فَالِقُ ٱلْإِصْبَاحِ وَجَعَلَ ٱلَّيْلَ سَكَنًا وَٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ حُسْبَانًا ۚ ذَٰلِكَ تَقْدِيرُ ٱلْعَزِيزِ ٱلْعَلِيمِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U, subhni yoritguvchi Zotdir. U, tunni sukunat, quyosh va oyni hisob qilib qo`ydi. Bu esa, g`olib va yaxshi bilguvchi Zotning o`lchovidir.У, субҳни ёритгувчи Зотдир. У, тунни сукунат, қуёш ва ойни ҳисоб қилиб қўйди. Бу эса, ғолиб ва яхши билгувчи Зотнинг ўлчовидир.Alauddin Mansour: (U zulmatni yorib) tongni chiqarguvchidir. U kechani sukunat orom qilib qoʻydi, quyosh va oyni esa hisob oʻlchovi qildi. Bu qudratli va bilguvchi Zotning oʻlchovidir.(У зулматни ёриб) тонгни чиқаргувчидир. У кечани сукунат ором қилиб қўйди, қуёш ва ойни эса ҳисоб ўлчови қилди. Бу қудратли ва билгувчи Зотнинг ўлчовидир.
Tongni kim ottiradi? Qorongʻu zulmat boʻlib, tong otmay turib qolsa, zulmatni ketkazib, tongni qorongʻulikdan yorib chiqarguvchi Allohdan oʻzga zot bormi? Albatta, yoʻq. Faqat, insonlar ushbu haqiqatni oʻylab koʻrmaydilar, xolos. Har kuni qorongʻu tushib, tong otaverganiga odatlanib, oʻzi shunday boʻlishi kerak, degan xayolda qotib qolingan. Lekin, dunyoda hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlmasligini hamma yaxshi tushunadi-ku. Ammo, oʻzini aqlli hisoblagan har bir odam bu holatga bir ibrat nazari solib qoʻyishi lozim-ku.
«U, subhni yoritguvchi Zotdir».
Allohning biru borligiga, cheksiz qudratiga dalolat qiluvchi ushbu hol har kuni koʻz oʻngimizda takrorlanadi.
«U, tunni sukunat, quyosh va oyni hisob qilib qoʻydi».
Tunni yorib chiquvchi tongni qoʻyaylik-da, tunning oʻzini olib koʻraylik. Xoʻsh, tunni kim yaratdi? Tunning sukunat ekanligini hamma biladi. Tunni sukunat qilgan kim? Tunni inson, hayvonot, nabotot va jamodot olami uchun orom olguvchi sukunat qilib qoʻygan kim?! Nima uchun sukunat faqat tungagina xosdir? Xoʻsh, buni kim qildi? Oʻz-oʻzidan boʻlishi mumkin emas-ku. Inson har kuni tunga kiradi, uning sukunatidan taskin topadi, orom oladi. Ammo, buni kim qildi deb, soʻrab koʻrmaydi.
Quyosh va oyning borliq uchun, borliqdagi jamiki narsalar uchun, alal-xusus, inson uchun cheksiz manfaati borligini hamma yaxshi biladi. Hozir biz mazkur foydalarni bir tomonga qoʻyib turaylik-da, eng sodda, hamma tushuna oladigan foydalaridan biri boʻlmish hisobga vosita ekanini olib koʻraylik. Insoniyat qadimdan vaqtni, kunduz va kechani, hafta va oyni hisoblash uchun oy va quyoshdan foydalanib keladi. Oy bilan quyoshning harakatidan daqiq falakiyot hisoblarini chiqaradi. Ularga qarab vaqtni hisoblaydi. Ilm juda rivojlangan hozirgi kunimizda ham insoniyat soatini har kuni ushbu narsalarga qarab toʻgʻrilab oladi. Ilmning choʻqqisiga chiqdim deb, faxrlanayotgan inson oʻzining kichik soatini har kuni toʻgʻrilashga muhtoj boʻlganda, oy va quyosh kabi ulkan jismlar millionlab yillar davomida bir soniya ham xato qilmay yurib kelayotganiga bir ibrat nazari solsa boʻlmasmikin? Shunday ulkan narsalarni bunchalik aniq harakat qildirib qoʻygan kim? Oddiygina jajji soat oʻzidan-oʻzi yurmaydi, shunday ekan, bunchalik ulkan narsalarni shunchalik aniqlik bilan oʻz-oʻzidan yurmoqda desa, ayb boʻladi. Balki aqlsizlik boʻladi! Xoʻsh, oy va quyoshni kim hisob qilib qoʻydi? Albatta, Alloh! Inson ushbu narsalarni har kuni koʻradi. Ammo ular haqida insof ila tafakkur qilib koʻrmaydi. Qani ayting-chi, bu oʻlchovlar kimning oʻlchovi?!
«Bu esa, gʻolib va yaxshi bilguvchi Zotning oʻlchovidir».
U, gʻolib va har bir narsaga qodirligidan shu qadar sonsiz- sanoqsiz narsalarni yaratib qoʻyib, Oʻzi boshqarib turadi. U, hamma narsani yaxshi bilganidan, shunday qiladi. Uning borliqdagi oʻlchovini anglagan inson qudratiga, gʻolibligiga va hamma narsani yaxshi bilishiga hech shubha qila olmaydi. Dunyodagi bor narsalarning oʻlchovi–ular hajmining oʻlchovi, oralaridagi masofalar oʻlchovi va boshqa barcha oʻlchovlar Allohning gʻolib va yaxshi bilguvchi Zot ekanligiga dalolatdir. U zotning qudratiga, gʻolibligiga va hammadan ziyoda bilguvchiligiga dalolat qiluvchi boshqa narsalar ham bor. Jumladan: