مَّن ذَا ٱلَّذِى يُقْرِضُ ٱللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَـٰعِفَهُۥ لَهُۥ وَلَهُۥٓ أَجْرٌ كَرِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohga yaxshi qarz beradigan kishi bormi?! Bas, U zot unga bir necha marta ko`paytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor.Аллоҳга яхши қарз берадиган киши борми?! Бас, У зот унга бир неча марта кўпайтириб қайтаради ва унга карамли ажр бор.Alauddin Mansour: Allohga qarzi hasana (ixtiyoriy qarz, yaʼni Uning yoʻlida xayru saxovat) qiladigan kim bor? Bas, U zot oʻsha (kishi)ga bir necha hissa qilib qaytarur va uning uchun ulugʻ ajr-mukofot boʻlur.Аллоҳга қарзи ҳасана (ихтиёрий қарз, яъни Унинг йўлида хайру саховат) қиладиган ким бор? Бас, У зот ўша (киши)га бир неча ҳисса қилиб қайтарур ва унинг учун улуғ ажр-мукофот бўлур.
Aslida «qarz» soʻzi lugʻatda «kesmoq» maʼnosini bildiradi. Qarz beruvchi kishi oʻz molidan kesib, qarz soʻrovchiga beradi. Alloh taolo Oʻz dini yoʻlida sarflanadigan molu mulkni Unga berilgan «yaxshi qarz»ga, yaʼni, oraga sudxoʻrlik va boshqa gʻarazlar qoʻshilmagan qarzga oʻxshatmoqda. «Allohga yaxshi qarz beradigan kishi bormi?!» Bunda ehson, infoq qilishga katta targʻib bordir. Chunki, qarzni muhtojlar oladi, Alloh esa, hech narsaga muhtojligi yoʻq, balki barchaning Unga muhtojligi bor zotdir. Oyatda Alloh taolo ehson qilganlarning sarfini koʻpaytirib berishga va buning ustiga, ularni karamli jannatga kiritishga vaʼda qilmoqda. «Bas, U zot unga bir necha marta koʻpaytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor.» Ulamolar Alloh taolo qabul qiladigan yaxshi qarzning shartlarini ham zikr qilganlar: 1.Sadaqa qiluvchining niyati sof boʻlsin. 2. Sadaqa chin koʻngildan, riyosiz, Allohning roziligi uchun berilsin. 3. Halol moldan boʻlsin. 4. Sifatsiz boʻlmasin. 5. Eng zarur joyga sarflansin. 6. Sadaqa yashirin holda qilinsin. 7. Minnat qilinmasin. 8. Koʻp boʻlsa ham, oz sanalsin. 9.Oʻzining yaxshi koʻrgan molidan boʻlsin. 10. Oʻzini boy sanab, oluvchini kambagʻal sanamasin. Maʼlumki, sahobai kiromlar har bir oyatga toʻliq amal qilishga shoshilar edilar. Shu maʼnoda ulugʻ sahobiy Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi rivoyat juda ham ibratlidir. Ushbu oyat nozil boʻlganda Abu Dahdah Ansoriy ismli sahoba: «Ey, Allohning Rasuli, Alloh bizdan qarz xohlayaptimi?»–dedi. «Ha, ey, Abu Dahdah», dedilar sarvari olam. Shunda Abu Dahdah Rasululloh alayhissalomga: «Qoʻlingizni bering», dedi-da, u zoti bobarakotning muborak qoʻllaridan tutdi. Soʻngra: «Men oʻz Robbimga bogʻimni qarz berdim», dedi. Uning bogʻida olti yuz tup xurmosi, xotini Ummu Dahdah va farzandlari bor edi. Abu Dahdah bogʻiga kelib, xotini Ummu Dahdahni chaqirgan edi, u: «Labbay!» deb chiqdi. Abu Dahdah: «Bogʻdan chiq, men uni Robbimga qarz berdim», dedi. Ayol esa: «Qilgan savdoingning daromadi koʻp boʻlsin», dedi-da, darrov bolalari va asbob-anjomlarini koʻtarib, koʻchdi. Shunda Paygʻambar alayhissalom: «Jannatdagi duru yoqutdan boʻlgan qanchadan-qancha xurmolar Abu Dahdahniki boʻldi», dedilar. Yuqoridagi oyatlar ehson-infoq qilishga daʼvat etdi va bu uchun ulugʻ ajr borligining xabarini berdi. Kelasi oyat esa, mazkur ajrning bir qismi haqida bayon qiladi. Demak, karamli ajr qachon boʻladi?