۞ وَإِذْ قَالَ إِبْرَٰهِيمُ لِأَبِيهِ ءَازَرَ أَتَتَّخِذُ أَصْنَامًا ءَالِهَةً ۖ إِنِّىٓ أَرَىٰكَ وَقَوْمَكَ فِى ضَلَـٰلٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ibrohimning otasi Ozarga: «Sanamlarni xudolar qilib olasanmi? Men seni va sening qavmingni, albatta, ochiq-oydin adashuvda ko`rmoqdaman», – deganini esla.Иброҳимнинг отаси Озарга: «Санамларни худолар қилиб оласанми? Мен сени ва сенинг қавмингни, албатта, очиқ-ойдин адашувда кўрмоқдаман», – деганини эсла.Alauddin Mansour: Eslang, (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Ibrohim otasi Ozarga: «Butlarni xudo qilib olyapsanmi? Men seni va qavmingni ochiq zalolatda deb bilaman», degan edi.Эсланг, (эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Иброҳим отаси Озарга: «Бутларни худо қилиб оляпсанми? Мен сени ва қавмингни очиқ залолатда деб биламан», деган эди.
Ibrohim alayhissalom oʻz qavmlari–Iroq xaldoniylari orasida oʻsib-ulgʻaydi. Aqlini tanigach, qarasa, otasi ham, qavmning boshqa ahli ham toshdan, yogʻochdan oʻzlari yoʻnib-oʻyib ishlab olgan but va sanamlarga sigʻinmoqdalar.
Ibrohim alayhissalom sof qalbi va ongi ila bu ish notoʻgʻri ekanligini, jonsiz tosh yoki jonsiz yogʻoch odamlar tomonidan bir oz ishlov berilgani bilan xudoga aylanib qolmasligini tushunib yetdi. Jonsiz tosh va jonsiz yogʻoch, odamlar qancha ishlov bersa ham jonsizligicha qoladi.
Oʻzi jonsiz boʻlgan narsa oʻzgalarga qanday qilib jon ato qila olsin?! Oʻzi aqlsiz narsa qanday qilib oʻzgalarga aql beradi?! Oʻzidan zararni qaytara olmaydigan narsa qanday qilib oʻzgalardan zararni qaytara oladi?!
Ushbu haqiqatni anglagan yosh Ibrohim alayhissalom otasining va uning qavmining ochiq-oydin adashuvda ekanini ham anglab yetdi. Bu tushunchani ularning vakili boʻlgan oʻz otasiga ochiqchasiga aytdi:
«Sanamlarni xudolar qilib olasanmi? Men seni va sening qavmingni, albatta, ochiq-oydin adashuvda koʻrmoqdaman»–dedi.
Alloh taolo ushbu oyati karimada Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ana oʻsha tarixiy hodisani eslatish ila Ibrohim alayhissalomning qissalarini boshlamoqda. Mazkur qissaning tafsiloti quyidagicha: