مَّا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biror so`z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar.Бирор сўз айтмас, магар ҳузурида ҳозиру нозир борлар.Alauddin Mansour: U biron soʻz talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru-nozir boʻlgan bir kuzatguvchi (farishta u soʻzni yozib olur).У бирон сўз талаффуз қилмас, магар (талаффуз қилса) унинг олдида ҳозиру-нозир бўлган бир кузатгувчи (фаришта у сўзни ёзиб олур).
Demak, insonning ikki tarafida ikki farishta joylashgan va ular insonning har bir amali va soʻzlarini kutib oladi. Oyatda ularni «ikki kutib oluvchi», deb aytilmoqda.
«Vaqtiki ikki kutib oluvchi oʻngda va chapda oʻtirgan hollarida kutib olurlar.»
Mazkur farishtalar sodir boʻlgan barcha hodisalarni yozib borishga vakil qilinganlar.
«Biror soʻz aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar.»
Insonning ogʻzidan chiqqan bitta lafz ham ularning nazarlaridan chetda qolmaydi. Ular hamisha hoziru nozirdirlar, darrov yozib qoʻyadilar.
Taʼkidlash lozimki, Alloh taolo bandasining amallarini hisob-kitob qilishda bu ikki farishtaning ishiga muhtoj emas. Oʻzi hamma narsani komil ilmi ila bilib turadi, hattoki, avvalgi oyatlarda aytilganidek, odamning xayolidan oʻtgan narsalarni ham biladi. Mazkur farishtalarning yozib borishining boshqa hikmati bor: qiyomat kuni insonga hujjat sifatida koʻrsatiladigan nomai aʼmol ushbu farishtalar yozgan yozuvlar boʻladi. Bunga iymon keltirish esa, har bir bandaning koʻproq yaxshilik qilishiga, yomonlikdan yanada koʻproq chetlanishiga bois boʻladi.
Ushbu mavzuda koʻplab rivoyatlar kelgan, shulardan baʼzilari bilan tanishib chiqsak, tushunchalarimiz mukammalroq boʻladi.
Ali ibn Abi Tolha Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladiki, u zot: «Biror soʻz aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar» oyati haqida: «Har bir yaxshi-yomon gapi yozib boriladi. Hattoki, yedim, ichdim, bordim, keldim, koʻrdim kabilarni ham. Payshanba kuni uning ishi va gapi arz qilinadi, yaxshiligi, yomonligi bori qoldirilib, qolgani tashlab yuboriladi», degan ekanlar.
Imom Hasan Basriy «...oʻngda va chapda oʻtirgan holda» oyatini oʻqib turib: «Ey, odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi, bittasi, oʻng tarafingdagi yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi, chap tarafingdagi yomonliklaringni yozadi, nimani xohlasang, qilaver, ozmi, koʻpmi. Vafot etganingda, sahifang berkitiladi, qabringda boʻyningga osib qoʻyiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan...» degan ekanlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal oʻlim toʻshagida ingrab yotganlarida, Tovus roziyallohu anhudan: «Farishta har bir narsani, hatto ingrashni ham yozadi», degan rivoyatni eshitibdilar-u, darhol, ingrashni tark etib, shu bilan to jon taslim qilgunlaricha ingramagan ekanlar.
Mazkur sahifalar hayotdagi ishlarning sahifasidir, ammo oʻlim oldidan jon taslim qilish sahifasi ham bor.