ثُمَّ قَفَّيْنَا عَلَىٰٓ ءَاثَـٰرِهِم بِرُسُلِنَا وَقَفَّيْنَا بِعِيسَى ٱبْنِ مَرْيَمَ وَءَاتَيْنَـٰهُ ٱلْإِنجِيلَ وَجَعَلْنَا فِى قُلُوبِ ٱلَّذِينَ ٱتَّبَعُوهُ رَأْفَةً وَرَحْمَةً وَرَهْبَانِيَّةً ٱبْتَدَعُوهَا مَا كَتَبْنَـٰهَا عَلَيْهِمْ إِلَّا ٱبْتِغَآءَ رِضْوَٰنِ ٱللَّهِ فَمَا رَعَوْهَا حَقَّ رِعَايَتِهَا ۖ فَـَٔاتَيْنَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ مِنْهُمْ أَجْرَهُمْ ۖ وَكَثِيرٌ مِّنْهُمْ فَـٰسِقُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra ularning ortidan Payg`ambarlarimizni ketma-ket yubordik va Iyso ibn Maryamni ham ortlaridan yubordik hamda unga Injilni berdik. Unga ergashganlarning qalblariga mehribonlik va rahimdillikni soldik. Rohiblikni o`zlari chiqarib oldilar, Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat o`zlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning ko`pi fosiqlardir.Сўнгра уларнинг ортидан Пайғамбарларимизни кетма-кет юбордик ва Ийсо ибн Марямни ҳам ортларидан юбордик ҳамда унга Инжилни бердик. Унга эргашганларнинг қалбларига меҳрибонлик ва раҳимдилликни солдик. Роҳибликни ўзлари чиқариб олдилар, Биз буни уларга фарз қилмаган эдик, фақат ўзлари Аллоҳнинг розилигини тилаб қилдилар, лекин ҳақиқий риоясини қила олмадилар. Бас, улардан иймон келтирганларига ажрларини бердик, лекин уларнинг кўпи фосиқлардир.Alauddin Mansour: Soʻngra ularning izlaridan ketma-ket paygʻambarlarimizni yubordik va Iyso binni Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil ato etdik hamda unga ergashgan zotlarning dillarida mehribonlik va rahm-shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular oʻzlari chiqarib oldilar. Biz ularga (rohib boʻlishlarini) yozganimiz — buyurganimiz yoʻq, lekin ular oʻzlari Allohning rizoligini istab (rohiblikni odat) qildilar-u, soʻng unga toʻgʻri-toʻla rioya qila olmadilar. Bas, Biz ulardan iymon keltirgan zotlarga ajr-mukofotlarini ato etdik. (Ammo) ularning orasida koʻplari fosiq-itoatsizdirlar.Сўнгра уларнинг изларидан кетма-кет пайғамбарларимизни юбордик ва Ийсо бинни Марямни ҳам (уларнинг) ортидан юбордик ва унга Инжил ато этдик ҳамда унга эргашган зотларнинг дилларида меҳрибонлик ва раҳм-шафқат (пайдо) қилдик. Роҳибликни эса улар ўзлари чиқариб олдилар. Биз уларга (роҳиб бўлишларини) ёзганимиз — буюрганимиз йўқ, лекин улар ўзлари Аллоҳнинг ризолигини истаб (роҳибликни одат) қилдилар-у, сўнг унга тўғри-тўла риоя қила олмадилар. Бас, Биз улардан иймон келтирган зотларга ажр-мукофотларини ато этдик. (Аммо) уларнинг орасида кўплари фосиқ-итоатсиздирлар.
Alloh taolo Nuh va Ibrohim alayhissalomlardan keyin ham sharoitga qarab, asta-sekin Oʻz Paygʻambarlarini yuborib, bandalarini hidoyatga boshlab turdi. Vaqti-soati yetganda Iyso alayhissalomni ham Paygʻambar etib yubordi.
«Soʻngra ularning ortidan Paygʻambarlarimizni ketma-ket yubordik va Iyso ibn Maryamni ham ortlaridan yubordik hamda unga Injilni berdik.»
