وَكَذَٰلِكَ نُصَرِّفُ ٱلْـَٔايَـٰتِ وَلِيَقُولُوا۟ دَرَسْتَ وَلِنُبَيِّنَهُۥ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Shunday qilib: «Dars olgansan», – deyishlari uchun va bilgan qavmlarga bayon qilishing uchun oyatlarni tasarruf qilurmiz.Шундай қилиб: «Дарс олгансан», – дейишлари учун ва билган қавмларга баён қилишинг учун оятларни тасарруф қилурмиз.Alauddin Mansour: (Kofirlar: «Avvalgi kitoblardan oʻrganib olgansa?»), deyishlari uchun va biladigan qavmga ravshan qilib berish uchun oyatlarimizni mana shunday bayon qilurmiz.(Кофирлар: «Аввалги китоблардан ўрганиб олганса?»), дейишлари учун ва биладиган қавмга равшан қилиб бериш учун оятларимизни мана шундай баён қилурмиз.
«Tasarruf» soʻzi bir narsani turli koʻrinishlarda taqdim qilish uchun ham ishlatiladi. Alloh taolo Qurʼoni Karim oyatlarini turli bayonlar bilan keltirib, kishilarning toʻgʻri yoʻlga yurishlariga sabab boʻlishini iroda qildi. Ammo, odamlar oʻzlarining bor isteʼdodlari bilan buni turlicha qabul qiladilar. Baʼzilari dunyoda hozirgacha maʼlum boʻlmagan uslubda taqdim qilinayotgan oyatlar bilan tanishganlaridan soʻng Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga: «Dars olgansan»,–deyishadi.
«Shunday qilib: «Dars olgansan», – deyishlari uchun...»
Zotan, ular u zotning hech qachon dars olmaganlarini juda ham yaxshi bilishadi. Chunki, u kishi ularning orasida tugʻilib, ularning safida oʻsib-ulgʻaydilar. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining biror lahzasi ham ular uchun maxfiy emas. Ular u kishining biror lahza ham dars olmaganlarini juda yaxshi biladilar. Ammo, hidoyatga yurishni istamaydilar. Shuning uchun, nimanidir bahona qilish kerak. Oʻylab-oʻylab, sen biz odatlanmagan shunchalar gaplarni aytyapsan, boshqalardan dars olgansan, demoqdalar. Qachon dars olgan? Kimdan dars olgan? Ahli kitoblardanmi? Ahli kitoblarda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning kitobidagi kabi oliy saviyali gaplar yoʻq. Ularning kitoblari buzilib, bidʼat-xurofot, afsona va gʻayri ilmiy narsalarga toʻlib ketgan. Ularning kitoblari hozir ham turibdi. Oʻqib koʻrish mumkin. Lekin qalbini mogʻor bosganlar, yaxshilikning qadriga yetmaydiganlar doimo bir bahona topadilar.
Ammo, Alloh taolo:
«...bilgan qavmlarga bayon qilishing uchun oyatlarni tasarruf qilurmiz», deydi.
Islom va iymon yoʻlida bilgan qavmlar–ilmli insonlar yuradilar. Oyatlarning maʼnosini oʻshalar anglaydilar. Ular koʻruvchilar va biluvchilar, qolganlar esa, koʻrlar va johillardir. Shu bilan, saragi-sarakka, puchagi-puchakka ajraldi.
Shunday boʻlgandan keyin: