۞ وَعِندَهُۥ مَفَاتِحُ ٱلْغَيْبِ لَا يَعْلَمُهَآ إِلَّا هُوَ ۚ وَيَعْلَمُ مَا فِى ٱلْبَرِّ وَٱلْبَحْرِ ۚ وَمَا تَسْقُطُ مِن وَرَقَةٍ إِلَّا يَعْلَمُهَا وَلَا حَبَّةٍ فِى ظُلُمَـٰتِ ٱلْأَرْضِ وَلَا رَطْبٍ وَلَا يَابِسٍ إِلَّا فِى كِتَـٰبٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: G`aybning kalitlari Uning huzurida bo`lib, ularni Uning O`zidan boshqa hech kim bilmas. U yerdagi, quruqlik va dengizdagi narsalarni biladir. Bitta yaproq uzilib tushmaydiki, magar uni ham biladir. Yer tubidagi bir dona don bormi, ho`lu quruq bormi, barchasi Ochiq kitobda bordir.Ғайбнинг калитлари Унинг ҳузурида бўлиб, уларни Унинг Ўзидан бошқа ҳеч ким билмас. У ердаги, қуруқлик ва денгиздаги нарсаларни биладир. Битта япроқ узилиб тушмайдики, магар уни ҳам биладир. Ер тубидаги бир дона дон борми, ҳўлу қуруқ борми, барчаси Очиқ китобда бордир.Alauddin Mansour: Gʻayb ochqichlari Uning huzuridadirkim, ularni yolgʻiz Oʻzigina bilur. U quruqlik va dengizdagi bor narsalarni bilur. Biron barg (shoxidan uzilib) tushmas, magar U bilur. Yer tublaridagi har bir don, bor hoʻlu quruq narsa, albatta, Ochiq Kitobda (yaʼni, Lavhul-Mahfuzda) mavjuddir.Ғайб очқичлари Унинг ҳузуридадирким, уларни ёлғиз Ўзигина билур. У қуруқлик ва денгиздаги бор нарсаларни билур. Бирон барг (шохидан узилиб) тушмас, магар У билур. Ер тубларидаги ҳар бир дон, бор ҳўлу қуруқ нарса, албатта, Очиқ Китобда (яъни, Лавҳул-Маҳфузда) мавжуддир.
Ushbu oyati karimadan Alloh taoloning ilmi cheksizligi va bu ilm oʻziga xos yagona vasfga ega ilm ekani bilib olinadi. Bu ilmning bosh sifatlaridan biri:
«Gʻaybning kalitlari Uning huzurida boʻlib, ularni Uning Oʻzidan boshqa hech kim bilmas».
«Gʻayb»–insondan gʻoyib hodisalar, inson sezgi aʼzolari bilan his eta olmaydigan, bilish imkonlari bilan idrok eta olmaydigan hodisalar. Inson oʻzining nechogʻli bilimdonligi bilan gʻururlanmasin, uning bilganidan bilmagani koʻp boʻlib qolaveradi. Oʻsha gʻoyib narsalarni bilishda insonning birdan-bir vositasi bor, u ham boʻlsa, ilohiy vahiydir. Qolgan barchasi taxmin va gumonlardan boshqa hech narsa emas.
Gʻaybga ishonish insonni hayvondan ajratib turadigan asosiy jihatlardan biridir. Qoʻli bilan ushlab, koʻzi bilan koʻrganidan boshqa narsaning borligiga ishonmaydigan moddaparastning hayvondan nima farqi bor?
Moʻmin-musulmonlar gʻaybga iymon keltirish bilan boshqalardan ajralib turadilar. Chunki, aqiyda bobi asosan gʻaybga, yaʼni, koʻzi bilan koʻrib, qoʻli bilan ushlamagan narsalarga ishonishdan iboratdir. Allohga iymon keltirish ham gʻaybga iymondir. Shuningdek, farishtalarga, ilohiy kitoblarga, Paygʻambarlarga, qiyomat kuniga, jannatga, doʻzaxga, yaxshiyu yomon qadarning Allohdan boʻlishiga iymon keltirish ham gʻaybga ishonishdir.
Ushbular va bundan tashqari insonni har tarafdan oʻrab turgan, oʻtmishni, hozirni va kelajakni ilohiy parda ortida tutib turgan son-sanoqsiz narsalar gʻaybiyotdir.
Inson gʻaybni bilish borasida gʻoyat ojizdir. U birinchi inson–Odam Atoning qayerda va qachon paydo boʻlganini bilmaydi. Bilishi mumkin boʻlgan narsa–Qurʼoni Karimdagi maʼlumotlar. Boshqasi hammasi taxmin, gumon, faraz va hokazo. Oʻzining oʻtmishini bilmagan inson uchun oʻtmishning asosiy qismi gʻayb boʻlishi turgan gap. Alloh taolo esa, hammasini biladi. Inson hozirgi lahzada oʻz tanasida kechayotgan sonsiz-sanoqsiz oʻzgarishlarni bilmaydi. Katta-katta oʻzgarishlarni bilishi mumkin, ammo koʻplab narsalarni umuman bilmaydi. Misol uchun, tanasidagi hujayralarning harakati uning uchun gʻaybdir. Oʻz tanasini mukammal bilmagan inson hozirgi davrda borliqda roʻy berayotgan hodisalardan qanchasini bila oladi? Hech qanchasini bilmaydi. Ammo, Alloh taolo ularning hammasini biladi.
Inson hatto oʻz boshiga kelajakda qanday hodisalar kelishini bilmaydi. Oʻziga tegishli narsalarni bilmaganidan keyin, olamdagi boshqalarga aloqador narsalarni umuman bilmaydi. Alloh taolo esa, ularning hammasini bilguvchidir. Moddaparastlar ilm nomidan gapirayotganlarini daʼvo qiladilar, lekin har bir ilmiy kashfiyotning atrofini koʻplab gʻaybiyot oʻrab turishini unutib qoʻyadilar. Shuning uchun ham, har ilmiy kashfiyotlari atrofida taxminlar va farazlar koʻpayadi. Alloh taolo esa, oʻsha taxminlarning haqiqatini biladi. Gʻaybning kalitlari Alloh taoloning Oʻzidaligi shundadir. Bu kalitni hatto Paygʻambarlar ham bilmaydilar.
«U, yerdagi, quruqlik va dengizdagi narsalarni biladir».
Yaʼni, makonga taalluqli hamma narsalarni biladi. Inson ularning hammasini bilmaydi. Hozirgi kunda ham quruqlik va dengizdan inson avval bilmagan yangidan-yangi narsalar paydo boʻlib turgani shunga dalolat qiladi.
«Bitta yaproq uzilib tushmaydiki, magar uni ham biladir».
Demak, Alloh borliqdagi har bir zarra harakatini ham biladi. Dunyo miqyosida birgina yaproqning uzilib tushishi sezilarli hodisa emas. Ammo Alloh taolo shu hodisani ham, hatto undan ham daqiq narsalargacha yaxshi biladi.
«Yer tubidagi bir dona don bormi, hoʻlu quruq bormi, barchasi ochiq kitobda bordir».
«Ochiq kitob»dan murod–Lavhul Mahfuzdir. Yer ostida yashirin turgan bir dona don boʻlsa ham, hoʻlu quruq boʻlsa ham biladi degani, uning bilmaydigan narsasi yoʻqdir, deganidir. Bu taʼrif faqat Allohning Oʻzigagina xosdir.
Cheksiz va shomil ilmga ega boʻlgan Alloh taolo, cheksiz va shomil qudratga ham egadir.