نَّحْنُ أَعْلَمُ بِمَا يَقُولُونَ ۖ وَمَآ أَنتَ عَلَيْهِم بِجَبَّارٍ ۖ فَذَكِّرْ بِٱلْقُرْءَانِ مَن يَخَافُ وَعِيدِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ularning aytganlarini Biz biluvchimiz. Sen ularning ustidagi jabbor emassan. Bas, Qur'on ila azob va'damdan qo`rqqanlarni ogohlantir.Уларнинг айтганларини Биз билувчимиз. Сен уларнинг устидаги жаббор эмассан. Бас, Қуръон ила азоб ваъдамдан қўрққанларни огоҳлантир.Alauddin Mansour: Biz ular (kofirlar) aytayotgan soʻzlarni juda yaxshi bilurmiz. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), siz ularning ustida (dinu-iymonga) zoʻrlaguvchi emassiz. Bas, ushbu Qurʼon bilan Mening (kofirlarni azob-uqubatga giriftor qilish haqidagi) vaʼdamdan qoʻrqadigan kishilarga pand-nasihat qiling.Биз улар (кофирлар) айтаётган сўзларни жуда яхши билурмиз. (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), сиз уларнинг устида (дину-иймонга) зўрлагувчи эмассиз. Бас, ушбу Қуръон билан Менинг (кофирларни азоб-уқубатга гирифтор қилиш ҳақидаги) ваъдамдан қўрқадиган кишиларга панд-насиҳат қилинг.
Suraning oxirgi oyati karimasida Alloh taolo Oʻzining mahbub Paygʻambariga yana bir bor tasalli berib, u zotga Paygʻambarlik vazifalari xususiyatini yana bir bor eclatmoqda.
«Ularning aytganlarini Biz biluvchimiz.»
Shuning uchun, ul kofirlarning aytayotgan noloyiq gaplaridan sen xafa boʻlma, ey Paygʻambar. Shu bilan birga, sen ularning iymonga kelmayotganlaridan koʻp tashvish ham chekaverma.
«Sen ularning ustidagi jabbor emassan.»
Ushbu jumladagi «jabbor»ning maʼnosi–kishilarni oʻz havoyi nafsiga binoan mahkam tutuvchi, deganidir. Ammo shariat ahkomlari asosida tutsa, jabbor boʻlmaydi.
«Bas, Qurʼon ila azob vaʼdamdan qoʻrqqanlarni ogohlantir.»
Zotan, sening asosiy vazifang shudir.
«Qof» surasi dunyo yaratilishi, qayta tirilish, mahshar, hisob- kitob, jannat, doʻzax, savob, iqob kabi vaʼz-nasihatga toʻla masalalarni bayon etib kelgani uchun ham, Paygʻambarimiz alayhissolatu vassalom bu surani odam koʻp toʻplanadigan joylarda oʻqir ekanlar.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda, hazrati Umar Abi Voqid al-Laysdan:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iydda nimani oʻqir edilar?»–deb soʻraganlarida, u kishi:
«Qof va Iqtarabatni», degan ekanlar.
Imom Ahmad Ummu Hishom binti Xorisadan rivoyat qiladilar, u kishi: «Paygʻambar alayhissalom bilan bizning tannurimiz bitta edi, «Qof val Qurʼoni majid»ni Paygʻambarimiz alayhissalomning ogʻizlaridan yodlaganman, har juma minbarda odamlarga oʻqir edilar», debdilar.