تِلْكَ ٱلْقُرَىٰ نَقُصُّ عَلَيْكَ مِنْ أَنۢبَآئِهَا ۚ وَلَقَدْ جَآءَتْهُمْ رُسُلُهُم بِٱلْبَيِّنَـٰتِ فَمَا كَانُوا۟ لِيُؤْمِنُوا۟ بِمَا كَذَّبُوا۟ مِن قَبْلُ ۚ كَذَٰلِكَ يَطْبَعُ ٱللَّهُ عَلَىٰ قُلُوبِ ٱلْكَـٰفِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Biz senga ana o`sha qishloqlarning xabarlarini qisqa qilib aytib bermoqdamiz. Batahqiq, ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Ammo, ular oldin yolg`onga chiqargan narsalariga iymon keltirmadilar. Alloh shunday qilib kofirlar qalbiga muhr bosdi.Биз сенга ана ўша қишлоқларнинг хабарларини қисқа қилиб айтиб бермоқдамиз. Батаҳқиқ, уларга Пайғамбарлари очиқ-ойдин ҳужжатлар билан келдилар. Аммо, улар олдин ёлғонга чиқарган нарсаларига иймон келтирмадилар. Аллоҳ шундай қилиб кофирлар қалбига муҳр босди.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), sizga oʻsha qishloqlar — ularning xabarlaridan soʻylayotirmiz. Albatta, ularga paygʻambarlari hujjat-moʻʼjizalar keltirganlar, ammo ular ilgari (yaʼni, moʻʼjizalar kelmay turib, paygʻambarlarini) yolgʻonchi qilganlari sababli (moʻʼjizalar kelgandan keyin ham) iymon keltiruvchi boʻlmadilar. Alloh kofirlarning koʻngillarini ana shunday muhrlab qoʻyur.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), сизга ўша қишлоқлар — уларнинг хабарларидан сўйлаётирмиз. Албатта, уларга пайғамбарлари ҳужжат-мўъжизалар келтирганлар, аммо улар илгари (яъни, мўъжизалар келмай туриб, пайғамбарларини) ёлғончи қилганлари сабабли (мўъжизалар келгандан кейин ҳам) иймон келтирувчи бўлмадилар. Аллоҳ кофирларнинг кўнгилларини ана шундай муҳрлаб қўюр.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinayotgan bu oyati karimalarda Alloh taolo iymon va kufr haqiqatini bayon qilib bermoqda. Mazkur qissalarni Allohning Oʻzi soʻzlamoqda. Allohning Oʻzi diqqat-eʼtibor ila Qurʼoni sifatida nozil etayotgan qissalar bejiz, behikmat qissalar emas, balki pand va nasihatlarga toʻladir. Ularni sinchiklab oʻrganib, ibrat olmoq darkor.
«Batahqiq, ularga Paygʻambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar».
Hamma narsa oshkor va ochiq-oydin edi. Agar zarracha aql va insof boʻlsa, iymon yoʻliga yurishdan oʻzga chora yoʻqligi ayon edi. Vaziyat ham shunga dalolat qilar edi. Ammo butkul boshqacha boʻldi:
«Ammo, ular oldin yolgʻonga chiqargan narsalariga iymon keltirmadilar».
Alloh taoloning barhaq Paygʻambarlari oʻzlarining haq ekanliklariga ochiq-oydin hujjat va burhonlar olib kelganlarida ham, avval boshda iymonga kelmaganlar yana iymonga kelmadilar. Avvalgi kufr va isyonlari sababidan, keyin ham haq yoʻlga yurish ularga nasib qilmadi.
«Alloh shunday qilib kofirlar qalbiga muhr bosdi».
Natijada, ular oʻzlari uchun foydali ishni qabul qilmay, zalolatda mahkam turib oladilar va oʻzlarini halokatga tomon boshlaydilar. Bunday boʻlishlarining sababi keyingi oyati karimada zikr etiladi: