وَكَذَٰلِكَ فَتَنَّا بَعْضَهُم بِبَعْضٍ لِّيَقُولُوٓا۟ أَهَـٰٓؤُلَآءِ مَنَّ ٱللَّهُ عَلَيْهِم مِّنۢ بَيْنِنَآ ۗ أَلَيْسَ ٱللَّهُ بِأَعْلَمَ بِٱلشَّـٰكِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Oramizdan Alloh ne'mat bergan shularmi?» – deyishlari uchun shunday qilib, ba'zilarni ba'zilari ila sinadik. Allohning O`zi shukr qiluvchilarni yaxshi bilguvchi emasmi?«Орамиздан Аллоҳ неъмат берган шуларми?» – дейишлари учун шундай қилиб, баъзиларни баъзилари ила синадик. Аллоҳнинг Ўзи шукр қилувчиларни яхши билгувчи эмасми?Alauddin Mansour: «Bizlarning oramizdan ana oʻshalarga Alloh inʼom qilgan emishmi?», deyishlari uchun ularning baʼzilarini bazilari bilan ana shunday imtihon qildik. Axir shukr qilguvchilarni Alloh yaxshiroq bilguvchi emas-mi?!«Бизларнинг орамиздан ана ўшаларга Аллоҳ инъом қилган эмишми?», дейишлари учун уларнинг баъзиларини баьзилари билан ана шундай имтиҳон қилдик. Ахир шукр қилгувчиларни Аллоҳ яхшироқ билгувчи эмас-ми?!
Demak, boylarning boy, kambagʻallarning kambagʻal boʻlishi sinov ekan. Sinov boʻlganda ham, birlarini boshqalari bilan sinash ekan. Boy shukr qiladimi, yoʻqmi–sinaladi. Kambagʻal ham sabr qiladimi, yoʻqmi–sinaladi. Ayniqsa, boylar koʻproq sinaladi. Chunki, odatda, ular mol-dunyolaridan gʻururlanib, hamma narsani boylik bilan oʻlchaydigan boʻlib ketadilar. Jumladan, dindorlikni ham. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning suhbatlariga musharraf boʻlishga ham boylik sabab boʻlishi kerak, deb hisoblaydilar. Muhammad keltirgan din haq boʻlganida, kambagʻal-yalangoyoqlar unga bizdan oldin kirmasdi, deydilar. Paygʻambar alayhissalomga:
«Oramizdan Alloh neʼmat berganlar shularmi?» – deydilar.
Yaʼni, «Hidoyat-iymon neʼmati berilganlar shularmi?»–deb soʻraydilar. Lekin ular Alloh ushbu iymon neʼmatini kimga bersa, shukr qilishini bilmaydilar-ku?
Alloh hidoyat neʼmatini bandalarning boyligi yoki kambagʻalligiga qarab bermaydi. Balki, neʼmatga shukr qiladigan bandalariga beradi. Boy boʻlsin, kambagʻal boʻlsin–hidoyat neʼmatiga erishsa, shukr qilsin. Kim shukr qilishini boy-zodagonlar emas, Allohning Oʻzi biladi.
«Allohning Oʻzi shukr qiluvchilarni yaxshi bilguvchi emasmi?»
Islomda insonning qadr-qimmati boyligi yoki kambagʻalligi bilan emas, iymoni bilan oʻlchanadi. Shuning uchun ham, boylik, kambagʻallik sinov ekani toʻgʻrisidagi va boylarning Paygʻambarlik haqidagi notoʻgʻri tasavvurlarini tanqid qiluvchi oyatlardan keyin, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga moʻminlarni ulugʻlashni amr qilmoqda: