وَذَرِ ٱلَّذِينَ ٱتَّخَذُوا۟ دِينَهُمْ لَعِبًا وَلَهْوًا وَغَرَّتْهُمُ ٱلْحَيَوٰةُ ٱلدُّنْيَا ۚ وَذَكِّرْ بِهِۦٓ أَن تُبْسَلَ نَفْسٌۢ بِمَا كَسَبَتْ لَيْسَ لَهَا مِن دُونِ ٱللَّهِ وَلِىٌّ وَلَا شَفِيعٌ وَإِن تَعْدِلْ كُلَّ عَدْلٍ لَّا يُؤْخَذْ مِنْهَآ ۗ أُو۟لَـٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ أُبْسِلُوا۟ بِمَا كَسَبُوا۟ ۖ لَهُمْ شَرَابٌ مِّنْ حَمِيمٍ وَعَذَابٌ أَلِيمٌۢ بِمَا كَانُوا۟ يَكْفُرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: O`z dinlarini o`yin-kulgu qilib olgan va hayoti dunyoga aldanib ketganlarni tark et. U (Qur'on) ila eslatginki, hech bir jon qilgan kasbi tufayli halokatga duchor bo`lib, Allohdan o`zga biror do`st va shafoatchisiz holga va barcha fido qiladigan narsani fido qilsa ham, undan qabul qilinmaydigan holga tushib qolmasin. Ana o`shalar qilgan kasblari tufayli halokatga duchor bo`lganlardir. Kufr keltirganlari uchun ularga qaynoq suvdan sharob va alamli azob bordir.Ўз динларини ўйин-кулгу қилиб олган ва ҳаёти дунёга алданиб кетганларни тарк эт. У (Қуръон) ила эслатгинки, ҳеч бир жон қилган касби туфайли ҳалокатга дучор бўлиб, Аллоҳдан ўзга бирор дўст ва шафоатчисиз ҳолга ва барча фидо қиладиган нарсани фидо қилса ҳам, ундан қабул қилинмайдиган ҳолга тушиб қолмасин. Ана ўшалар қилган касблари туфайли ҳалокатга дучор бўлганлардир. Куфр келтирганлари учун уларга қайноқ сувдан шароб ва аламли азоб бордир.Alauddin Mansour: Dinlarini oʻyin-hazil qilib olgan, hayoti dunyoga aldanib qolgan kimsalarni tark qiling! Va uni (yaʼni, Qurʼonni, odamlarga) eslatib qoʻying! Toki biron jon (Qiyomat Kunida) kasb qilgan (gunohlari) sababli oʻzi uchun Allohdan oʻzga na bir doʻst va na bir oqlovchi boʻlmagan, agar bor narsani bersa ham — undan qabul qilinmaydigan holda, halokatga tashlanmasin. Qilgan amallari sababli (Allohning azobiga) tashlangan ana oʻsha kimsalar uchun qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir boʻlganlari sababli alamli azob bordir.Динларини ўйин-ҳазил қилиб олган, ҳаёти дунёга алданиб қолган кимсаларни тарк қилинг! Ва уни (яъни, Қуръонни, одамларга) эслатиб қўйинг! Токи бирон жон (Қиёмат Кунида) касб қилган (гуноҳлари) сабабли ўзи учун Аллоҳдан ўзга на бир дўст ва на бир оқловчи бўлмаган, агар бор нарсани берса ҳам — ундан қабул қилинмайдиган ҳолда, ҳалокатга ташланмасин. Қилган амаллари сабабли (Аллоҳнинг азобига) ташланган ана ўша кимсалар учун қайноқ сувдан иборат ичимлик ва кофир бўлганлари сабабли аламли азоб бордир.
«Oʻz dinlarini oʻyin qilib olganlar» dinga ehtirom bilan qaramaydigan, dinni oʻz xohishlaricha toʻgʻrilashga harakat qiladiganlardir. Ular mushriklardan, ahli kitoblardan yoki musulmonman deb yurganlardan ham boʻlishi mumkin. Ular, men falon dindanman, deydilar-u, ammo oʻsha dinga amal qilmaydilar, ehtiromini joyiga qoʻymaydilar. Vaqti kelganda, oʻzini dindor qilib koʻrsatishga urinadilar-u, ammo nariroqqa borib, bilganlaridan qolmaydilar. Ular, agar oʻxshatish joiz boʻlsa, xoʻjayinni aldab, oʻyin-kulgu qilib yurgan xizmatchiga oʻxshaydilar. Balki, ulardan ham battardirlar.
