وَإِذْ أَسَرَّ ٱلنَّبِىُّ إِلَىٰ بَعْضِ أَزْوَٰجِهِۦ حَدِيثًا فَلَمَّا نَبَّأَتْ بِهِۦ وَأَظْهَرَهُ ٱللَّهُ عَلَيْهِ عَرَّفَ بَعْضَهُۥ وَأَعْرَضَ عَنۢ بَعْضٍ ۖ فَلَمَّا نَبَّأَهَا بِهِۦ قَالَتْ مَنْ أَنۢبَأَكَ هَـٰذَا ۖ قَالَ نَبَّأَنِىَ ٱلْعَلِيمُ ٱلْخَبِيرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Nabiy xotinlaridan ba'zisiga sir gap aytgan edi. Bas, u (sir)dan xabar berdi va Alloh u(ish)ni u(Nabiy)ga bildirdi. U ba'zisini bildirdi va ba'zisini eslamadi. Qachon u(Nabiy) ul(ayol)ga (ish) haqida xabar berganida, u: «Buni senga kim xabar qildi», dedi. U(Nabiy): «Menga hamma narsani biluvchi va hamma narsadan xabardor Alloh xabar berdi», dedi.Набий хотинларидан баъзисига сир гап айтган эди. Бас, у (сир)дан хабар берди ва Аллоҳ у(иш)ни у(Набий)га билдирди. У баъзисини билдирди ва баъзисини эсламади. Қачон у(Набий) ул(аёл)га (иш) ҳақида хабар берганида, у: «Буни сенга ким хабар қилди», деди. У(Набий): «Менга ҳамма нарсани билувчи ва ҳамма нарсадан хабардор Аллоҳ хабар берди», деди.Alauddin Mansour: Paygʻambar juftlaridan biriga (yaʼni, Hafsaga) bir soʻzni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Paygʻambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga oʻzi voqif boʻlgan narsaning) baʼzisini bildirdi va baʼzisidan yuz oʻgirdi — bildirmadi. Bas, qachonki (Paygʻambar Hafsaga oʻzi voqif boʻlgan narsaning baʼzisi haqida) xabar bergach, u: «Kim sizga bu xabarni berdi?», degan edi, (Paygʻambar): «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi.Пайғамбар жуфтларидан бирига (яъни, Ҳафсага) бир сўзни пинҳона айтганини эсланг! Энди қачонки (Ҳафса) у (сир) ҳақида (Оишага) хабар бергач ва Аллоҳ (Жаброил фаришта воситасида Пайғамбарни Ҳафсанинг қилмишидан) воқиф қилгач, у (Ҳафсага ўзи воқиф бўлган нарсанинг) баъзисини билдирди ва баъзисидан юз ўгирди — билдирмади. Бас, қачонки (Пайғамбар Ҳафсага ўзи воқиф бўлган нарсанинг баъзиси ҳақида) хабар бергач, у: «Ким сизга бу хабарни берди?», деган эди, (Пайғамбар): «Менга Билгувчи ва Хабардор Зот хабар берди», деди.
Arab tilining imkoniyatlari oldida, Qurʼoni Karim balogʻati oldida hamma ham ojiz. Boʻlib oʻtgan hodisalarning juda ham qisqa soʻzlar bilan ochiq-oydin bayoni kelganki, buni sharh qilmasak, soʻzma-soʻz tarjima bilan maqsadni toʻligʻicha anglatish qiyin.
«Nabiy xotinlaridan baʼzisiga sir gap aytgan edi.»
Oyatda zikr etilgan «Nabiy xotinlaridan baʼzisi»dan Hafsa onamiz nazarda tutilyaptilar. «Sir gap» esa, Paygʻambar alayhissalomning u kishiga Moriyaga yaqinlik qilmaslik yoki asal ichmaslik haqida aytgan gaplaridir. Lekin Hafsa onamiz sir gapni Oisha onamizga aytdilar.
«Bas, u(sir)dan xabar berdi va Alloh u(ish)ni u(Nabiy)ga bildirdi.»
Nabiy alayhissalomning, birovga aytma, men oʻzimga falon narsani harom qildim, degan sir gaplarini Hafsa Oishaga aytib qoʻydi.
Alloh Hafsaning sirni fosh etganini Paygʻambar alayhissalomga Jabroil farishta orqali bildirdi.
«U baʼzisini bildirdi va baʼzisini eslamadi.»
Paygʻambar alayhissalom xotinlari Hafsaga boʻlib oʻtgan ishdan xabar topganliklarining baʼzisini bildirdilar va qolganini karam qilib aytib oʻtirmadilar. Ulugʻ kishilarning ulugʻligi baʼzi bilgan narsalarini bilmaslikka olishda ham koʻrinadi.
«Qachon u(Nabiy) ul(ayol)ga (ish) haqida xabar berganida, u, buni senga kim xabar qildi, dedi.»
Paygʻambar alayhissalom Hafsaga sirning Oishaga fosh qilinganini eslatganlarida, u «Bu xabarni sizga kim yetkazdi», deb soʻradi. Paygʻambar alayhissalom:
«Hamma narsani biluvchi va hamma narsadan xabardor Alloh xabar berdi», deb javob berdilar.
Soʻngra, hodisaga sabab boʻlgan ikki xotinga–Hafsa va Oishaga qarata kelgusi oyat quyidagilarni bayon qiladi.