يَقُولُونَ لَئِن رَّجَعْنَآ إِلَى ٱلْمَدِينَةِ لَيُخْرِجَنَّ ٱلْأَعَزُّ مِنْهَا ٱلْأَذَلَّ ۚ وَلِلَّهِ ٱلْعِزَّةُ وَلِرَسُولِهِۦ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَلَـٰكِنَّ ٱلْمُنَـٰفِقِينَ لَا يَعْلَمُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Agar Madinaga qaytib borsak, albatta, aziz xorni undan chiqarur», derlar. Holbuki, azizlik Allohga, Uning Rasuliga va mo`minlariga xosdir. Ammo munofiqlar bilmaslar.Улар: «Агар Мадинага қайтиб борсак, албатта, азиз хорни ундан чиқарур», дерлар. Ҳолбуки, азизлик Аллоҳга, Унинг Расулига ва мўминларига хосдир. Аммо мунофиқлар билмаслар.Alauddin Mansour: Ular: «Qasamki, agar Madinaga qaytsak, albatta kuchlilar kuchsizlarni undan quvib chiqarur», derlar. Holbuki, kuch-qudrat Allohniki, Uning paygʻambariniki va moʻminlarnikidir. Lekin munofiqlar (buni) bilmaslar.Улар: «Қасамки, агар Мадинага қайтсак, албатта кучлилар кучсизларни ундан қувиб чиқарур», дерлар. Ҳолбуки, куч-қудрат Аллоҳники, Унинг пайғамбариники ва мўминларникидир. Лекин мунофиқлар (буни) билмаслар.
Bu doʻqni munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul qilganini, «aziz» deganda oʻzini koʻzlab, «xor» deganda Paygʻambarimiz alayhissalomni nazarda tutganini yuqorida aytdik.
«Madiynaga qaytib borsak», deyilgandan murod Mustalaq qavmiga qarshi gʻazotdan qaytib Madiyna shahriga borsak, deganidir.
«Ular, agar Madiynaga qaytib borsak, albatta aziz xorni undan chiqarur, derlar.»
Bundan koʻrinib turibdiki, munofiqlar musulmonlarga qarshi turli jabha va uslublarni, shu jumladan, mahalliychilikni ham ishga soladilar. Maʼlumki, Paygʻambar alayhissalom va muhojirlar Madiynalik emaslar, balki bu yoqqa din uchun Makkadan hijrat qilib kelganlar. Munofiqlar Madiynaning tub aholisi boʻlmish ansoriylarda turli yoʻl bilan mahalliychilik ruhini qoʻzgʻab, ularni oʻz din qardoshlariga qarshi qoʻyishga ham uringanlar. Ular bunday yoʻllar bilan moʻminlarni xor qilmoqchi boʻldilar. Lekin Alloh taolo ularning oʻzlarini xoru zor qilib qoʻydi. Ular oʻylamagan tarafdan boshlariga balolarni olib keldi. Mazkur hodisada Abdulloh ibn Ubay va uning nifoqdagi sheriklarining ishlari fosh boʻlgandan soʻng, odamlar ichida, Rasululloh Abdulloh ibn Ubayni qatl etishga farmon berganmishlar, degan gaplar tarqaladi. Baʼzi shijoatli musulmonlar u zotdan bu ishni amalga oshirishga ruxsat ham soʻraydilar. Lekin Paygʻambar alayhissalom koʻnmaydilar. Bu xabar munofiqlar rahbari Abdulloh ibn Ubayning oʻgʻliga ham yetib boradi. Shunda u yigit Paygʻambar alayhissalomning huzurlariga shoshilib kelib: «Ey, Allohning Rasuli, eshitishimcha, otamni oʻldirishga amr bermoqchi ekansiz, Allohga qasamki, bizning qabilamizda mendan koʻra otasini hurmat qiladiganroq odam yoʻqligini hamma biladi. Sizning amringizni bajarib otamni qatl etgan kishini koʻrib yurish menga ogʻir boʻladi. Shuning uchun, izn bersangiz, munofiq otamning boshini oʻzim tanasidan judo qilsam», deydi. Paygʻambar alay- hissalom unga ham ruxsat bermaydilar. Ha, iymon haqiqiy boʻlsa, bunga oʻxshash moʻʼjizalar sodir boʻladi. Munofiqlar oʻzlarini aziz bilib, moʻminlarni xor qilishga urinsalar ham, Alloh taolo ularning oʻzini ikki dunyoda xoru zor qilib qoʻyadi. Bunga Abdulloh ibn Ubayning boshiga tushgan koʻrgiliklar yaqqol misol boʻladi.
Imom Abu Dovud rivoyat qilishlaricha: «Odamlar (oʻsha gʻazotdan soʻng) qaytib Madiynaga yaqinlashib kelganlarida Abdulloh ibn Ubayning oʻgʻli shaharga kiraverishda qilichini yalangʻochlab turdi. Odamlar bir-bir uning oldidan oʻtib ketaverdilar. Qarshisiga otasi Abdulloh ibn Ubay kelganda: «Allohga qasamki, Rasululloh izn bermagunlaricha bu yerdan oʻtmaysan, albatta, u zot aziz, sen boʻlsa xorsan», dedi. Abdulloh ibn Ubay oʻgʻlidan Rasulullohga shikoyat qildi. Oʻgʻil esa: «Allohga qasamki, ey Rasululloh, siz izn bermaguningizcha shaharga kirmaydi», dedi. Rasululloh izn berdilar. Shundan keyingina oʻgʻil otasiga: «Rasululloh izn bergan boʻlsalar, oʻtaver», dedi.
Munofiqlar va kofirlar nimani oʻylasalar oʻylayversinlar, lekin Qurʼoni Karim rost xabar berganidek,
«Holbuki, azizlik Allohga, Uning Rasuliga va moʻminlarga xosdir. Lekin munofiqlar bilmaslar».
Ushbu oyati karima musulmonlar zaif boʻlib, ularga turli hujumlar uyushtirilib turgan paytda nozil boʻlgan. Ammo moʻʼjiza ekanligi tezda namoyon boʻldi. Alloh taolo Oʻz Paygʻambariga dushmanlarga qarshi kurashda yordam berdi. Arabiston yarim oroli aholisi u kishiga ergashdi. U kishidan soʻng, xalifalari davrida oʻsha paytdagi dunyoning ikki ulkan saltanati musulmonlar qarshisida tiz choʻkdi; dunyoda Islom dini tarqaldi. Haqiqiy azizlik Allohga, Uning Rasuliga va moʻminlarga xosligi isbot boʻldi.
Suraning oxiridagi oyatlarda Alloh taolo moʻmin bandalarini munofiqlarning sifatlaridan xoli boʻlishga chaqiradi.