۞ وَٱكْتُبْ لَنَا فِى هَـٰذِهِ ٱلدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِى ٱلْـَٔاخِرَةِ إِنَّا هُدْنَآ إِلَيْكَ ۚ قَالَ عَذَابِىٓ أُصِيبُ بِهِۦ مَنْ أَشَآءُ ۖ وَرَحْمَتِى وَسِعَتْ كُلَّ شَىْءٍ ۚ فَسَأَكْتُبُهَا لِلَّذِينَ يَتَّقُونَ وَيُؤْتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَٱلَّذِينَ هُم بِـَٔايَـٰتِنَا يُؤْمِنُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozib qo`y. Biz Sening O`zingga tavba qildik», – dedi. U zot: «Azobim ila kimni xohlasam, tutaman. Rahmatim esa, hamma narsadan kengdir. Uni taqvo qilganlarga, zakot berganlarga, oyatlarimizga iymon keltirganlarga yozajakman.Ва бизга бу дунёда ҳам, охиратда ҳам яхшиликни ёзиб қўй. Биз Сенинг Ўзингга тавба қилдик», – деди. У зот: «Азобим ила кимни хоҳласам, тутаман. Раҳматим эса, ҳамма нарсадан кенгдир. Уни тақво қилганларга, закот берганларга, оятларимизга иймон келтирганларга ёзажакман.Alauddin Mansour: Bizlar uchun bu dunyoda ham, Oxiratda ham yaxshilik yozgin. Oʻzingga tavba qildik». (Alloh) aytdi: «Azobimni oʻzim xohlagan kimsaga yetkazurman. Rahmatim — mehribonligim esa hamma narsadan kengdir. Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga iymon keltirguvchi boʻlgan kishilarga yozurman.Бизлар учун бу дунёда ҳам, Охиратда ҳам яхшилик ёзгин. Ўзингга тавба қилдик». (Аллоҳ) айтди: «Азобимни ўзим хоҳлаган кимсага етказурман. Раҳматим — меҳрибонлигим эса ҳамма нарсадан кенгдир. Мен уни (раҳматимни) тақво қиладиган, закотни берадиган зотларга ва Бизнинг оятларимизга иймон келтиргувчи бўлган кишиларга ёзурман.
Muso alayhissalom oʻz soʻzlarida davom etib, Allohga iltijo qilganlari koʻyi:
«Va bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozib qoʻy. Biz Sening Oʻzingga tavba qildik»,–dedilar.
Allohdan gunohlarini kechishini soʻraganlaridan soʻng, u zot ikki dunyoning yaxshiligini ham soʻradilar. Faqat oxiratninggina emas, bu dunyo va u dunyoning ham yaxshiliklarini soʻradilar. Bu hammaga oʻrnak boʻlishi kerak. Muso alayhissalom tanlab olingan yetmish nafar nomidan qilgan iltijolari oxirida «Biz Sening Oʻzingga tavba qildik», dedilar.
Alloh taolo bu iltijoga javoban Oʻz Zotiga xos boʻlgan umumiy qonuniyatni bayon qildi:
«Azobim ila kimni xohlasam, tutaman. Rahmatim esa, hamma narsadan kengdir».
Yaʼni, istagan bandamni azoblayman (oʻz navbatida, iymon keltirmagan va gunohkor boʻlganlarni azoblashini ham aytib qoʻygan). Allohning rahmati esa, juda ham keng, Oʻzi xalq qilgan bu dunyodan ham keng. Uning rahmati moʻminga ham, kofirga ham, taqiyga ham va osiyga ham shomildir.
Shuningdek, Alloh taolo Oʻz rahmatini yozib qoʻyadigan, alohida baxtga sazovor etadigan bandalarining sifatlarini ham zikr qilib oʻtmoqda:
«Uni taqvo qilganlarga, zakot berganlarga, oyatlarimizga iymon keltirganlarga yozajakman».
Alloh taoloning rahmatiga shubhasiz sazovor boʻlishi, uning rahmati yozilib qolishi uchun banda bir necha sifatlarga ega boʻlishi lozimligi shart qilinmoqda:
Birinchisi–taqvo qilish. Yaʼni, Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash.
Ikkinchisi–zakot berish. Yaʼni, Allohga moliyaviy ibodat qilish.
Uchinchisi–Allohning oyatlariga iymon keltirish.
Toʻrtinchisi–Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashish.
Ushbu toʻrtinchi shart ikkinchi oyatda bayon qilinmoqda: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir qancha vasflarini zikr qilib, oʻshandek taʼrifga sohib boʻlgan Paygʻambarlarga Allohning rahmati yozilajagi haqida xabar berilmoqda. Demak, Allohning rahmati yoziladigan odamlar quyidagi sifatlarga ega Paygʻambarga ergashadilar:
«Oʻz huzurlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holida topiladigan».
