إِن تَتُوبَآ إِلَى ٱللَّهِ فَقَدْ صَغَتْ قُلُوبُكُمَا ۖ وَإِن تَظَـٰهَرَا عَلَيْهِ فَإِنَّ ٱللَّهَ هُوَ مَوْلَىٰهُ وَجِبْرِيلُ وَصَـٰلِحُ ٱلْمُؤْمِنِينَ ۖ وَٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ بَعْدَ ذَٰلِكَ ظَهِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar ikkovingiz Allohga tavba qilsangiz, batahqiq, qalblaringiz (haqqa) moyil bo`lur. Agar unga qarshi chiqsangiz, bas, albatta, Alloh uning yordamchisidir va Jabroil ham, solih mo`minlar ham. Undan so`ng farishtalar unga suyanchiqdir.Агар икковингиз Аллоҳга тавба қилсангиз, батаҳқиқ, қалбларингиз (ҳаққа) мойил бўлур. Агар унга қарши чиқсангиз, бас, албатта, Аллоҳ унинг ёрдамчисидир ва Жаброил ҳам, солиҳ мўминлар ҳам. Ундан сўнг фаришталар унга суянчиқдир.Alauddin Mansour: (Ey Hafsa, Oisha) agar sizlar (bu qilmishlaringiz uchun) Allohga tavba qilsangizlar (oʻzlaringizga yaxshiroq boʻlur). Chunki sizlarning dillaringiz (haq yoʻldan) toyib ketdi! (Ammo) agar sizlar (Paygʻambarning) ziyoniga (yaʼni, u zot bilan ayollari oʻrtasini buzadigan ishlar ustida) bir-biringizga yordam bersangizlar, u holda shak-shubhasiz, Allohning Oʻzi ham, Jabroil ham, ahli solih moʻminlar ham uning madadkoridirlar. Yana, bulardan keyin farishtalar ham (Paygʻambarga) yordamchidir.(Эй Ҳафса, Оиша) агар сизлар (бу қилмишларингиз учун) Аллоҳга тавба қилсангизлар (ўзларингизга яхшироқ бўлур). Чунки сизларнинг дилларингиз (ҳақ йўлдан) тойиб кетди! (Аммо) агар сизлар (Пайғамбарнинг) зиёнига (яъни, у зот билан аёллари ўртасини бузадиган ишлар устида) бир-бирингизга ёрдам берсангизлар, у ҳолда шак-шубҳасиз, Аллоҳнинг Ўзи ҳам, Жаброил ҳам, аҳли солиҳ мўминлар ҳам унинг мададкоридирлар. Яна, булардан кейин фаришталар ҳам (Пайғамбарга) ёрдамчидир.
Bu oyatni toʻliq tushunish, oʻsha paytdagi ijtimoiy holatdan xabardor boʻlish uchun imom Ahmad ibn Hanbal oʻzlarining «Musnad» kitoblarida keltirgan rivoyatni oʻrganmogʻimiz darkor.
Ibn Abbos aytadilarki: «Hazrati Umardan Alloh taolo Qurʼonda, «Agar ikkovingiz Allohga tavba qilsangiz, batahhiq, qalblaringiz (haqqa) moyil boʻlur», deb aytgan Paygʻambarimizning ikki ayollari kimlar ekanini soʻrashga haris boʻlib yurardim. Umar haj qilganlarida men ham haj qildim. Yoʻlda Umar chetga chiqqan edi, men ham chetga chiqdim. U qazoi hojat qildi. Qaytib keluvdi, qoʻliga suv quydim. U tahorat qildi. Men unga:
«Ey, moʻminlarning amiri, Alloh taolo «Agar ikkovingiz Allohga tavba qilsangiz» deb aytgan oyatida Paygʻambarimizning qaysi ayollarini nazarda tutgan, deb soʻradim. U kishi:
«Ajoyibsan-da, Ibn Abbos, ular Hafsa bilan Oisha», dedilar- da, qissani boshidan boshladilar.
«Biz qurayshliklar ayollarga ustun keladigan qavm edik. Madiynaga kelsak, ularning xotinlari ustun kelar ekan. Bizning xotinlar ham ularning xotinlaridan oʻrgana boshladilar. Mening uyim Umayya ibn Zaydning Avoliydagi hovlisida edi. Bir kuni xotinimdan achchigʻim chiqqan edi, qarasam, menga gap qaytaryapti. Uning bu ishini inkor qilsam, «Paygʻambar alayhissalomning xotinlari ham u kishiga gap qaytarganda, hatto baʼzilari bir kun-yarim kun gaplashmay yurganda, men gap qaytarsam, nima boʻpti», deydi.
Zudlik bilan Hafsaning oldiga borib:
«Paygʻambar alayhissalomga gap qaytarasanmi?»–deb soʻradim.
«Ha», dedi.
«Sizlardan baʼzilaringiz u kishi bilan bir kun-yarim kun gaplashmay ham yuradimi?»–desam,
«Ha», dedi.
«Ichlaringizda kim shu ishni qilsa, noumid boʻlibdi va yutqazibdi,–dedim.–Oralaringizda kimingiz Rasulning gʻazabi tufayli Allohning gʻazabiga uchrashdan omon qolishi mumkin. Undoq boʻlsa, halokatga uchraydi. Sen u kishiga gap qaytarmagin, biror narsa ham soʻramagin, mendan soʻra, senga mol-dunyo kerak boʻlsa, men beraman, sening qoʻshning chiroyliroq, Rasulullohga mahbubroq boʻlishi koʻnglingni buzmasin», dedim.
Mening ansoriylardan bir qoʻshnim bor edi. Rasulullohning huzurlariga navbat bilan tushardik. Bir kun u tushardi, bir kun men tushardim. U menga vahiy va boshqa xabarlarni keltirardi. Men ham unga shundoq xabarlarni keltirardim. Oʻsha kunlari Fasson qabilasi bizga gʻazot qilish uchun otlarni tayyorlayotganini oʻzaro gaplashib yurardik. Qoʻshnim bir kechasi kelib eshigimni taqillatdi va meni chaqirdi. Uning oldiga chiqdim. U:
«Katta ish sodir boʻldi», dedi. Men:
«Nima boʻldi, Fasson qabilasi keldimi?»–dedim. U boʻlsa:
«Yoʻq, undan ham ulkanroq ish boʻldi. Rasululloh xotinlarini taloq qildilar», dedi. Men:
«Hafsa noumid boʻlibdi va yutqazibdi, shundoq boʻlib qolmasaydi, deb yurgan edim», dedim.
Ertalab bomdod namozini oʻqib, kiyim-boshni kiyib, Hafsanikiga borsam, yigʻlab oʻtirgan ekan. Men:
«Rasululloh alayhissalom sizlarni taloq qildilarmi?»–dedim. U:
«Bilmayman, anavi joyda hammadan ajrab olganlar», dedi.
Qora tanli gʻulomning oldiga bordim-da, Umarga izn soʻrab ber, dedim. U ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan keyin chiqib:
«Seni eslatsam, indamadilar», dedi. Minbar tomon borsam, u yerda bir toʻp odam oʻtiribdi, baʼzilari yigʻlashyapti. Bir oz oʻsha yerda oʻtirdim. Keyin chiday olmadim-da, gʻulomning oldiga borib, Umar uchun izn soʻrab koʻr, dedim. U ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan soʻng chiqib:
«Seni eslatuvdim, indamadilar», dedi. Chiqib yana minbarning yonida oʻtirdim. Chiday olmay yana gʻulomning yoniga bordim va Umar uchun izn soʻrab koʻr, dedim. U ichkariga kirib, qaytib chiqdi-da:
«Seni eslatuvdim, indamadilar», dedi, Orqamga qaytib ketayotgan edim, birdan gʻulom chaqirib qoldi:
«Kiraver, senga izn berdilar», dedi. Kirib, Rasulullohga salom berdim. Boʻyraga yonboshlab olgan ekanlar, yonlariga botib izi chiqib qolibdi.
«Xotinlaringizni taloq qildingizmi, ey, Allohning Rasuli?»– dedim.
U kishi boshlarini koʻtarib, menga qaradilar-da:
«Yoʻq», dedilar. Men:
«Oʻzingiz bilasiz, ey, Allohning Rasuli, biz qurayshliklar ayollarga ustun keladigan qavm edik. Madiynaga kelsak, ularning xotinlari ustun kelar ekan. Bizning xotinlar ham ularning xotinlaridan oʻrgana boshladilar. Bir kuni qarasam, xotinim menga gap qaytaryapti. Men buni inkor qilsam, Paygʻambar alayhissalomning xotinlari ham u kishiga gap qaytarganda, hatto baʼzilari bir kun- yarim kun gaplashmay yurganda, men gap qaytarsam nima boʻpti, dedi. Men, bu ishni kim qilsa, noumid boʻlibdi va yutqazibdi, dedim. Sizdan kimingiz Rasulning gʻazabi tufayli Allohning gʻazabiga uchrashdan omon qolishi mumkin, dedim.»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar. Men:
«Ey, Allohning Rasuli, men Hafsaning oldiga kirdim va unga, qoʻshningning sendan chiroyliroq va Rasulullohga mahbubroq boʻlishi koʻnglingni buzmasin, deb aytdim, dedim».
Ul zot yana tabassum qildilar. Men:
«Oʻtirsam maylimi, ey Rasululloh?»–dedim. U kishi:
«Ha», dedilar.
Oʻtirib, boshimni koʻtarib, uyga nazar soldim va Allohga qasamki, u zotning haybatlaridan oʻzga koʻzga ilinadigan narsa topolmadim. Soʻng:
«Ey, Allohning Rasuli, ummatingizga duo qiling, rizqi keng boʻlsin. Allohga ibodat qilmaydigan fors va rumliklarning ham rizqi keng-ku», dedim. U kishi turib oʻtirdilar va:
«Ey, Ibn Hattob, sen shakdamisan? Ular bu dunyoda rizqlari shoshilinch berilgan qavmlardir», dedilar. Men:
«Gunohimni Alloh kechirishini soʻrang», dedim.
U kishi xotinlaridan koʻrgan holatning shiddatidan bir oygacha ularning oldiga kirmaslikka qasam ichgan ekanlar, Alloh u kishini itob qildi».
Bu qissani imom Buxoriy va imom Termiziy ham rivoyat qilganlar.
Yuqorida zikr qilingan holatlarda hech qanday gʻayritabiiylik yoʻq. Paygʻambar alayhissalomning xotinlari pok ayollar, dunyodagi eng baxtli xotinlar, «moʻminlarning onasi» degan yuksak unvonga munosib boʻlgan onalarimizdir. Ularning feʼllari juda ham ulkan. Lekin shu bilan birga, Islom–voqeʼlik dini, loy va ruhdan boʻlgan insonlarga oʻz taʼlimotlarini joriy qiladi. Yaʼni, onalarimizda ham boshqalardagi kabi inson tabiatiga xos boʻlgan rashk, boshqalardan koʻra afzalroq boʻlishga urinish kabi tuygʻular bor. Bu esa, ayb emas, balki keyinchalik ummatlarga shariat boʻlib qoladigan ishlarga sabab boʻlgan. Oʻz navbatida, Paygʻambar alayhissalom ular bilan juda yaxshi muomalada boʻlar edilar. Oisha onamiz: «U kishi ayollari bilan xoli qolganlarida eng muloyim, karamli, serkulgi va sertabassum kishi boʻlardilar», deb rivoyat qilganlar.
Ayni choqda, bu ishlar Alloh tomonidan oyat tushirilishi darajasiga borib yetardi. Quyidagi oyati karimada Alloh taolo Paygʻambarimiz alayhissalomning xotinlariga jiddiy ogohlantirish bermoqda.