu va bunga oʻxshash illatlarni muolaja qila oladi. Chunki, Islomning qoidasi boʻyicha, odamlar odamlarga itoat qilmaydi. Balki: