۞ يَـٰبَنِىٓ ءَادَمَ خُذُوا۟ زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ وَكُلُوا۟ وَٱشْرَبُوا۟ وَلَا تُسْرِفُوٓا۟ ۚ إِنَّهُۥ لَا يُحِبُّ ٱلْمُسْرِفِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog`ida o`z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas.Эй, Одам болалари, ҳар бир ибодат чоғида ўз зийнатингизни олинг. Еб-ичинг ва исроф қилманг. Чунки, У исроф қилувчиларни севмас.Alauddin Mansour: Ey Odam bolalari, har bir sajda chogʻida ziynatlaningiz (yaʼni, toza libosda boʻlingiz) hamda (xohlaganingizcha) yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar. Zotan, U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas.Эй Одам болалари, ҳар бир сажда чоғида зийнатланингиз (яъни, тоза либосда бўлингиз) ҳамда (хоҳлаганингизча) еб-ичаверинглар, фақат исроф қилманглар. Зотан, У исроф қилгувчи кимсаларни севмас.
Oʻtgan oyati karima tafsirida kelganidek, kiyimsiz holda ibodattavof qilish yoxud janda, yirtiq-yamoq kiyim bilan bajarish ibodat fazli va savobini ziyoda etmaydi. Lekin tabiati buzuq kishilar buzuq dindorlikka urinadilar, taqvoni juldur kiyimlar ila hosil boʻladigan etib koʻrsatishga harakat qiladilar. Alloh taolo esa, engilboshda haddan oshib faxr va gʻururga ketishni qoralaganidek, uning past va tabiatsiz holda isteʼmol qilinishini ham qoralaydi.
«Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chogʻida oʻz ziynatingizni oling».
Avvalo, avratingiz toʻsiq ortida boʻlsin, qolaversa, ibodat chogʻi–Robbingiz ila boʻladigan muloqot chogʻi goʻzal alfozda boʻlganingiz afzal. Oʻtgan baʼzi azizlar ushbu amrga itoat maʼnosida namoz uchun alohida goʻzal kiyim tayyorlab qoʻyganlar.
«Yeb-iching va isrof qilmang».
Yuqorida zikr qilingan buzuq dindorlikning bir koʻrinishi, oziq-ovqatga munosabatda ham zohir boʻladi. Baʼzi buzuq tabiatli odamlar yaxshi taom isteʼmol qilmaslikni taqvodorlikning choʻqqisi sifatida koʻrsatishga urinadilar. Alloh taolo faqat yemish gʻamida, doimo uning lazzatlisini axtaruvchi qorin bandasi boʻlishni qoralaganidek, laziz taomlardan oʻzini tiyib, sifatsizinigina ixtiyor qilishni ham qattiq qoralaydi. Arab mushriklarida haj mavsumida yaxshi taomlarni yemay qoʻyish odati bor ekan. Oyati karima oʻsha odatni ham tanqid qiladi.
«Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas».
Yeb-ichish gunoh emas, isrof qilish gunohdir.
Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Seni ikki xislat–faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar.
Afsuski, baʼzi kishilar yeb-ichishning xilma-xil va koʻp boʻlishini hayotning asosiy mezoni deb bilsalar, boshqa kishilar xususan, bizda odamlar oziq-ovqatni isrof qilish deganda, yemay tashlab yuborishni tushunadilar. Bu, aslida, toʻgʻri. Ammo, keragidan ortiq yemoq ham isrofdir. Yeb-ichish kerak ekan deb, qorin bandasi boʻlish ham Islomga, musulmonga munosib emas.
Imom Ahmad ibn Hanbal va imom Termiziylar Miqdom ibn Maʼdiykarab al-Kindiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi toʻldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini turgizadigan yemaklar yetadi. Agar juda lozim boʻlsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va havosi uchun uchdan bir», deganlar.
Bugungi kunda oziq-ovqatni isrof darajada ziyod isteʼmol qilishning sogʻlikka asorati yaqqol namoyon boʻldi. Hozirgi davrning koʻpgina xastaliklariga ushbu isrofgarchilik sabab boʻlmoqda. Bu haqiqatni Qurʼoni Majiyddan uzoq boʻlgan gʻayridinlar ham tushunib yetdilar. Qadimda yahudiylardan biri xulafodan biriga: «Sizlarning Qurʼoningizning yarim oyatiga butun tib ilmi joylashgan», deb ushbu oyati karimani oʻqigan ekan. Ming afsuski, Qurʼon ahliman, deb yurganlardan aksariyatimiz bu haqiqatni tushunib yetmaymiz. Islom har bir sohada moʻʼtadillik yoʻlini tutganidek, oziq-ovqat va kiyim-bosh masalasida ham musulmonlardan moʻʼtadil boʻlishni talab qiladi.