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sifatlari haqiqiy Tavrot va haqiqiy Injilda yozilgan. Shunday boʻlishini Alloh tao-lo qadimda Muso alayhissalom bilan birga miyqotga kelgan Bani Isroilning yetmishta vakiliga ham aytgan. Keyinchalik shunday boʻldi ham. Qanchadan-qancha ahli kitoblar yoki bu kitoblardan boʻlajak Paygʻambarning sifatlari haqida maʼlumot olganlar Muhammad sollallohu alayhini vasallam koʻrishlari bilan iymonga keldilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning maqtalgan sifatlaridan yana biri:
«ularni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradigan» Paygʻambar ekanliklaridir.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan boʻlsalar, oʻsha narsa bandalarning ikki dunyosi uchun ham yaxshilik boʻladi. Barcha uchun umumiy boʻlgan bu qoidani hech unutmaslik kerak. Baʼzi vaqtlarda insonga buyurilgan narsadan kelib chiqadigan yaxshilik sezilmasligi mumkin. Ammo, bu oʻsha buyurilgan narsada yaxshilik yoʻqligidan emas, balki koʻzlangan yaxshilikni inson anglab yetmaganidandir. Tajribaning koʻrsatishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyurgan ishlarning natijasi, oʻsha ishni bajaruvchi shaxsning nabirasi yoki undan keyingi avlodida zohir boʻlishi mumkin ekan. Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam nimadan qaytargan boʻlsalar, oʻsha narsa, albatta, yomon boʻladi. Bu ham barcha uchun umumiy qoidadir.
Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yana bir sifatlari:
«Ularga pokiza narsalarni halol qilib, nopok narsalarni harom qiladigan» Paygʻambar ekanliklaridir.
Bu ham barcha uchun umumiy qoida. Muhammad sollallohu alayhi vasallam nimani halol qilgan boʻlsalar, oʻsha narsa pokdir. Pok narsa esa, shubhasiz, foydalidir. Paygʻambarimiz nimaniki harom qilgan boʻlsalar, demak, ular Islom shariati harom qilgan narsalar boʻlib, hammasi nopokdir. Nopok narsa zararlidir. Zarari darhol koʻrinishi yoxud bir oz fursatdan keyin namoyon boʻlishi mumkin. Shuningdek, bir necha avloddan keyin ham zohir etishi ehtimol. Shuning uchun, turli andishalarga bormay, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam harom qilgan narsalardan doimo xazar qilish, ulardan uzoqda boʻlish shart.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu oyatda Bani Isroilning yetmish vakili orqali hammaga eʼlon qilinayotgan sifatlaridan yana biri, kishilarning
«ustilaridagi yukni yengillatib, kishanlarni yechadigan» Paygʻambar ekanliklaridir.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam Paygʻambar boʻlib kelgunlaricha, turli tuzum va hukmlar xalqlar yelkasida ogʻir yuk boʻlib, qoʻl-oyoqlariga kishan bogʻlab turar edi. Bu hol hattoki ushbu soʻzlar bevosita qaratilgan, ilohiy kitob, Paygʻambar va shariat sohibi boʻlgan Bani Isroil ustida ham bor edi. Misol uchun, Bani Isroildan kimning kiyimiga najosat tegsa, uning oʻrni kesib tashlanmaguncha kiyimi pok hisoblanmasdi. Ular urushda oʻljaga tushgan narsalarni kuydirib yuborishlari kerak edi. Bani Isroildan gunoh qilgan odamlarning eshiklariga aybdor kishi qanday yoʻl tutsa, gunohi avf boʻlishi yozilib qolardi. Chunonchi, gunohkor koʻzini oʻyib olish yozilsa, oʻz koʻzini oʻyib olar edi. Boshqalarda bundan ham battar hukmlar mavjud edi. Ushbu oyati karimada zikr qilingan bashorat haqiqatga aylanib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Paygʻambar boʻlib keldilar va insoniyat yelkasidagi mazkur ogʻir yuklarni olib tashlab, qoʻl-oyogʻidagi kishanlarni parchaladilar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yana bir sifatlari,
«ummiy» ekanliklaridir. Yaʼni, onadan qanday tugʻilgan boʻlsalar, shunday–na oʻqish va na yozishni oʻrganmay oʻsganliklaridir. Bu sifat u zotning oʻzlariga xos boʻlib, haqiqiy Paygʻambar ekanliklarini tasdiqlovchi moʻʼjizadir. Hammaga maʼlum va mashhur «ummiy»dan Qurʼondek moʻʼjiza kalomning eshitilishi, turli hukm va bashoratlar chiqishi ul zotning yagona Allohning Paygʻambari ekanliklariga dalolat qilmasa, nimaga dalolat qiladi?!
Alloh Muso alayhissalom boshliq Bani Isroildan tanlab olingan yetmish nafar vakilga ushbularni aytdi va oxirida:
«Bas, unga iymon keltirib, yordam berib va uni qoʻllab-quvvatlagan hamda unga nozil boʻlgan nurga ergashganlar–ana oʻshalar najot topguvchilardir»,–dedi.
Yaʼni, Tavrot va Injil ahllaridan kim najot topaman degan niyatda boʻlsa, boshqalar qatori Muhammad sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirsin, u zotga, u zotning diniga madad bersin, qoʻllab-quvvatlasin va u zotga nozil boʻlgan nurga–Qurʼoni Karimga ergashsin, ana oʻshandagina najot topguvchilardan boʻladilar.
Afsus, ming afsuski, qadimda Muso alayhissalomga va tanlangan yetmish nafar vakilga miyqot chogʻi aytilgan bu ilohiy tavsiyalarga na Tavrot ahli boʻlmish yahudiylar va na Injil ahli masihiylar amal qildilar. Aksincha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Paygʻambar boʻlib kelganlaridan toki hozirgi kungacha u zotning shaxslariga, dinlariga va ummatlariga qoʻllaridan kelgan barcha yovuzliklarni qilishdan bir daqiqa ham toʻxtaganlari yoʻq. Bu bilan ular oʻzlari uchun ochilgan najot yoʻlini berkitmoqdalar, xolos.
Soʻngra, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga murojaat etib, odamlarga quyidagi xitobni yetkazishni buyurmoqda: