لَيْسَ عَلَى ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ جُنَاحٌ فِيمَا طَعِمُوٓا۟ إِذَا مَا ٱتَّقَوا۟ وَّءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ ثُمَّ ٱتَّقَوا۟ وَّءَامَنُوا۟ ثُمَّ ٱتَّقَوا۟ وَّأَحْسَنُوا۟ ۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلْمُحْسِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Iymon keltirganlar uchun, agar taqvo qilib, iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan bo`lsalar, so`ngra taqvo qilib, iymon keltirsalar, keyin taqvo qilib ehson qilsalar, yeb-ichganlarida gunoh yo`qdir. Zotan, Alloh ehson qiluvchilarni sevadir.Иймон келтирганлар учун, агар тақво қилиб, иймон келтириб, яхши амалларни қилган бўлсалар, сўнгра тақво қилиб, иймон келтирсалар, кейин тақво қилиб эҳсон қилсалар, еб-ичганларида гуноҳ йўқдир. Зотан, Аллоҳ эҳсон қилувчиларни севадир.Alauddin Mansour: Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun — agar (harom narsalardan) saqlanib, iymon va yaxshi amallarida sobit boʻlsalar, soʻngra oʻzlarini saqlab (u narsalarning haromligiga) iymon keltirsalar, soʻngra Allohdan qoʻrqib, chiroyli amallar qilsalar — (ilgari) yeb-ichgan narsalarida gunoh yoʻqdir. Alloh chiroyli amal qilguvchilarni sevadi.Иймон келтирган ва яхши амаллар қилган зотлар учун — агар (ҳаром нарсалардан) сақланиб, иймон ва яхши амалларида собит бўлсалар, сўнгра ўзларини сақлаб (у нарсаларнинг ҳаромлигига) иймон келтирсалар, сўнгра Аллоҳдан қўрқиб, чиройли амаллар қилсалар — (илгари) еб-ичган нарсаларида гуноҳ йўқдир. Аллоҳ чиройли амал қилгувчиларни севади.
Ushbu javobdan Allohning hukmi kelmasdan avval qilingan ishlarda javobgarlik yoʻq ekanini tushunamiz. Yaʼni, xamrning haromligini eʼlon qiluvchi oyat hijratning uchinchi yilida nozil boʻlgan boʻlsa, ungacha Islomda xamr harom boʻlmagan. Oʻsha lahzagacha uni ichgan odam harom narsani ichgan boʻlmaydi. Bu xususda hisob-kitob ham qilinmaydi. Unga gunoh ham boʻlmaydi. Oʻlib ketgan boʻlsa, soʻroq- savol ham qilinmaydi.
Shu bilan birga, oyati karimada bunday ishlarda iymon va taqvo asosiy ahamiyat kasb etishiga alohida eʼtibor berilyapti. Diqqat bilan qaralsa, qisqa bir oyatda «iymon» va «taqvo» soʻzlari uch martadan takrorlanyapti.
Avvalo, bu hukm «iymon keltirganlar uchun»ligi aytilmoqda. Albatta, yemak-ichmagining halol boʻlishini faqat iymonlilar–musulmonlar surishtiradilar. Ulardan boshqalarga nima yeb-ichayotganlarining farqi yoʻq. Halolmi-harommi, surishtirib oʻtirmaydilar. Eng muhimi, yesalar-ichsalar boʻldi. Bu masalada ular chorva hayvonlari kabidirlarki, buni oʻzlari ham yaxshi bilishadi.
Keyin:
«agar taqvo qilib, iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan boʻlsalar», deyilmoqda.
Yaʼni, ham iymon, ham yaxshi amal, ham taqvodorlik zarur, bularsiz boʻlmaydi. Ogʻzida iymon daʼvo qilsa-yu, taqvosi boʻlmasa, iymoni yoʻq yoki zaif boʻladi. Shuningdek, yaxshi amallar qilib yurganini yoki endi qilmoqchi ekanini daʼvo qilsa-yu, taqvosi boʻlmasa, bu ham oʻrniga oʻtmaydi. Bunday amallarni yaxshi deb boʻlmaydi.
Oyatda bundan keyin:
«soʻngra taqvo qilib iymon keltirsalar», deyilmoqda.
Avvalgi jumlada iymon bilan yaxshi amallarni qoʻshib olib borish uchun taqvo zarurligi ishoratan bildirilgan boʻlsa, bu yerda iymonning alohida oʻziga ham taqvo zarurligi taʼkidlanmoqda.
«keyin taqvo qilib ehson qilsalar», jumlasi bilan esa, yaxshi amallarning oʻziga ham taqvo zarurligi taʼkidlanmoqda. Bu narsa oʻz navbatida, shuni koʻrsatadiki, taqvo, yaʼni, Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytish naqadar ahamiyatli ish ekan. Albatta, taqvo–kishi qalbiga oʻrnashgan malakadir, sohibini yaxshilikka yoʻllab, yomonlikdan qaytarib turuvchi, doimo Allohdan qoʻrqitib turuvchi holatdir.
Aroqning haromligi haqidagi oyat nozil boʻlishidan oldin aroq ichib yurgan boʻlsa ham, iymoni, yaxshi amali taqvo asosida boʻlgan shaxslarga yegan-ichganida gunoh yoʻq. Chunki, u paytda aroq harom qilinmagan edi. Ammo «mening iymonim qalbimda, taqvom qalbimda, eʼtiqod masalasi shaxsiy ish», deb aroqni ichayotganlar, uni halol desalar, kofir; harom deb turib ichsalar, osiy boʻladilar.
Kelasi oyatlarda yana boshqa turdagi halol va harom haqida soʻz ketadi: