وَلَقَدْ مَكَّنَّـٰكُمْ فِى ٱلْأَرْضِ وَجَعَلْنَا لَكُمْ فِيهَا مَعَـٰيِشَ ۗ قَلِيلًا مَّا تَشْكُرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!Батаҳқиқ, сизларга ер юзида қудрат ва имкониятлар бердик ва унда сизлар учун яшаш воситалари қилдик. қанчалар оз шукр қиласизлар-а?!Alauddin Mansour: Aniqki, Biz sizlarni Yerda barqaror etib, sizlar uchun unda tirikchilik vositalarini paydo qildik. Kamdan-kam shukr qilursizlar.Аниқки, Биз сизларни Ерда барқарор этиб, сизлар учун унда тирикчилик воситаларини пайдо қилдик. Камдан-кам шукр қилурсизлар.
Gʻoyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqelikni mujassam qilgandir. Yer yuzida insonga yashash imkonini berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bogʻliq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin, inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sababchi ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham. Inson aqlini ishlatib, dunyoda unga yaratib qoʻyilgan yashash imkonlaridan aqalli bir yoki ikkitasini oʻylab koʻrsa, tushunib yetadiki, Allohga har qancha shukr qilsa ham oz ekan. Misol uchun, eng eʼtibor berilmaydigan narsani–havoni olib koʻraylik. Inson havosiz yashay olmaydi. Ammo, hayot uchun zarur havo faqat yerda va atrofida bor. Undan yuqoriga chiqsangiz ham yoʻq, pastga tushsangiz ham yoʻq. Qolaversa, havoni doimo tozalab, insonga kerakli holga keltirib turuvchi omillarni, jumladan, daraxtlarni ham Alloh taolo yaratib qoʻygan. Bu neʼmatning qadrini bilish uchun inson havosi yoʻq joyda yoki havosi buzuq joyda bir oz tursa, kifoya. Ammo, havo har qancha musaffo boʻlsa ham, uni qabul etib turuvchi aʼzo boʻlmasa, befoyda. Xoʻsh, havoni qabul qiladigan, boshqa aʼzolarga ham taʼsirini oʻtkazadigan aʼzolarni insonga kim bergan? Albatta, Alloh bergan. Alloh insonning yer yuzidagi hayotiga imkon oʻlaroq oʻsha aʼzolarni berib, ularni maʼlum tariqada ishlaydigan qilib qoʻygan. Ushbu neʼmatning qadrini bilish uchun nafasi qisadigan odamning oldida bir oz oʻtirishning oʻzi kifoya. Alloh insonga yer yuzida yashashi uchun bergan imkoniyati son-sanoqsiz boshqa imkoniyatlardan biri, xolos. Odatda, odam oʻziga biror narsa bergan shaxsga tashakkur aytib, uni hurmatlaydi. Ammo, koʻp insonlar shunchalik behisob nematlarni bergan Allohni inkor etadilar va Unga shukr qilmaydilar. Shukr qiladiganlari esa, juda oz. Ularning shukri ham juda oz.