أَلَمْ تَرَ إِلَى ٱلَّذِينَ نُهُوا۟ عَنِ ٱلنَّجْوَىٰ ثُمَّ يَعُودُونَ لِمَا نُهُوا۟ عَنْهُ وَيَتَنَـٰجَوْنَ بِٱلْإِثْمِ وَٱلْعُدْوَٰنِ وَمَعْصِيَتِ ٱلرَّسُولِ وَإِذَا جَآءُوكَ حَيَّوْكَ بِمَا لَمْ يُحَيِّكَ بِهِ ٱللَّهُ وَيَقُولُونَ فِىٓ أَنفُسِهِمْ لَوْلَا يُعَذِّبُنَا ٱللَّهُ بِمَا نَقُولُ ۚ حَسْبُهُمْ جَهَنَّمُ يَصْلَوْنَهَا ۖ فَبِئْسَ ٱلْمَصِيرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sirli so`zlashuvdan qaytarilganlarni ko`rmadingmi?! Man etilgan ishga yana qayturlar, gunoh va dushmanlik ila va Payg`ambarga osiy bo`lib, sirli so`zlarlar. Va huzuringga kelsalar, sen bilan Alloh o`rgatmagan tarzda so`rashurlar. Va ichlarida, shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi, derlar. Ularga jahannam kifoyadir, unga kirurlar. U qandoq ham yomon joy!Сирли сўзлашувдан қайтарилганларни кўрмадингми?! Ман этилган ишга яна қайтурлар, гуноҳ ва душманлик ила ва Пайғамбарга осий бўлиб, сирли сўзларлар. Ва ҳузурингга келсалар, сен билан Аллоҳ ўргатмаган тарзда сўрашурлар. Ва ичларида, шу гапимиз учун Аллоҳ бизни азобламаса эди, дерлар. Уларга жаҳаннам кифоядир, унга кирурлар. У қандоқ ҳам ёмон жой!Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), oʻzaro shivir-shivirdan qaytarilganlaridan soʻng yana oʻzlari qaytarilgan narsaga qaytadigan hamda gunoh, zoʻravonlik va paygʻambarga itoatsizlik qilish toʻgʻrisida oʻzaro shivirlashadigan kimsalarni koʻrmadingizmi? Qachon ular sizning oldingizga kelsalar, sizga bir ibora bilan salom berurlarki, Alloh sizga oʻsha (soʻz) bilan salom bermagan edi. Yana oʻzlaricha: «Nega aytayotgan soʻzimiz sababli Alloh bizlarni azoblamayapti? (Agar Muhammad haq paygʻambar boʻlganida, albatta Alloh bizlarni azobga giriftor qilgan boʻlur edi)», derlar. Ularga oʻzlari kiradigan jahannam (azob toʻgʻrisida) kifoya qilar! Bas, naqadar yomon oqibat (bu)!(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), ўзаро шивир-шивирдан қайтарилганларидан сўнг яна ўзлари қайтарилган нарсага қайтадиган ҳамда гуноҳ, зўравонлик ва пайғамбарга итоатсизлик қилиш тўғрисида ўзаро шивирлашадиган кимсаларни кўрмадингизми? Қачон улар сизнинг олдингизга келсалар, сизга бир ибора билан салом берурларки, Аллоҳ сизга ўша (сўз) билан салом бермаган эди. Яна ўзларича: «Нега айтаётган сўзимиз сабабли Аллоҳ бизларни азобламаяпти? (Агар Муҳаммад ҳақ пайғамбар бўлганида, албатта Аллоҳ бизларни азобга гирифтор қилган бўлур эди)», дерлар. Уларга ўзлари кирадиган жаҳаннам (азоб тўғрисида) кифоя қилар! Бас, нақадар ёмон оқибат (бу)!
Bu oyati karimada yahudiylarning sirlari fosh qilinmoqda. Ular oʻzlaricha Islomga va musulmonlarga qarshi ish olib borar edilar. Oʻz qilmishlarini va sirlarini musulmonlardan yashirish maqsadida oʻzaro pichirlashib soʻzlashishar edilar.
«Sirli soʻzlashuvdan qaytarilganlarni koʻrmadingmi?! Manʼ etilgan ishga yana qayturlar, gunoh va dushmanlik ila va Paygʻambarga osiy boʻlib, sirli soʻzlarlar.»
Ey Paygʻambar, sirli soʻzlashuvdan sen tomoningdan qaytarilgan yahudiylarni qaragin! Ular oʻzlari uchun manʼ etilgan ishga, pichirpichir etib soʻzlashuvga yana qaytadilar. Ular gunoh va dushmanlik ila va Paygʻambarga osiy boʻlib, pichirlashib sirli soʻzlashadilar.
«Va huzuringga kelsalar, sen bilan Alloh oʻrgatmagan tarzda soʻrashurlar.»
Yahudiylar Paygʻambar alayhissalomning huzurlariga kelganlarida u zot bilan Alloh oʻrgatmagan tarzda soʻrashishlari qandoq boʻlganini quyidagi rivoyatlardan tushunib olamiz.
Muhaddislardan Ibni Abi Hotim Oisha onamizdan bunday rivoyat qiladilar:
«Paygʻambar alayhissalom huzurlariga yahudiylar kirib kelib:
«as-Somu alayka, ey Abul Qosim!» (yaʼni, senga oʻlim boʻlsin), dedilar. Oisha onamiz ularga:
«Va alaykum as-Somu», dedilar. Shunda Paygʻambar alayhissalom:
«Hoy Oisha!Alloh taolo fahsh soʻzlarni xush koʻrmaydi», dedilar. Oisha onamiz:
«Ularning as-Somu alayka (senga oʻlim boʻlsin) deganini eshitmadingizmi?» deb soʻraganlarida, Rasululloh bunday javob qildilar:
«Mening «va alaykum» (sizlarga ham), deganimni eshitmadingmi?»
Yahudiylar har bir narsada hiyla ishlatib, Rasulullohga va musulmonlarga yomonlik qilishning payida boʻlardilar. Hattoki, ular salomlashish paytida ham «As-Salomu alaykum» (sizga tinchlik boʻlsin)» deyish oʻrniga tillarini burib, «As-Somu alaykum (sizga oʻlim boʻlsin)» deb sezilmaydigan qilib aytishardi.
Ular oʻz qilmishlarining notoʻgʻri ekanini yaxshi bilishardi. Shuning uchun ham, ichlarida «Shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi», deb qoʻyar edilar.
Oyat soʻngida Alloh taolo yahudiylar dillaridan qanday soʻzni oʻtkazishgan boʻlsa, shu holda yana oʻzlariga eshittirish uchun nozil qildi:
«...Va ichlarida, shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi, derlar».
Yahudiylarning bu qilmishlari albatta oʻz bahosini topadi.
«Ularga jahannam kifoyadir, unga kirurlar. U qandoq ham yomon joy!»
Bu oyatlarda notoʻgʻri «najva», yaʼni sirli suhbatning oqibati qanday azob ekanligi bayon qilingan boʻlsa, quyidagi oyatlar musulmonlarni toʻgʻri najva, yaʼni sirli suhbat odoblariga undaydi. Shuningdek, majlis ahli odoblariga, Paygʻambar alayhissalom bilan munojotga yoki yolgʻiz suhbat qilish odoblariga oʻrgatadi.