Ular diniy aqiyda va hukmlarni masxara qilib kuladilar. Qurʼoni Karim yoki hadisi sharifda sobit boʻlgan aqiyda yoki shariat masalalarini masxara qila turib, boz ustiga, «musulmonman» deb yurganlar sonsiz-sanoqsiz ekanligini yaxshi bilamiz. Ularning orasida salla-chopon kiyib olgan, yuqori «diniy mansab»ga minib olganlari qancha. Ana shu oxirgi toifa nechogʻli xatarli ekanligini oʻz koʻzimiz bilan koʻrgan xalqmiz. Ulardan biri, gʻaybiyotning baʼzisiga ishonib boʻlmaydi, misol uchun, Nuh Paygʻambarning toʻqqiz yuz ellik yil yashamogʻiga ishonib boʻlmaydi, desa, boshqasi Badr urushida farishtalar tushganini hech kim koʻrmagan, bu notoʻgʻri gap; Iyso alayhissalom boshqalar qatori oʻlib, boshqalar qatori koʻmilgan, deydi. Shu bilan, Qurʼonni inkor etib, kofir boʻladi. Ammo salla-chopon katta, oʻzini musulmonlarga peshvo sanaydi. Ularning namoz oʻqimasa boʻlaveradi, aroq ichsa ham boʻlaveradi, kabi «nasihat»lari va ayni shu va boshqa fosiqliklarni oʻzlari qilaverishlari dinni oʻyin-kulgu, mazax qilishdan boshqa narsa emas.
«Hayoti dunyoga aldanib qolganlar» ham bulardan qolishmaydi. Odatda, bu ikki toifa bir-biriga qorishib ketgan boʻladi. Yaʼni, dinni oʻyin-kulgu qilganlar albatta hayoti dunyoga aldangan boʻlishlari yoki, aksincha, hayoti dunyoga aldanganlar dinni oʻyin-kulgu qilib olishlari turgan gap. Hayoti dunyoga aldanganlar uning bandasi boʻlib qoladilar. Dunyo nimani buyursa, oʻshani qiladilar. Dunyo hayoti yoʻlida dinu diyonatlarini ham sotadilar. Har qanday pastkashlikka boradilar. Shuning uchun, ular xavfli odamlarga aylanadilar. Ularning bu ogʻir marazlari boshqalarga ham yuqishi mumkin.
«Oʻz dinlarini oʻyin-kulgu qilib olgan va dunyo hayotiga aldanib ketganlarni tark et».
Ushbu oyati karima hukmiga muvofiq, ularga qarshi jihod qila olmaganlar ulardan oʻzlarini yiroq tutishlari, umuman aloqa qilmasliklari darkor boʻladi.
Alloh taolo ushbu oyat davomida ularning yodlariga dinni oʻyinmazax qilganlari uchun halokatga duchor boʻlishlari muqarrar ekanligini Qurʼon yordamida eslatishni buyurmoqda:
«U (Qurʼon) ila eslatginki, hech bir jon qilgan kasbi tufayli halokatga duchor boʻlib, Allohdan oʻzga biror doʻst va shafoatchisiz holga va barcha fido qiladigan narsani fido qilsa ham, undan qabul qilinmaydigan holga tushib qolmasin!»
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u kishining merosxoʻrlari–Islom daʼvati yoʻliga oʻzini bagʻishlagan kishilar oʻz dinini oʻyin-kulgu qilib olgan, dunyo hayotiga aldangan oʻshanday kishilarga oqibatlari dahshatli boʻlishini eslatishga amr qilinyaptilar. Mazkur kishilar oʻz kirdikorlari–dinni mazax qilganlari, dunyo hayotiga aldanganliklari tufayli halokatga duchor boʻlishlari aniq. Ular bu qilmishlari ila Allohdan judo boʻlganlari aniq, ammo Allohdan ayrilgach, oʻzga biror doʻst va shafoatchisiz holga tushib qolishlarini ham unutmasinlar. Bu dunyoda mansab uchun, qiyin holdan qutulish uchun dinni oʻyin-kulgu qilib, maqsadga erishib yurganlari u dunyoda oʻtmay qoladi. Ular fido etish mumkin boʻlgan hamma narsani–maʼnaviymi, moddiymi, hammasini fido qilsalar ham, qiyomat kuni ulardan qabul qilinmaydi. Qilmishlari uchun javob berishlari kerak. Jazo olishlari kerak.
«Ana oʻshalar qilgan kasblari tufayli halokatga duchor boʻlganlardir».
Doʻzaxga tushishdan koʻra dahshatli halokat yoʻq. Ular faqat doʻzaxga tushish bilan qutulib qolmaydilar. Balki doʻzaxda turgan hollarida qilmishlariga yarasha azob ham tortadilar.
«Kufr keltirganlari uchun ularga qaynoq suvdan sharob va alamli azob bordir».
Kelasi oyatda Alloh taologa turli shakldagi shirkni keltirayotganlar bilan yana bir bor orani ochiq qilib olishga amr bor: