وَٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ بِٱللَّهِ وَرُسُلِهِۦٓ أُو۟لَـٰٓئِكَ هُمُ ٱلصِّدِّيقُونَ ۖ وَٱلشُّهَدَآءُ عِندَ رَبِّهِمْ لَهُمْ أَجْرُهُمْ وَنُورُهُمْ ۖ وَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَكَذَّبُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَآ أُو۟لَـٰٓئِكَ أَصْحَـٰبُ ٱلْجَحِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohga va Uning Payg`ambarlariga iymon keltirgan kishilar, ana o`shalar, siddiqlardir va Robbilari huzuridagi shohidlardir. Ularning ajrlari va nurlari bor. Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolg`onga chiqargan kishilar, ana o`shalar do`zax egalaridir.Аллоҳга ва Унинг Пайғамбарларига иймон келтирган кишилар, ана ўшалар, сиддиқлардир ва Роббилари ҳузуридаги шоҳидлардир. Уларнинг ажрлари ва нурлари бор. Куфр келтирганлар ва оятларимизни ёлғонга чиқарган кишилар, ана ўшалар дўзах эгаларидир.Alauddin Mansour: Allohga va Uning paygʻambarlariga iymon keltirgan zotlar — ana oʻshalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar (yaʼni, juda rostgoʻy zotlar) va shahidlar (maqomida)dirlar. Ular uchun (Oxiratda) ajr-mukofotlari va (ularning yoʻllarini yoritib boradigan) nurlari boʻlur. Kofir boʻlgan va Bizning oyatlarimizni yolgʻon degan kimsalar — ular doʻzax egalaridir!Аллоҳга ва Унинг пайғамбарларига иймон келтирган зотлар — ана ўшалар Парвардигорлари ҳузурида сиддиқлар (яъни, жуда ростгўй зотлар) ва шаҳидлар (мақомида)дирлар. Улар учун (Охиратда) ажр-мукофотлари ва (уларнинг йўлларини ёритиб борадиган) нурлари бўлур. Кофир бўлган ва Бизнинг оятларимизни ёлғон деган кимсалар — улар дўзах эгаларидир!
Faqat Islomdagina martaba va maqomlar odamning ishiga qarab beriladi. Kim boʻlishidan qatʼinazar, iymonga kelib yaxshi amallarni qilsa, eng yuqori maqomlarga erishishi turgan gap.
Ushbu oyatda Allohga va Uning Paygʻambarlariga iymon keltirganlar «siddiqlar» deb atalmoqda.
«Allohga va Uning Paygʻambarlariga iymon keltirgan kishilar, ana oʻshalar, siddiqlardir va Robbilari huzuridagi shohidlardir.»
«Siddiq», aslida, soʻziga, eʼtiqodiga va amaliga sodiq kishilarning sifatidir. Ular fazl va martabada Paygʻambarlardan keyin turadilar.
Shohidlar esa, oʻzlarining sodiqliklari bilan yuqori maqomga erishib, Alloh huzurida boshqa odamlar toʻgʻrisida guvohlik berish darajasiga erishganlardir.
Ushbu «shohidlar» kalimasi koʻpgina tarjima va tafsirlarda «shahidlar» shaklida ham talqin qilingan. Buning sababi, Qurʼoni Karim matnida bu soʻz «shuhadaau» deb keltirilgan. Bu esa, jam siygʻasida boʻlib, arabcha ikki soʻzning: shohid va shahid soʻzlarining jami uchun ishlatiladi. Demak, tafsirchi va tarjimonlar oyatda kelgan jam siygʻasidagi «shuhadaau» soʻzi shohid–guvoh soʻzining jamimi yoki shahid–Allohning yoʻlidagi jangda jon fido qiluvchining jamimi ekanligida ikki xil ijtihod qilganlar.
Biz shohid soʻzini ixtiyor qildik. Chunki, avvalo, «Hadid» surasida va ushbu oyatda jihod va shahidlik haqida biror soʻz ham yoʻq. Ikkinchidan, siddiqlik darajasiga yetgan kishilar Allohning huzurida shohid–guvoh boʻlishlari maʼlum va mashhur.
«Ularning ajrlari va nurlari bor.»
Hammalariga ulugʻ ajr va qiyomat zulmatida yoʻllarini yoritib boradigan nur bordir.
Kofirlarga esa, doʻzax roʻpara qilinadi.
«Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolgʻonga chiqargan kishilar, ana oʻshalar, doʻzax egalaridir.»
Yuqoridagi oyatda zikri kelgan ish, yaʼni sadaqa qilish va Alloh yoʻlida mol sarflash, oson ish emas. Mol-dunyoning muhabbati kishilarni mazkur ishdan qaytarib turadi. Shuning uchun, kelasi oyat bu dunyoning haqiqati va mol-dunyoga uncha berilmaslik haqida soʻz yuritadi.