ٱقْتَرَبَتِ ٱلسَّاعَةُ وَٱنشَقَّ ٱلْقَمَرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Soat(qiyomat) yaqinlashdi va oy bo`lindi.Соат(қиёмат) яқинлашди ва ой бўлинди.Alauddin Mansour: (Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham boʻlindi.(Қиёмат) соати яқинлашиб қолди ва ой ҳам бўлинди.
Qurʼoni Karimda qiyomat kuni turli ismlar bilan nomlangan, buni boshqa suralarda ham koʻrdik. «Qamar» surasida qiyomat «soat» deb nomlanyapti. Qiyomatning yaqinligi nisbiy tushunchadir. Uning qachon boʻlishini faqat Allohning Oʻzi biladi. Hatto Paygʻambarlar, farishtalarning ulugʻlari ham bilmaydi. Insoniyat tarixida qiyomatning boʻlish vaqtini tayin qilib sharmanda boʻlganlar juda ham koʻp. Uning qachon boʻlishini faqat Alloh biladi. Bizdan talab etiladigani esa, oʻsha kunning boʻlishiga shak- shubhasiz ishonish va oʻshanda sharmanda boʻlib qolmaslik uchun doim u kunga tayyor boʻlib yurish. Chunki, har bir keluvchining kelishi yaqindir. Bu haqda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomdan bir qancha hadislar ham rivoyat qilingan.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda ibn Umar aytdilarki: «Paygʻambar alayhissalom bilan oʻtirgan edik. Asrdan soʻng quyosh botay deb qolganda u zot, Sizlar bilan avval oʻtganlarning umrini taqqoslab koʻrilsa, bu kunning oʻtgan qismi bilan qolgan qismiga oʻxshaydi, dedilar. Yaʼni, avval oʻtganlarning vaqti tong otgandan kun botish arafasigacha oʻtgan oraliq vaqtga oʻxshaydi. Qiyomatgacha qolgan vaqt esa, quyosh botguncha qolgan vaqtga oʻxshaydi».
Sahl ibn Saʼddan imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom: «Mening Paygʻambar qilib yuborilishim bilan qiyomat mana bundoqdir», deb koʻrsatgich barmoqlari bilan oʻrta barmoqlarini koʻrsatgan ekanlar.
Oyning yorilishi haqidagi rivoyatlardan baʼzilari suraning umumiy maʼnosini tushuntirish davomida zikr qilib oʻtildi. Bu juda ham mashhur hodisa boʻlib, oʻsha kechada kim unga nazar solgan boʻlsa, oyning yorilganini koʻrgan, mulohaza qilgan. Yaqinda Hindistonda tarixiy yodgorliklarni oʻrganish jarayonida bir ibodatxonaning qurilish tarixiga oid hujjatlar koʻrib chiqildi. Buni qarangki, mazkur hujjatda «Bu ibodatxona oy yorilgan kechaning ertasi kuni qurila boshlangan», deb yozilgan ekan. Eng kuchli dalil shuki, oyat tushgandan soʻng mushriklar bu xabarni son-sanoqsiz marta eshitganlar, oʻzlari ham oʻqiganlar, lekin birortasi, qachon oy yorilgan edi, nimaga yolgʻon aytyapsizlar, degan emas. Shuningdek, oʻzlarining «bu sehr» deb aytgan gaplarini ham tan olib jim turishgan. Holbuki, oʻsha paytda dushmanlar Qurʼondan, Paygʻambar alayhissalomdan, musulmonlardan sal boʻlsa ham ayb topish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solgan edilar.
Oyning yorilishi masalasiga kelsak, bu ish Alloh uchun hech narsa emas. Kofirlar oʻz nomaʼqulchiliklarini xaspoʻshlash maqsadida doimo turli bahona, takliflar qilib turishadi. Avvalgi oʻtgan barcha Paygʻambarlarga ham shunday qilganlar. Alloh Oʻz Paygʻambarlarining haqligini tasdiqlash, kofirlarni ojiz qoldirish, moʻminlarning imkonini mustahkamlash uchun u Paygʻambarlarga oʻz zamonasi va qavmiga mos moʻʼjizalarni bergan. Oʻtgan Paygʻambarlar mazkur moʻʼjizalarni oʻz oʻrnida ishlatganlar. Lekin ularning vafotlari bilan barcha moʻʼjizalari ham amaldan qolgan. Muhammad alayhissalomga esa, abadiy va ulkan moʻʼjiza qilib Qurʼon berilgan.
Ul zoti bobarokat oʻtganlaridan soʻng ham moʻʼjizalari boʻlmish Qurʼon to qiyomat turguncha barhayotdir. Shuning uchun ham, qachon mushrik va kofirlar u kishidan Paygʻambarliklarini tasdiqlovchi moʻʼjiza talab qilishsa, doimo Qurʼoni Karimni roʻkach qilganlar.
Boshqa Paygʻambarlarga ulkan moʻʼjiza boʻlib xizmat qilgan hodisalar Muhammad alayhissalom uchun oddiy bir ish edi. Deyarli hamma Paygʻambarlarga berilgan moʻʼjizalarga oʻxshash ishlar Muhammad alayhissalom hayotlarida ham boʻlib oʻtgan. Bu haqdagi xabarlar hadis kitoblarida bor. Lekin bu narsalar takrorlanaverib oddiy bir holatga aylanib qolganidan, katta shov-shuv qilinmasdi.
Oyning yorilishi ham xuddi shunday oddiy ish. Hatto, baʼzi tafsirchilar, bu suradagi oyning yorilishi haqidagi maʼno qiyomat kuni boʻladi, deyishgan ham. Lekin koʻpchilik ulamolar suraning umumiy maʼnosini va qilingan sonsiz rivoyatlarni eʼtiborga olib, oyatda aynan oʻsha hodisa ustida soʻz ketayotganini taʼkidlaganlar. Ikki maʼno bir-biriga qoʻshilsa, toʻliqroq ham boʻladi.
Aslini olganda, aqli raso, oʻzini tanigan inson uchun oyning yorilishi Allohning borligiga, Paygʻambarning haqligiga dalil boʻlishi shart emas. Balki oyning hozirgi holatining oʻzi–uning joylashuvi, hajmi, nur taratishi, yangilanishi, chiqishi va hokazolar ulkan moʻʼjizadir. Alloh taolo ushbu hodisani oyatda zikr qilib, sobit qilishni ixtiyor etgan ekan, shundoq boʻldi. Haqiqatan, hissiy moʻʼjizalar insonga oʻziga xos taʼsir oʻtkazadi. Har bir inson ham ushbu oyatni oʻqiganida, eshitganida, oʻrganganida yana shunday taʼsirlanib turmogʻi lozim.