Demak, Iyso ibn Maryam alayhissalom Xudo ham, Oʻgʻil Xudo ham, uchtaning uchinchisi ham emaslar. U kishi Allohning Paygʻambarlaridan biridirlar. Alloh taolo boshqa Paygʻambarlarni qandoq qilib yuborgan boʻlsa, Iyso alayhissalomni ham shundoq yuborgan. Alloh taolo Oʻz Paygʻambarlaridan qaysi birlariga Oʻz kitobini bergan boʻlsa, Iyso alayhissalomga ham Injilni shundoq bergan.
«Unga ergashganlarning qalblariga mehribonlik va rahimdillikni soldik.»
Alloh taolo Iyso alayhissalomga ergashganlarning, u zotning daʼvatlarini qabul qilganlarning qalblariga mehribonlik va rahimdillikni solib ularni qoʻpollik va rahimsizlikdan saqladi. Iyso alayhissalomning buzilmagan, oʻzgarishga uchramagan daʼvatlariga ixlos bilan ergashgan kishilarda ushbu sifatlar mujassam boʻlgan. Ammo Iyso alayhissalomdan koʻp oʻtmasdan u zotning taʼlimotlari butunlay buzilib ketdi. Binobarin, mazkur ikki sifat ham buzilib, Iyso alayhissalomga ergashganlikni daʼvo qiladiganlar ichidan sonsiz-sanoqsiz eng mehrsiz va eng rahimsiz kishilar chiqdi.
«Rohiblikni oʻzlari chiqarib oldilar, Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat oʻzlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar.»
Rohiblik tarkidunyochilikdan iborat boʻlib, oʻrislarda «monaxlik» deyiladi. Monaxlikni ixtiyor qilgan erkak erkaklar monastirida, ayol esa ayollar monastirida, oila qurmay, dunyoni tark etib hayot kechiradilar. Qurʼoni Karim bunday rohiblikni Alloh Iyso alayhissalomga ergashuvchilarga buyurmaganini, balki ular oʻzlari bidʼat sifatida keyinchalik oʻylab topib odat qilishganini eslatmoqda. Bu ham Qurʼoni Karimning moʻʼjizalaridandir. Tarixga nazar solinsa, ilk masiyhiylarda rohiblik (monaxlik) ham, monastirlar ham boʻlmagan. Faqat milodning toʻrtinchi asriga kelib, bu narsa Misrda paydo boʻldi. 356 milodiy yili vafot etgan Antoniy ismli misrlik kishi dunyoda birinchi boʻlib rohiblikka asos solgan. Firʼavn davridagi tarkidunyochilarning kiyimlaridan nusxa olib, u oq rangli kanopdan libos kiyardi. U rohiblardan ibodat qilish, faqirona hayot kechirish va qoʻl mehnati bilan shugʻullanishni talab qilardi.
Nizomli monastirlarni esa 346 milodiy sanada vafot etgan Boxum ismli shaxs oʻylab topgan U ishlab chiqqan monaxlik qoidalariga hozirgacha amal qilinadi. Nasorolar oʻzlari oʻylab chiqargan, Allohning roziligini topamiz, deb umid qilgan rohiblikka vaqt oʻtishi bilan haqqoniy rioya qilmay qoʻydilar. Sirtdan rohiblik davom etib tursa ham, ichdan buzildi. U inson tabiatiga zid narsa boʻlgani uchun, oʻzlari ixtiyor qilgan tarkidunyochilikka oʻzlari chiday olmadilar. Monastirlarda, monaxlar orasida boʻlib oʻtgan sharmandagarchiliklar haqida koʻp jildlik kitoblar bitilgan.
Ularning bidʼat ravishda ixtiro qilgan tarkidunyochiliklari odatdan tashqari koʻproq qoʻshimcha ibodat qilish, dunyoga qiziqmaslik, jamoatdan chetda boʻlish, eʼtiborsiz kiyimlar kiyish, faqat oʻsimliklar bilan ovqatlanish, oila qurmaslikdan iborat edi. Ular ushbu ishlarning barchasida xatolikka yoʻl qoʻydilar.
«Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning koʻpi fosiqlardir.»
Yaʼni, Alloh taolo Iyso alayhissalomga ergashganlardan iymon keltirib, toʻgʻri yoʻlda yurganlariga oʻz vaqtida ajr-savoblarini bergan. Baribir, oʻsha vaqtda ham ularning koʻpi fosiq boʻlganlar, din chegarasidan chiqib, fisqu fujur ila mashgʻul boʻlganlar.
Undan soʻng Qurʼon moʻminlarga xitob qiladi: