۞ وَإِذَا رَأَيْتَهُمْ تُعْجِبُكَ أَجْسَامُهُمْ ۖ وَإِن يَقُولُوا۟ تَسْمَعْ لِقَوْلِهِمْ ۖ كَأَنَّهُمْ خُشُبٌ مُّسَنَّدَةٌ ۖ يَحْسَبُونَ كُلَّ صَيْحَةٍ عَلَيْهِمْ ۚ هُمُ ٱلْعَدُوُّ فَٱحْذَرْهُمْ ۚ قَـٰتَلَهُمُ ٱللَّهُ ۖ أَنَّىٰ يُؤْفَكُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va agar ularni ko`rsang, jismlari seni ajablantirur va agar gapirsalar, gaplariga quloq osarsan. Ular xuddi suyab qo`yilgan xodaga o`xsharlar. Har qichqiriqni ziddilariga hisoblarlar. Ular dushmandirlar. Ulardan hazir bo`l. Alloh ularga urush ochsin, haqdan qandoq o`girilurlar?!Ва агар уларни кўрсанг, жисмлари сени ажаблантирур ва агар гапирсалар, гапларига қулоқ осарсан. Улар худди суяб қўйилган ходага ўхшарлар. Ҳар қичқириқни зиддиларига ҳисобларлар. Улар душмандирлар. Улардан ҳазир бўл. Аллоҳ уларга уруш очсин, ҳақдан қандоқ ўгирилурлар?!Alauddin Mansour: Qachon siz ularga boqsangiz ularning jismlari (koʻrinishlari, kiygan kiyimlari) sizni hayratga solur, soʻzlaganlarida esa soʻzlariga (ohangdor, fasohatli boʻlgani uchun berilib) quloq solursiz. (Lekin ularning dillari iymon va yaxshilikdan xoli boʻlgani uchun) ular goʻyo (devorga) yoʻlab qoʻyilgan (chirik) yogʻochlarga oʻxshaydilar. Ular (yuraksizliklari sababli) har bir qichqiriq-ovozni ustlariga (tushayotgan biron balo-ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot boʻling! Ularni Alloh laʼnatlagay! Qanday adashmoqdalar-a!Қачон сиз уларга боқсангиз уларнинг жисмлари (кўринишлари, кийган кийимлари) сизни ҳайратга солур, сўзлаганларида эса сўзларига (оҳангдор, фасоҳатли бўлгани учун берилиб) қулоқ солурсиз. (Лекин уларнинг диллари иймон ва яхшиликдан холи бўлгани учун) улар гўё (деворга) йўлаб қўйилган (чирик) ёғочларга ўхшайдилар. Улар (юраксизликлари сабабли) ҳар бир қичқириқ-овозни устларига (тушаётган бирон бало-офат деб) гумон қиладилар. Улар душмандирлар. Бас, улардан эҳтиёт бўлинг! Уларни Аллоҳ лаънатлагай! Қандай адашмоқдалар-а!
Bu oyatda Alloh taolo munofiqlarning baʼzi sifatlari va tasarruflarini moʻminlar ulardan ehtiyot boʻlishlari uchun bayon qilmoqda.
«Va agar ularni koʻrsang, jismlari seni ajablantirur va agar gapirsalar, gaplariga quloq osarsan.»
Chunki, munofiqlarning ichida chiroyli yuzli, kelishgan gavdali, soʻzga usta kishilar bor. Bunday qaraganda, kelishgan, tuppatuzuk odamlar, gaplari ham kishilarni rom qiladigan. Masalan, munofiqlarning oʻsha paytdagi rahbari Abdulloh ibn Ubay qomatli, chiroyli va soʻzamol odam edi. Boshqa munofiqlardan ham unga oʻxshashlari bor edi. Paygʻambar alayhissalomning majlislariga kelib, devorga suyanib oʻtirar edilar. Sahobalar ularning qomatlariga havas bilan boqishar, gaplariga quloq solar edilar. Lekin baribir qalblari iymondan, yaxshilikdan xoli boʻlgani uchun, Alloh taolo ularni devorga suyab qoʻyilgan xodaga oʻxshatmoqda.
«Ular xuddi suyab qoʻyilgan xodaga oʻxsharlar.»
Munofiqlarning sifatlaridan yana biri,
«har chaqiriqni ziddilariga hisoblarlar».
Yaʼni, ular doimo qoʻrqinchda boʻladilar, har bir baland ovozni oʻzlariga qarshi deb oʻylaydilar. Ikki kishi orasida kechayotgan har qanday suhbatdan ham, ular menga qarshi gaplashyapti, deb hadiksirayveradilar. Mazkur xususiyatlarga ega boʻlgan kishilar toʻliq dushmanlar boʻladilar. Shuning uchun ham, Alloh taolo oyatda:
«Ular dushmandirlar», demoqda.
Yaʼni, haqiqiy dushmanlar oʻsha munofiqlardir. Chunki, dushmanning eng yomoni yuzingga kulib qarab turib, qoʻynida senga otish uchun tosh saqlaganidir. Demak, ularning tashqi koʻrinishiga ishonib qolmaslik kerak. Alloh:
«Ulardan hazir boʻl», deb ogohlantiryapti. Oyat ularning ziddiga duo bilan yakunlanadi. Biz,
«Alloh ularga urush ochsin», deb tarjima qilgan jumla arabchada «Qotalahumulloh» deyiladi va tafsirchilarimiz: Alloh ularni laʼnatlasin, Oʻz rahmatidan uzoq qilsin, deb tafsir qiladilar.
«...…haqdan qandoq oʻgirilurlar.»
Shuncha narsani koʻrib-bilib turib, qandoq qilib haqdan botilga qarab oʻgirilib ketdilar?!
Zikr etilgan bu sifatlarga ega boʻlgan kishilardan yaxshilik umid qilish qiyin, ularning musulmon boʻlishini orzu qilmasa ham boʻladi.