قُل لَّآ أَقُولُ لَكُمْ عِندِى خَزَآئِنُ ٱللَّهِ وَلَآ أَعْلَمُ ٱلْغَيْبَ وَلَآ أَقُولُ لَكُمْ إِنِّى مَلَكٌ ۖ إِنْ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَىَّ ۚ قُلْ هَلْ يَسْتَوِى ٱلْأَعْمَىٰ وَٱلْبَصِيرُ ۚ أَفَلَا تَتَفَكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen: «Sizlarga, huzurimda Allohning xazinalari bor, demasman. o`aybni bilaman, demasman. Va yana sizlarga, men farishtaman, deb ham aytmasman. Men faqat o`zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos», deb ayt. «Ko`r bilan ko`zi o`tkir teng bo`la olurmi? O`ylab ko`rmaysizlarmi?» – deb ayt.Сен: «Сизларга, ҳузуримда Аллоҳнинг хазиналари бор, демасман. ўайбни биламан, демасман. Ва яна сизларга, мен фариштаман, деб ҳам айтмасман. Мен фақат ўзимга ваҳий қилинган нарсага эргашаман, холос», деб айт. «Кўр билан кўзи ўткир тенг бўла олурми? Ўйлаб кўрмайсизларми?» – деб айт.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Men sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari mavjud», demayman va gʻaybni ham bilmayman. Yana sizlarga: «Men farishtaman», ham demayman. Men faqat oʻzimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman. Ayting: «Koʻr bilan koʻrguvchi (yaʼni, yoʻlsiz bilan Allohning yoʻlida yurguvchi) kishi barobar boʻlurmi?!» Tafakkur qilmaysizlarmi?!(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), айтинг: «Мен сизларга: «Ҳузуримда Аллоҳнинг хазиналари мавжуд», демайман ва ғайбни ҳам билмайман. Яна сизларга: «Мен фариштаман», ҳам демайман. Мен фақат ўзимга ваҳий қилинган нарсаларгагина эргашурман. Айтинг: «Кўр билан кўргувчи (яъни, йўлсиз билан Аллоҳнинг йўлида юргувчи) киши баробар бўлурми?!» Тафаккур қилмайсизларми?!
Bu oyati karimada Paygʻambarlik va Paygʻambar shaxsi haqidagi haqiqiy tasavvur bayon qilinmoqda. Alloh taolo mushriklar tomonidan turli savollarga tutilayotgan, har xil talablarni eshitayotgan Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga oʻzlarining kim ekanliklarini bayon qilib berishni amr qilmoqda:
«Sizlarga, huzurimda Allohning xazinalari bor, demasman».
Yaʼni, mendan molu dunyo, nozu neʼmat kutmang. Menga Alloh, Paygʻambari boʻlganim uchun, xazinasini ochib bermagan. Kim menga ergashsa, uni molu dunyo va nozu neʼmatga koʻmib tashlay olmayman. Kim menga shu umidda ergashmoqchi boʻlsa, ushbu haqiqatni ham bilib qoʻysin, men:
«Gʻaybni bilaman, demasman».
Bu mening Paygʻambarlik masʼuliyatimga kirmaydi. Gʻaybni faqat Allohning Oʻzigina biladi, xolos. Kim menga gʻaybni bilishimni shart qilib, ergashmoqchi boʻlsa, bilib qoʻysinki, men oʻzimga ergashganlarga gʻayb xabarini bera olmayman.
Va yana:
«Men farishtaman, deb ham aytmasman».
Men odamman. Paygʻambar farishta boʻlishi kerak, degan fikrlaringiz boʻlsa, bu behudadir. Men odamman. Shuning uchun, mendan odamga xos tasarruflar chiqadi, farishtaga xos tasarruflar chiqmaydi, bu haqiqatni ham bilib qoʻyinglar.
«Men faqat oʻzimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos».
