قُلْ أَىُّ شَىْءٍ أَكْبَرُ شَهَـٰدَةً ۖ قُلِ ٱللَّهُ ۖ شَهِيدٌۢ بَيْنِى وَبَيْنَكُمْ ۚ وَأُوحِىَ إِلَىَّ هَـٰذَا ٱلْقُرْءَانُ لِأُنذِرَكُم بِهِۦ وَمَنۢ بَلَغَ ۚ أَئِنَّكُمْ لَتَشْهَدُونَ أَنَّ مَعَ ٱللَّهِ ءَالِهَةً أُخْرَىٰ ۚ قُل لَّآ أَشْهَدُ ۚ قُلْ إِنَّمَا هُوَ إِلَـٰهٌ وَٰحِدٌ وَإِنَّنِى بَرِىٓءٌ مِّمَّا تُشْرِكُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen: «Qaysi narsa eng katta guvohlikdir», deb ayt. «Alloh», deb ayt. Sen: «U men bilan sizlarning o`rtangizda guvohdir. Menga ushbu Qur'onni, Uning ila sizlarni va u yetib borganlarni ogohlantirishim uchun vahiy qilindi. Sizlar «Alloh bilan birga, albatta, boshqa xudolar bor», deb guvohlik berasizlarmi? «Men guvohlik bermayman», deb ayt. Sen: «Albatta, U bitta ilohdir va men siz keltirayotgan shirkdan pokdirman», deb ayt.Сен: «Қайси нарса энг катта гувоҳликдир», деб айт. «Аллоҳ», деб айт. Сен: «У мен билан сизларнинг ўртангизда гувоҳдир. Менга ушбу Қуръонни, Унинг ила сизларни ва у етиб борганларни огоҳлантиришим учун ваҳий қилинди. Сизлар «Аллоҳ билан бирга, албатта, бошқа худолар бор», деб гувоҳлик берасизларми? «Мен гувоҳлик бермайман», деб айт. Сен: «Албатта, У битта илоҳдир ва мен сиз келтираётган ширкдан покдирман», деб айт.Alauddin Mansour: Ayting (soʻrang): «Qay narsa eng ulugʻ guvoh boʻlur?» Ayting: «Alloh». U men bilan sizlarning oʻrtamizda guvohdir. Sizlarni va Qurʼon yetib borgan kishilarni (Oxirat azobidan) ogohlantirishim uchun menga — mana shu Qurʼon vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan ham: «Alloh bilan birga boshqa xudolar ham bor, deb guvohlik bera olasizmi? Ayting: «Men bunday guvohlik bermayman! Ayting: «Hech shak-shubhasiz, Alloh yakka-yu yagonadir. Albatta men sizlarning shirkingizdan pokman».Айтинг (сўранг): «Қай нарса энг улуғ гувоҳ бўлур?» Айтинг: «Аллоҳ». У мен билан сизларнинг ўртамизда гувоҳдир. Сизларни ва Қуръон етиб борган кишиларни (Охират азобидан) огоҳлантиришим учун менга — мана шу Қуръон ваҳий қилинди. Сизлар ҳақиқатан ҳам: «Аллоҳ билан бирга бошқа худолар ҳам бор, деб гувоҳлик бера оласизми? Айтинг: «Мен бундай гувоҳлик бермайман! Айтинг: «Ҳеч шак-шубҳасиз, Аллоҳ якка-ю ягонадир. Албатта мен сизларнинг ширкингиздан покман».
Allohni qoʻyib oʻzgani valiy tutgan mushriklar bilan tortishuv davom etmoqda. Yuqorida keltirilgan dalil-hujjatlar kor qilmasa, endi bunday hollarda ishlatiladigan yana bir ish qoldi. Har kim daʼvosining haqligiga guvoh keltirishini soʻrashni Alloh Oʻz Paygʻambariga amr qilmoqda:
«Sen: «Qaysi narsa eng katta guvohlikdir», deb ayt».
Yaʼni, eng katta, asosiy guvohlikni keltiraylik-da, muammoni biryoʻla hal qilib qoʻya qolaylik. Yana undan kattaroq guvohni axtarib yurmaylik. Xoʻsh, mushriklar bunga nima javob qilishlari mumkin? Ularning «xudolari» boʻlmish gung, hissiz yogʻoch but va tosh sanamlari guvoh boʻla olmaydilar. Allohni qoʻyib oʻzlariga valiy tutganlari boshqa narsalar ham guvohlik bera olmaydi. Shuning uchun, Alloh Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga guvoh haqida savol berishni amr qildi. Endi esa, u kishini javob berishga ham amr qilib:
«Alloh, deb ayt», demoqda.
Ha, Alloh taolodan boshqa hech kim bu ulkan ishga guvoh boʻla olmaydi. Ha, faqat Alloh, faqatgina:
«U men bilan sizlarning oʻrtangizda guvohdir».
Demak, bahsli masalaga Alloh taoloning Oʻzi hakam boʻldi. Uning Oʻzi guvoh boʻladigan boʻldi. Uning shahodati Qurʼoni Karimdir. Mazkur bahsli masala ham unda bor.
«Menga ushbu Qurʼonni, uning ila sizlarni va u yetib borganlarni ogohlantirishim uchun vahiy qilindi».
Demak, kimga ushbu Qurʼon yetib borgan boʻlsa, unga guvoh muqarrar kelgan hisoblanadi. Ushbu guvohga–Qurʼonga amal qilmasa, uning ogohlantirishidan hushyor tortmasa, azobga duchor boʻladi. Qurʼonda yagona Allohni valiy tutish lozimligi uqtirilyapti-yu:
«Sizlar Alloh bilan birga, albatta, boshqa xudolar bor, deb guvohlik berasizlarmi?»
Allohdan oʻzganing farmoniga yurmoqchi boʻlasizlarmi? Undan boshqaning qonuniga amal qilmoqchimisizlar? Undan boshqaga xizmat etmoqchi boʻldilaringizmi?
«Men guvohlik bermayman, deb ayt».
Men yagona Allohdan oʻzga iloh borligiga guvohlik bermayman. Men yagona Allohning farmonidan oʻzgaga yurmayman. Men yagona Allohning qonunidan boshqaning qonuniga amal qilmayman. Men yagona Allohning hukmidan boshqaning hukmini tadbiq etmayman. Men yagona Allohdan boshqaga xizmat qilmayman.
«Albatta, U bitta ilohdir va men siz keltirayotgan shirkdan pokdirman, deb ayt».
Mushriklar baʼzi diniy masalalarda ahli kitoblarga hurmat nazari bilan qarar, ular bilan bu borada maslahatlashar edilar. Ularning nazarida, ahli kitoblar oʻziga xos ilm sohiblari hisoblanar edilar. Shuning uchun ham, mushriklar ularga Islom, Qurʼon va Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida ham savollar berishar edi. Ular esa, toʻgʻri javob bermasdilar. Quyidagi oyatda bu boradagi haqiqat bayon etilmoqda: