وَلَوْ شِئْنَا لَرَفَعْنَـٰهُ بِهَا وَلَـٰكِنَّهُۥٓ أَخْلَدَ إِلَى ٱلْأَرْضِ وَٱتَّبَعَ هَوَىٰهُ ۚ فَمَثَلُهُۥ كَمَثَلِ ٱلْكَلْبِ إِن تَحْمِلْ عَلَيْهِ يَلْهَثْ أَوْ تَتْرُكْهُ يَلْهَث ۚ ذَّٰلِكَ مَثَلُ ٱلْقَوْمِ ٱلَّذِينَ كَذَّبُوا۟ بِـَٔايَـٰتِنَا ۚ فَٱقْصُصِ ٱلْقَصَصَ لَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar xohlasak, uni o`sha(oyat)lar bilan ko`tarar edik. Lekin uning o`zi yerga yopishdi va havoyi nafsiga ergashdi. Bas, uning misoli xuddi bir itga o`xshar, uni haydasang ham, tilini osiltirib turaveradir, tek qo`ysang ham, tilini osiltirib turaveradir. Bu, Bizning oyatlarimizni yolg`onga chiqargan qavmlarning misolidir. Bu qissani hikoya qil, shoyadki, tafakkur qilsalar.Агар хоҳласак, уни ўша(оят)лар билан кўтарар эдик. Лекин унинг ўзи ерга ёпишди ва ҳавойи нафсига эргашди. Бас, унинг мисоли худди бир итга ўхшар, уни ҳайдасанг ҳам, тилини осилтириб тураверадир, тек қўйсанг ҳам, тилини осилтириб тураверадир. Бу, Бизнинг оятларимизни ёлғонга чиқарган қавмларнинг мисолидир. Бу қиссани ҳикоя қил, шоядки, тафаккур қилсалар.Alauddin Mansour: Agar xohlasak uni oʻsha oyatlar sababli (yuqori darajalarga) koʻtargan boʻlur edik. Lekin u yerga (yaʼni, molu dunyoga) berildi va havoyi-nafsiga ergashdi. Bas, uning misoli xuddi bir itga oʻxshaydiki, uni haydasang ham tilini osiltirib turaveradi yoki (oʻz holiga) qoʻysang ham tilini osiltirib turaveradi. Bu Bizning oyatlarimizni yolgʻon degan kimsalarning misolidir. Ular tafakkur qilsinlar uchun bu qissalarni soʻylang.Агар хоҳласак уни ўша оятлар сабабли (юқори даражаларга) кўтарган бўлур эдик. Лекин у ерга (яъни, молу дунёга) берилди ва ҳавойи-нафсига эргашди. Бас, унинг мисоли худди бир итга ўхшайдики, уни ҳайдасанг ҳам тилини осилтириб тураверади ёки (ўз ҳолига) қўйсанг ҳам тилини осилтириб тураверади. Бу Бизнинг оятларимизни ёлғон деган кимсаларнинг мисолидир. Улар тафаккур қилсинлар учун бу қиссаларни сўйланг.
Diniy ilmdan xabardor boʻla turib, unga amal qilmaganlarning taʼrifi Qurʼoni Karimning ajoyib uslubiga xos tarzda ifodalanmoqda. Aslini olganda, diniy ilm Alloh tomonidan bandaga beriladigan ulkan neʼmatdir. Bu ilm oʻsha odamni, agar u oʻzini ham, ilmini ham xor qilmasa, yuksak martabalarga koʻtarishi muqarrar.
«Agar xohlasak, uni oʻsha(oyat)lar bilan koʻtarar edik».
Yaʼni, agar uning martabasini yuksaltirishni xohlasak, «oʻsha oyatlar»–diniy ilmlar bilan martabasini koʻtarar edik. Ilmiga amal qilganida, inson yetishi mumkin boʻlgan eng yuqori martabaga erishar, Paygʻambarlarning merosxoʻri boʻlar edi.
«Lekin uning oʻzi yerga yopishdi va havoyi nafsiga ergashdi».
Yuksalishini xohlamadi, bilgan ilmini oyoqosti qildi. Havoyi nafsi aroq ich, desa, aroq ichdi; harom ye, desa, harom yedi; yolgʻon gapir, desa, yolgʻon gapirdi; notoʻgʻri fatvo ber, desa, notoʻgʻri fatvo berdi; hukmdorning koʻngli nimani tusasa, shariatning oyoq-qoʻlini bogʻlab keltirdi. Bu dunyoning chiriyajak matohini deb yerga qapishdi. Molu dunyo, dedi. Amal-mansab, dedi. Kattakonlarning koʻngli, dedi. Allohning emas, ularning rozichiligi, dedi. Havoyi nafsining gapiga kirdi. Oxiri borib, axlat uyumi oralab, tilini osiltirib yurgan itga oʻxshab qoldi.
«Bas, uning misoli xuddi bir itga oʻxshaydi, uni haydasang ham, tilini osiltirib turaveradir, tek qoʻysang ham, tilini osiltirib turaveradir».
Nima qilib boʻlsa ham, tashlangan axlatni titib yesa boʻldi.
«Bu, Bizning oyatlarimizni yolgʻonga chiqargan qavmlarning misolidir»,–deydi Alloh taolo oyatning davomida.
Oyatlarni taʼlim olib oʻrgangan odam, bilib turib ularga amal qilmasa, ularni yolgʻonga chiqargan boʻladi. Agar ularni rost desa, amal qilish kerak edi.
Oyati karimaning oxirida Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Bu qissani hikoya qil, shoyadki, tafakkur qilsalar»,–deydi.
Chunki, ushbu oyatlar tushayotgan paytdagi qavmlarga ham Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam orqali Oʻz oyatlarini nozil qilayotgan edi. Ular mazkur qissani tinglasalar, Qurʼon oyatlaridan oʻzlarini chetga olmasliklariga sabab boʻlishi mumkin. Bu hol ulardan keyin keladigan avlodlarga ham to qiyomat lahzalarigacha taalluqlidir.