Mening boshqa odamlardan farqim–menga Alloh huzuridan vahiy keladi. Men oʻsha vahiyga ergashaman, xolos. Alloh taolo bandasiga bergan sonsiz-sanoqsiz neʼmatlar ichida eng ulugʻlaridan biri aql neʼmati hisoblanadi. Ammo, aqlni ishlatib, toʻgʻri yoʻlga solib turadigan narsa vahiydir. Chunki, aqlning oʻzi inson uchun ikki dunyo saodatini topishiga yordam bera olmaydi. Butun inon-ixtiyor aqlning oʻziga tashlab qoʻyilsa, turli xatolar, burilishlar, buzgʻunchiliklar, hatto halokatlar kelib chiqadi. Bunga oʻzimiz yashab turgan bugungi voqelik guvoh. Hozirda inson aqlini juda ham rivojlangan deb, daʼvo qiladi. Ammo, oʻsha rivojlangan aql insoniyatning oʻzini kundan-kunga halokat jari tomon tortib ketmoqda. Aqlning eng muhim vazifalaridan biri–Allohdan kelgan vahiyni idrok etish va unga amal qilish yoʻqqa chiqqanda shundoq boʻladi.
«Koʻr bilan koʻzi oʻtkir teng boʻla olurmi? Oʻylab koʻrmaysizlarmi? – deb ayt».
Vahiysiz inson, Paygʻambarga ergashmagan inson koʻrdir. Koʻzi koʻrmaydigan odam qoqilib, surilib, oʻzini har tomonga urib, hech narsani aniqlay olmay, baʼzan halokatga ham yuz tutgani kabi, vahiysiz odam–dinga amal qilmagan, Allohdan Paygʻambarga kelgan vahiyni oʻziga qabul qilmagan odam koʻngli tusagan ishni qiladi, oʻzini har tomonga uradi va oqibatda halokatga uchraydi.
Vahiyga ergashish esa, koʻzi ochiqlikdir. Bu dunyoda koʻzi ochiq odam har bir narsani yaxshi koʻrib, foydasiga yurib, zararidan chetlanadi. Vahiy aql koʻra olmagan narsalarni ham koʻradi. Kishini toʻgʻri, haq va saodat yoʻliga boshlaydi. Ikki kishini chorlab, koʻzlangan bir yerga borishni buyursak, yoʻl uzoq, xatarli va notanish boʻlsa, boz ustiga, ularning biri koʻr, ikkinchisi koʻzi ochiq boʻlsa, ikkovlari manzilga bir xil boradi, deya olamizmi? Yoʻq, albatta! Koʻzi ochiq qiynalmasdan, birpasda koʻzlangan manzilni topadi. Koʻr esa, topa olmaydi. Balki, oʻzini turli joylarga uradi, ehtimol, halokatga uchraydi. Vahiyga ergashgan–koʻzi ochiq, ergashmagan–koʻr. Endi ayting-chi, ikkovlari teng boʻla oladimi? Oʻylab koʻring axir!
Ushbu oyati karimada zikr qilingan haqiqatni bugungi kunda ham chuqur anglashga ehtiyoj seziladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning merosxoʻrlari boʻlmish ulamolarga–Islom daʼvatiga xizmat qiluvchi kishilarga odamlarning turli talablari koʻp. Jumladan, ularni dinga daʼvat qilsalar, daʼvatga qoʻshib, molu dunyo berishlarini ham soʻraydilar. Aks holda, boshqa din yoki toifalar molu dunyo vaʼda qilayotgani, ana oʻshalarga qoʻshilib ketishlari mumkinligini aytib, «qoʻrqitadilar». Shuningdek, gʻayb xabarlaridan «fol ochish»ni, boshqalar ayni shunday qilishayotganini aytishadi. Yoki daʼvatchi shaxsida farishtaning xuddi oʻzini koʻrishni xohlaydilar. Ulardagi basharlik sifatini kamchilik deb, gumon qiladilar. Bu ham odam-ku, deb oʻylab koʻrmaydilar.
Keyingi oyatda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga oʻz vazifalarini ado etish topshirilmoqda.