وَإِن كَانَ كَبُرَ عَلَيْكَ إِعْرَاضُهُمْ فَإِنِ ٱسْتَطَعْتَ أَن تَبْتَغِىَ نَفَقًا فِى ٱلْأَرْضِ أَوْ سُلَّمًا فِى ٱلسَّمَآءِ فَتَأْتِيَهُم بِـَٔايَةٍ ۚ وَلَوْ شَآءَ ٱللَّهُ لَجَمَعَهُمْ عَلَى ٱلْهُدَىٰ ۚ فَلَا تَكُونَنَّ مِنَ ٱلْجَـٰهِلِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar senga ularning yuz o`girishlari og`ir botayotgan bo`lsa, qodir bo`lsang, yer ostidan yo`l qilib yoki osmonga narvon qo`yib, ularga oyat-mo`'jiza keltir. Alloh xohlaganida, ularni hidoyatga jamlardi. Hargiz johillardan bo`lma.Агар сенга уларнинг юз ўгиришлари оғир ботаётган бўлса, қодир бўлсанг, ер остидан йўл қилиб ёки осмонга нарвон қўйиб, уларга оят-мўъжиза келтир. Аллоҳ хоҳлаганида, уларни ҳидоятга жамларди. Ҳаргиз жоҳиллардан бўлма.Alauddin Mansour: Agar sizga ularning yuz oʻgirishlari ogʻir botib (sabr qila olmasangiz), u holda Yerga (kirib ketadigan) biron teshik yoki osmonga (chiqib ketadigan) biron narvon istab, ularga oyat-moʻʼjiza (topib) keltirishga qodir boʻlsangiz (shunday qilavering). Agar Alloh xohlaganda albatta ularni hidoyat ustida birlashtirgan boʻlur edi-ku! Bas, hargiz johillardan boʻlmang!Агар сизга уларнинг юз ўгиришлари оғир ботиб (сабр қила олмасангиз), у ҳолда Ерга (кириб кетадиган) бирон тешик ёки осмонга (чиқиб кетадиган) бирон нарвон истаб, уларга оят-мўъжиза (топиб) келтиришга қодир бўлсангиз (шундай қилаверинг). Агар Аллоҳ хоҳлаганда албатта уларни ҳидоят устида бирлаштирган бўлур эди-ку! Бас, ҳаргиз жоҳиллардан бўлманг!
Bu oyatda kofirlarning toʻgʻri yoʻldan, iymondan bosh tortishiga qarshi oʻlaroq daʼvatchi oʻzini-oʻzi ovora qilib, ortiqcha kuyunmasligi haqida soʻz bormoqda. Odatda, kishilarni Islomga daʼvat qilib yurgan zotlarda odamlarga yaxshilik qilish ragʻbati bagʻoyat kuchli boʻlganidan, tasavvurlariga hamma birdek musulmon boʻlishi kerak degan tushuncha mustahkam oʻrnashib qoladi. Ular odamlarga kuyunganidan bu haqiqatni anglatishga jiddu jahd qiladilar. Bordi-yu, odamlar boʻyin tovlasalar yoki beparvolik qilsalar, asl daʼvatchilar kuyib-yonib ketadilar. Shunga oʻxshash holatlar, albatta, oliymaqom shaxslarga munosib ravishda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamda ham boʻlgan yoki boʻlish ehtimoli vujudga kelgan. Shuning uchun, Alloh taolo u kishiga ushbu oyat ila xitob qilyapti.
«Agar senga ularning yuz oʻgirishlari ogʻir botayotgan boʻlsa, qodir boʻlsang, yer ostidan yoʻl qilib yoki osmonga narvon qoʻyib, ularga oyat-moʻʼjiza keltir».
Oyati karimada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, agar qodir boʻlsalar, mushriklarni ishontirish, iymonga keltirishga yaraydigan oyat-moʻʼjizani yerni kavlab kirib boʻlsa ham, osmonga shoti qoʻyib chiqib boʻlsa ham, keltirish taklif etilyapti. Ammo kofirlar oyat-moʻʼjizalar yoʻqligidan iymondan yuz oʻgirayotgani yoʻq. Ular nafslarining buzuqligi, hasad va sarkashliklari oqibatida kufr yoʻlini ixtiyor qilyaptilar. Alloh taolo odamlarni har xil tabiatli va ayri isteʼdod sohibi qilib yaratgandir. Baʼzisi oʻz-oʻzidan hidoyat yoʻliga kirib qoladi. Baʼzilari daʼvatga, tushuntirishga muhtoj boʻladilar. Boshqalari esa, bir oz qoʻrqitishga, yana birlari targʻibot ishlariga ehtiyoj sezadi. Ammo, yana bir toifa borki, ularga hech narsa taʼsir qilmaydi. Ular har qancha daʼvat qilinmasinlar, shu qadar bahona topaveradilar. Ana shunday kishilar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga, unday qilsang, iymonga kelamiz, bunday qilsang, iymonga kelamiz, deb turli moʻʼjizalar talab etishgan, odatdan tashqari hollarning roʻy berishini iddao qilishgan. Qurʼonning boshqa oyatlarida, jumladan, ushbu «Anʼom» surasining boshida ham bu haqda soʻz boradi. Ularning bu talablaridan muddao iymon sari yoʻl axtarish boʻlmay, balki iymondan bosh tortishga bahona axtarishdir. Mabodo, ular talab etgan moʻʼjizalar sodir boʻlsa ham, iymon keltirmasdilar, balki bu moʻʼjiza emas, sehr-jodu, deb bahona topardilar. Shuning uchun, ularning talablariga binoan oyat- moʻʼjiza keltirishga juda qattiq urinishning zarurati yoʻqligi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tushuntirilmoqda. Agar kerak boʻlsa, ularning hammasini bir xil qilib yaratish, bir yoʻlga– hidoyatga tomon yoʻllash Alloh taolo uchun hech narsa emas.
«Agar Alloh xohlaganida, ularni hidoyatga jamlardi».
Lekin, bundan nima maʼni? Hamma bir xil qilib yaratilsa, Paygʻambar yuborishning, ilohiy kitob tushirishning nima keragi bor edi?! U holda odamning farishtalardan farqi qolmaydi-ku?! Alloh insonni turli xil qilib yaratdi: unga aql berdi; Paygʻambarlar yubordi; hidoyat yoʻlini koʻrsatdi va ixtiyorini ham qoʻliga berib qoʻydi. Inson bolalari orasidan oʻsha ixtiyor haqqidan toʻgʻri foydalanganlari hidoyat topadilar va oqibatlari xayrli boʻladi. Aks holda, oqibat ham aksincha boʻladi. Bu haqiqatni bilish lozim. Shuning uchun ham, Alloh taolo oyatning oxirida:
«Hargiz johillardan boʻlma», deb ogoh etadi.
Keyingi oyatda esa, Islom daʼvatini kimlar qabul qiladi-yu, kimlar qabul qilmasligi bayon qilinadi: