وَهَـٰذَا كِتَـٰبٌ أَنزَلْنَـٰهُ مُبَارَكٌ مُّصَدِّقُ ٱلَّذِى بَيْنَ يَدَيْهِ وَلِتُنذِرَ أُمَّ ٱلْقُرَىٰ وَمَنْ حَوْلَهَا ۚ وَٱلَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِٱلْـَٔاخِرَةِ يُؤْمِنُونَ بِهِۦ ۖ وَهُمْ عَلَىٰ صَلَاتِهِمْ يُحَافِظُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bu, Biz tushirgan kitob, muborakdir, o`zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir. Oxiratga iymon keltirganlar unga iymon keltirurlar. Va ular namozlarini muhofaza qilurlar.Бу, Биз туширган китоб, муборакдир, ўзидан олдингини тасдиқловчидир. Уммул Қуро (шаҳарлар онаси) ва унинг атрофини огоҳлантиришинг учундир. Охиратга иймон келтирганлар унга иймон келтирурлар. Ва улар намозларини муҳофаза қилурлар.Alauddin Mansour: Bu (Qurʼon) bir muborak, oʻzidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlar (va shaharlarning onasi markazi boʻlmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (Oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun Oʻzimiz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga iymon keltiradigan kishilar unga ham iymon keltiradilar va ular namozlarini oʻz vaqtida ado qiladilar.Бу (Қуръон) бир муборак, ўзидан олдинги китобларни тасдиқлайдиган, барча қишлоқлар (ва шаҳарларнинг онаси маркази бўлмиш (Макка аҳлини) ҳамда унинг атрофидаги кишиларни (Охират азобидан) огоҳлантиришингиз учун Ўзимиз нозил қилган Китобдир. Охиратга иймон келтирадиган кишилар унга ҳам иймон келтирадилар ва улар намозларини ўз вақтида адо қиладилар.
Bu oyati karimada Alloh taolo Oʻzining soʻnggi kitobi Qurʼoni Karimning baʼzi vasflarini keltirmoqda.
«Bu, Biz tushirgan kitob, muborakdir».
Uning barakasi hamma tomondandir: u tushgan joy muborak joydir; uni tushirgan Zot muborakdir; uni qabul qilib olgan zot muborakdir; uni tadbiq qilgan ummat muborakdir. Uning soʻzlari oz boʻlsa ham, maʼnolari barakalidir. Uni oʻqib anglagan, amal qilgan insonning umri, rizqi-roʻzi barakali boʻladi.
«...oʻzidan oldingini tasdiqlovchidir».
Yaʼni, Qurʼoni Karim oʻzidan oldin kelgan boshqa ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi ham boʻlib kelgandir. Bu kitobni tushirishdan maqsad:
«Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir».
Ummul Quro deb, Makkai Mukarrama nazarda tutilyapti. Bu muqaddas shahar arablar orasida qadimdan shu nom bilan ham mashhur boʻlgan. Chunki, bu muborak shaharda Allohga ibodat etish uchun qurilgan dunyo va basharning birinchi uyi «Baytulloh» bor. Bu uyni Alloh hamma uchun suyukli va omonlik maskani qilib qoʻygan. Oxirgi Paygʻambarining tugʻilishi ham xuddi shu shaharda boʻlishini iroda qilgan. Oʻzining oxirgi kitobi Qurʼoni Karimni ham shu shaharda nozil eta boshlagan. Bu kitobni nozil qilishdan maqsad, avval aytilganidek:
«Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir».
Ushbu jumlaning tafsiri, u haqda aytilgan fikr-mulohazalarni oʻrganar ekanmiz, Qurʼoni Karim haqiqiy ilohiy moʻʼjiza ekaniga, uni tushunishda odamlar ilmiga qarab turli hollarga tushishlari ham mumkinligiga ishonch hosil qilamiz. Ushbu oyatlar nozil boʻlgan paytda kishilar, Alloh taolo Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga Qurʼonni Makka shahri va uning atrofini ogohlantirish, toʻgʻri yoʻlga solish uchun nozil qilibdi, deb ketaverganlar. Keyinroq baʼzi Islom dushmanlari, Muhammad avval–boshda faqat Makka va uning atrofidagi baʼzi joylarni qoʻlga olishni maqsad qilib qoʻygan edi, shu boisdan ham Qurʼonning dastlabki bosqich oyatlarida: «Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir»,–deyilgan, deb daʼvo qilganlar.
Musulmon ulamolar bunday dushmanlarga qarshi kuchli hujjat- dalillar bilan oʻz vaqtida javob berganlar: dastlabki oyatlardanoq Islom butun dunyo uchun ekanligini bildiruvchi ochiq-oydin dalillar koʻp, ulardan: «Anbiyo» surasidagi «Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik» oyati, «Sabaʼ» surasidagi «Biz seni faqat barcha odamlarga bashoratchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik» oyatlari ana shunday ochiq-oydin dalillardir, deganlar.
Keyinroq ilm taraqqiy etib, jumladan, jugʻrofiya ilmidagi buyuk kashfiyotlar natijasida olimlar Makkai Mukarrama yer kurrasidagi quruqlikning eng markazi–kindigi ekanini aniqladilar. Bu kashfiyotlaridan soʻng shahar va qishloqlarning shimoliy qutbini va Makkai Mukarramaga nisbatan joylashish darajasiga qarab qiblani aniqlaydigan jadval va asboblar ixtiro qilindi. Eng muhimi,
«Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir» degan ibora, aslida, butun olamlarni daʼvat qilish uchundir, degan maʼnoda ekanini tushunib yetishdi.
Ha, bu kitob shunday kitob. Unga iymon keltirish har kimga ham nasib etavermaydi.
«Oxiratga iymon keltirganlar unga iymon keltirurlar».
Ularning oxiratga iymon keltirishlari, Paygʻambarga va ul zotga Alloh kitob tushirishiga ham iymon keltirish demakdir. Shuningdek, ularning oxiratga iymon keltirishlari, oxiratdan umidvor boʻlishlari yana boshqa koʻplab ezgu ishlarga ham chorlaydi. Xususan:
«...ular namozlarini muhofaza qilurlar».
Chunki, namoz iymonning tasdigʻidir. Kimning oxiratga iymoni boʻlsa, Qurʼonga iymon keltiradi va namoz oʻqiydi.
Keyingi oyatda Qurʼonga va vahiyga notoʻgʻri munosabatda boʻlganlarning, Allohga nisbatan boʻhton toʻqiganlarning, yolgʻonchi «nabiy»larning yoki Qurʼonga oʻxshash narsani keltira olaman, deganlarning holi bayon qilinadi: