قَدْ خَسِرَ ٱلَّذِينَ قَتَلُوٓا۟ أَوْلَـٰدَهُمْ سَفَهًۢا بِغَيْرِ عِلْمٍ وَحَرَّمُوا۟ مَا رَزَقَهُمُ ٱللَّهُ ٱفْتِرَآءً عَلَى ٱللَّهِ ۚ قَدْ ضَلُّوا۟ وَمَا كَانُوا۟ مُهْتَدِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Aqli pastlik qilib, johillik ila farzandlarini o`ldirganlar va Alloh ularga rizq qilib bergan narsalarni harom qilganlar ziyonkor bo`ldilar. Batahqiq, ular adashdilar va hidoyatga yuruvchilardan bo`lmadilar.Ақли пастлик қилиб, жоҳиллик ила фарзандларини ўлдирганлар ва Аллоҳ уларга ризқ қилиб берган нарсаларни ҳаром қилганлар зиёнкор бўлдилар. Батаҳқиқ, улар адашдилар ва ҳидоятга юрувчилардан бўлмадилар.Alauddin Mansour: Oʻz bolalarini aqlsizlik qilib johillik bilan oʻldirgan va Allohga tuhmat qilib Alloh bergan (halol) rizqni harom qilib olgan kimsalar muhaqqaqki, (oʻzlariga) ziyon qildilar. Ular aniq adashdilar va Toʻgʻri Yoʻlga yurguvchi boʻlmadilar.Ўз болаларини ақлсизлик қилиб жоҳиллик билан ўлдирган ва Аллоҳга туҳмат қилиб Аллоҳ берган (ҳалол) ризқни ҳаром қилиб олган кимсалар муҳаққақки, (ўзларига) зиён қилдилар. Улар аниқ адашдилар ва Тўғри Йўлга юргувчи бўлмадилар.
Ha, aqli past boʻlmasa, hamma narsani bilguvchi va hamma ishni hikmat ila qilguvchi barhaq Alloh subhonahu va taoloning aytganlarini inkor etib, Uning shariatini poymol etib, oʻzlaricha bosh- qa narsalarni toʻqib yurisharmidi? Agar aqllari boʻlsa, Alloh taoloning dinini bir tomonga qoʻyib, oʻzlariga oʻxshagan odamlar, balki insu jinlarning shaytonlari ularga ziynatlab koʻrsatgan narsalarga ergashib yurisharmidi?
Agar ular johil boʻlmasalar, Allohning farzandlarni koʻpaytirish, ularni tarbiyalab oʻstirish haqidagi taʼlimotiga dushmanlarcha ters, insu jin shaytonlarining gapiga kirib, oʻz jigargoʻshalarini oʻldirar edilarmi?! Yoki Alloh taolo ularga halol rizq qilib bergan narsalarni hech qanday sabab yoki dalilsiz oʻzlariga harom qilib olarmidilar?! Ana shunday ahmoqona ishlarni qilganlar:
«...ziyonkor boʻldilar».
U dunyoda tortajak azob-uqubatlari turgan gap, ammo bu dunyoning oʻzidayoq ziyonkor boʻldilar. Aqli bor inson, johillik qilmay, insof bilan oʻylab koʻrsa, unga oʻzi tark qilgan har bir diniy ishdan bu dunyoning oʻzida olam-olam ziyon yetishini darhol tushunib oladi. Bu haqda juda koʻp aytilgan, yozilgan va bahs yuritilgan. Biz boshqa ilohiy taʼlimotlardan chetlashni bir tomonga qoʻyib, ushbu oyatda zikr qilingan oʻz bolasini oʻldirish va Alloh bergan halol rizqni oʻziga harom qilib olish masalasini olib koʻrsak ham, bunday ishni qilganlar bu dunyoning oʻzida qanchalar ziyon tortishini aniq koʻramiz. Oʻz bolasini oʻzi oʻldirgan odamdan ham ziyonkorroq odam bormi bu dunyoda?! Bu gʻayrinsoniy ish qaysi shaklda, qanday bahona va sabab ila qilinmasin hamda insu jinlarning shaytonlari qanchalik ziynatlab koʻrsatmagan boʻlmasin, baribir, ulugʻ ziyondir.
Bugungi kun johiliyatining shaytonlari odamlarga dunyoga kelmagan bolalarini nobud qilish yoki, umuman, bola koʻrishdan voz kechishni ziynatlab koʻrsatmoqdalar. Ular odamlarga bizning aytganimizni qilsang, sogʻligʻing yaxshi boʻladi, iqtisoding nochor boʻlmaydi, bu dunyoning matosidan, oʻyin-kulgusidan, urf boʻlgan kiyimi, zebu ziynatidan mahrum boʻlmaysan va hokazolar deb yoʻldan urmoqdalar. Oqibatda, oʻsha insu jin shaytonlarining aytganiga kirganlar qariganda farzandsizlik dogʻida kuyib, oʻlib ketishmoqda. Farzand koʻrmaslik uchun qildirgan tibbiy amaliyotlari, qoʻllagan choralari va isteʼmol qilgan dorilari oʻzlarining boshiga falokat boʻlmoqda. Bu ish nafaqat ayrim shaxslar, balki butun boshli xalqlarning boshiga kattadan-katta ziyonlar keltirmoqda. Mazkur insu jin shaytonlarining amriga yurib, Alloh taʼlimotini rad etgan Gʻarb xalqlaridan ayrimlari kamayib, kelajakda yoʻq boʻlish xavfi tugʻilmoqda. Natijada, bugun oilalarda farzandni koʻpaytirishga undovchi barcha chaqiriq va chora-tadbirlar naf bermay qoʻydi.
Shuningdek, Alloh taolo rizq qilib bergan halol va pokiza narsalarni harom qilganlar voqeiy dunyoning oʻzidayoq katta ziyonkor boʻldilar. Ularning bu ziyonlari hozirda u qadar sezilmayotgan boʻlishi ehtimol. Ammo muhaqqaqki, kelajakda, albatta, zohir boʻladi.
Kelasi oyatlarda insonlar yoʻldan ozib, hamma narsaning xoliqi boʻlmish Alloh taoloning hukmini tark etib, oʻzlaricha halol- harom deb hukm chiqargan narsalar xususida bahs yuritiladi: